Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent davlat texnika universitetining 54-talabalar turar joyini borib ko‘rdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, ushbu yotoqxona umumiy sig‘imi 446 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, yaqinda kapital ta’mirdan chiqarilgan, zamonaviy jihozlangan.

Ko‘zdan kechirish jarayonida binoda internet tezligi yetarli emasligi, sport zal yo‘qligiga, shuningdek, talabalar darsliklar bilan to‘liq ta’minlanmagani, badiiy adabiyotlar tanqisligi, dars tayyorlashga mo‘ljallangan xonalarda gilam va yoritgich yetishmasligi, ma’naviyat xonasidan deyarli foydalanmaslik holatiga guvoh bo‘lingan.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati

Vazir barchasi o‘g‘il bolalardan iborat mazkur yotoqxona talabalari bilan samimiy suhbatda bo‘lgan. Suhbat davomida vazir bugun ulardan kutilayotgan narsa, avvalo, o‘zlari yashayotgan hamda ta’lim-tarbiya olayotgan maskanlarini hurmat qilishlari va o‘z uylaridek tutishlari, undan keyin oldilariga qo‘ygan maqsad sari faqat va faqat oldinga harakatda bo‘lishlari zarurligini uqtirgan.

“Yaxshi mutaxassis kadr bo‘lishingiz uchun o‘z ustingizda muntazam ishlashingiz, ko‘proq mehnat qilishingiz lozim. Bu, albatta, ertaga o‘z mevasini beradi”, — deydi Toshqulov.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati

O‘rganishlar so‘ngida vazir mazkur oliy ta’lim muassasasi rahbariyatiga qisqa muddatda yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan topshiriq bergan.

2021-yilning 14-yanvar kuni oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimini egallagan Abduqodir Toshqulov avvalroq yotoqxonalarda o‘g‘il bolalar va qizlarning bitta qavatda yashashini, OTMlarning aloqa telefonlari ishlamasligini, vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan bir qator rektorlarni tanqid qilgani haqida xabar berilgandi. Vazir oliy ta’lim muassasasida hammasini isloh qilish uchun atigi 3 oy yetarli ekanini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentning Yunusobod tumanidagi uylarning birida ijarada yashovchi besh nafar talaba 27-fevral kuni is gazidan zaharlanib, vafot etgandi. Talabalar bilan qonuniy ijara shartnomasi tuzmay, ularni hayot uchun xavfli va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmagan uyiga ijaraga qo‘yib, ularning o‘limiga sababchi bo‘lgan ayolga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.

Ushbu fojiadan so‘ng talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash muammosi parlament darajasida muhokama qilindi, rektorlar ijarada yashaydigan talabalarning holidan xabar ola boshladi, fojiadan keyin bir qator universitetlar talabalar uchun mo‘ljallangan yangi turar joylarni foydalanishga topshirdi.