Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev “Talabaga madad” loyihasi doirasida talaba-yoshlarning kontraktini to‘lab, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha eng faol hokimliklar reytingini e’lon qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ma’lum qilinishicha, iqtisodiy-ijtimoiy muammolarga duch kelayotgan, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qaysi “tuman-shahar hokimlari eng faol ekani”, hududlarga nisbatan eng ko‘p talabaga yordam bergan hokimlar reytingi shakllantirilgan.

Unga ko‘ra, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimligi eng ko‘p talabaga moddiy ko‘mak ko‘rsatgan (242 nafar talaba — 662,7 million so‘m). Eng ko‘p kontrakt miqdorini esa Navoiy shahri hokimligi to‘lagan (176 nafar talabaga — 807,2 million so‘m).

Foto: Telegram / Alisher Sa’dullayev

“Talaba-yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur tizimni tushunib, yoshlar bilan ishlashga harakat qilib, ularning muammolarini tinglagani, talabalarga ilm olishida ko‘mak bergani uchun ushbu hokimliklarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz! Bu tizimni yanada takomillashtirish ustida ishlayapmiz, jarayon hali davom etadi”, — deb yozadi Alisher Sa’dullayev.

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, respublika bo‘yicha 6 ta tumanda loyiha doirasida murojaat qilgan talabalarning birortasiga kontrakt pullari to‘lab berilmagan. “Yoshlarning manfaati uchun bu bo‘yicha tegishli choralarni ko‘ramiz”, — deb yozadi u.

Avvalroq O‘zbekiston OTMlarida 1-bosqich talabalari uchun kontrakt to‘lash muddati uzaytirilishi mumkinligi, endi abituriyentlarning maktabdagi baholari OTMga kirishda hisobga olinishi, O‘zbekiston OTMlarida 2021/2022-o‘quv yili uchun super-kontrakt miqdorlari tasdiqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.