Qashqadaryoda uyidagi pullarni o‘g‘irlash maqsadida jinoiy guruhni yollab, erining o‘limiga sababchi bo‘lgan ayolga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani, Shakarteri qishlog‘ida yashovchi tadbirkor H.M. 26-martga o‘tar kechasi  jinoiy guruh a’zolari tomonidan o‘ldirib ketilgan.

Tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, H.M.ning turmush o‘rtog‘i uning U.S. ismli erkak bilan ishqiy munosabatidan xabar topganini bilib qolgan. Shu sababli ayol oilada yuzaga kelgan kelishmovchilik sababli uyida saqlanayotgan pul mablag‘larini qo‘lga kiritib, qochib ketish rejasini tuzgan va U.S.ga ishonchli odamlarni topib, bosqinchilik qilish topshirig‘ini bergan.

Topshiriqqa ko‘ra tuzilgan jinoiy guruh pichoq va yog‘och bo‘laklari bilan qurollanib, 26-martga o‘tar kechasi H.M.ning uyiga kelgan. Bosqinchilik sodir etilgan vaqtda uyg‘onib qolgan uy egasini o‘ldirgan shaxslar seyfdagi taxminan 850 million so‘m pul mablag‘larini olib ketgan. Shuningdek, ular shovqindan uyg‘onib, otasini himoya qilmoqchi bo‘lgan voyaga yetmagan bolani  ham kaltaklagan. Bola ularga kuchi yetmasligini bilib, qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, H.M.ning o‘limiga tanasining 44 joyidan pichoqlangani sabab bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudining hukmiga ko‘ra, marhumning rafiqasi 13 yil 4 oyga, fuqaro U.S. esa 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Shuningdek, guruhning boshqa a’zolari — fuqaro B.S. 21 yil 6 oyga, A.I. va J.X.ga 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Avvalroq Samarqandda qo‘shnisini o‘ldirish uchun qotil yollagan erkak qo‘lga olingani, Asakada erini o‘ldirish uchun 50 ming dollarga odam yollagan ayol qayta qamoqqa olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.