24-noyabr kuni Shvetsiya hukumati rahbari lavozimiga birinchi marta ayol kishi — Shvetsiya Sotsial-demokratik ishchi partiyasi rahbari va moliya vaziri Magdalena Andersson saylangan edi. U Yashillar partiyasining hukumatdan chiqish to‘g‘risidagi qarori bilan bog‘liq holda Vazirlar Mahkamasida bo‘linish yuz bergani tufayli yetti soatdan keyin o‘z lavozimini tark etdi, deb yozadi “RBK”.

Mgdalena Anderrson

Foto: EPA

Anderssonning iste’fosi parlament spikeri tomonidan ma’qullangan. “Spiker Andreas Norlen bosh vazir Magdalena Anderssonning iste’foga chiqish haqidagi arizasini qabul qildi va ma’qulladi. Spiker vaziyatni muhokama qilish uchun partiya yetakchilari bilan bog‘lanadi va davom etayotgan hukumatni shakllantirish jarayoni haqida payshanba (25-noyabr) kuni tushdan keyin nutq so‘zlaydi”, — deyiladi parlament bayonotida.

Mazkur holat Shvetsiyada taxminan olti oydan beri davom etayotgan hukumat inqirozining davomi bo‘ldi. Bu mamlakat parlamentida (riksdag) bosh vazir ma’qullaydigan kuchlarning muvozanati bilan bog‘liq. Andersson boshchiligidagi Sotsial-demokratik partiya hozirda riksdagdagi o‘rinlarning uchdan biridan kamrog‘iga (100) egalik qiladi, Yashillar partiyasi esa 349 tadan atigi 16 ta ovoz olgan. Shunga qaramay, Shvetsiya hukumati ushbu ikki partiyaning koalitsiyasi asosida tuzilgan edi.

Shvetsiyada hukumatni shakllantirish tamoyillariga ko‘ra, bosh vazir saylanish uchun ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatlash ovozini olishi shart emas: agar parlament a’zolarining ko‘pchiligi unga qarshi ovoz bermasa, shuning o‘zi kifoya. 24-noyabr kungi ovoz berishda Andersson bu natijaga erishdi — o‘z partiyasidagi va Yashillar partiyasidagi a’zolar to‘liq tarkibda unga ovoz berdi. Ovoz berish jarayonida yana ikki fraksiya – So‘l va Markaziy partiyalar betaraf qoldi. Natijada Anderrsonga 117 ta ma’qullash, 57 ta betaraflik va 174 ta qarshilik ovozi berilgan va shunga mos ravishda u hukumat rahbari etib saylangan edi.

Yashillar va Sotsial-demokratlar partiyasidan tuzilgan Andersson boshchiligidagi koalitsion hukumatning bo‘linishiga parlamentdagi budjet masalasi bo‘yicha ovoz berish natijasi sabab bo‘ldi. Yashillar taklif etilgan loyihani qo‘llab-quvvatlamadi va koalitsiyadan chiqishini e’lon qildi, bu  avtomatik ravishda hukumat iste’fosini anglatadi.

Shu bilan birga, Yashillar Andersson boshchiligidagi sotsial-demokratlarning bir partiyaviy hukumati tuzilishiga e’tiroz bildirmasligini ham ma’lum qilgan. Agar boshqa partiyalarning ovozlar balansi o‘zgarmasa, hatto riksdagdagi 349 o‘rindan 100 tasini egallagan sotsial-demokratlarning ham ovozi Anderssonni bosh vazir lavozimiga qayta tasdiqlash uchun yetarli bo‘ladi. “Men spikerga hali ham bosh vazir bo‘lishga tayyor ekanligimni aytdim, lekin sotsial-demokratlardan iborat bir partiyaviy hukumatda”, — deya Anderrson o‘z niyatini yana bir bor ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, Anderrson 10-noyabr kuni Shvetsiya bosh vaziri lavozimidan ozod etilgan Stefan Lyovenning o‘rnini egallagan edi.