O‘zbekistonda yil boshidan buyon benzin narxlari sezilarli darajada o‘sdi. Jumladan eng talabgir va arzon hisoblangan Ai-80 markali benzin narxining bir tonnasi 2021-yilning 10 oyi ichida 63,2 foizga oshgan. So‘nggi bir hafta ichida Ai-80 markali benzin bahosi birja savdolarida pasaygani aytilayotgan bo‘lsa-da, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida narxlar tushishi hozircha sezilmagan.

“Daryo” nashri 24-noyabr kuni Toshkent shahrining turli burchaklaridagi 10 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasida bo‘lib (shoxobchalar manzili quyidagi xaritada keltirilgan), benzin narxlarini va narxlarning o‘sishiga aholining munosabatini o‘rgandi.

Birinchi manzilimiz Janubiy vokzal yaqinidagi Miss Petrol yoqilg‘i quyish shoxobchasi bo‘ldi. Asosan qiz-ayollar xizmat ko‘rsatadigan ushbu shoxobcha avtomobillar bilan gavjum edi. Zapravkaga kiraverishdagi peshlavhada uch markadagi benzin sotilayotganiga guvoh bo‘ldik: Ai-80 – 8000 so‘m, Ai-92 – 9700 so‘m va Ai-91 – 10000 so‘m.

Miss Petrol yoqilg‘i quyish shoxobchasi.

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

Shoxobcha xodimlaridan birining aytishicha, eng ko‘p talab Ai-80 markali benzinga bo‘lib, narxlar ortgani sari xaridorlar tomonidan ko‘plab e’tirozlar bo‘lmoqda.

“Xaridorlar, ‘Benzinni nega buncha oshirib tashlayapsizlar?’, deb qattiq koyib ketayotgani yoki umuman jahl qilib quymay ketayotganlari ham bor. Ba’zilariga men oddiy ishchiman, desangiz ham gapingizni eshitmay so‘kib ketyapti”, — dedi benzin quyuvchilardan biri.

“O‘zbekneftgaz” yoqilg‘i quyish shoxobchalar tarmog‘ining Cho‘pon otadagi filialida benzin quyish uchun navbatda turgan avtomobillar.

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

“O‘zbekneftgaz” yoqilg‘i quyish shoxobchalar tarmog‘ining Cho‘ponotadagi filialida benzin quyish uchun juda katta navbat hosil bo‘lganini ko‘rdik. Haydovchilardan uzun navbatning sababini so‘ralganda, ular ushbu shoxobchada Ai-80 markadagi benzin borligi va u boshqa joylardagi yoqilg‘idan arzonligini aytgan. “O‘zbekneftgaz” zapravkalarida sotiladigan benzin markalarining bari O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va ular boshqa shoxobchalarga nisbatan arzonroq sotiladi. Shoxobchaning e’lon taxtasida Ai-80 benzin 7390 so‘m, Ai-92 benzin esa 9400 so‘mdan sotilayotgani yozib qo‘yilgandi. Ai-95, Ai-91 markali benzin va dizel yoqilg‘isi narxlari peshlavhada qayd etilmagandi. Ishchilardan biri Ai-95 markali benzin ham borligi, narxi 10 ming so‘m ekanini aytdi.

Benzin uchun navbatda turgan haydovchilar yoqilg‘i quyish shoxobchasida yarim bazan bir soatgacha kutishga majbur bo‘lishayotganini aytgan. Cho‘ponotada joylashgan zapravkadagi kabi uzun navbatga kun davomida boshqa duch kelmadik.

“O‘zbekneftgaz”ning Katta Qa’nidagi filiali

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

“O‘zbekneftgaz”ning Katta Qa’nidagi filialiga borganimizda bu yerda navbat yo‘q edi. Shoxobcha peshlavhasida benzin narxlari keltirib o‘tilgandi: Ai-80 – 7390 so‘m, Ai-92 – 9400 so‘m va Ai-95 – 10000 so‘m. Zapravka xodimidan Ai-80 haqida so‘raganimizda, bu benzin 3 kundan beri yo‘qligini ta’kidladi. “Qachon berilishini bilmayman. Agar bizga berishsa, albatta, sotamiz”, — dedi u. Ko‘p haydovchilar shoxobchadan Ai-80 benzini yo‘qligini eshitib chiqib ketgan.

Darvoqe, ushbu shoxobcha yonidagi devorga 19-noyabr kuni @inkuzart taxallusi bilan ijod qilayotgan ko‘cha rassomi Abdurahmon tomonidan surat chizilgandi. Unda do‘ppi kiygan erkak yonilg‘i quyish pistoleti yordamida boshiga “otayotgani” tasvirlangan. Oradan bir necha soat o‘tgach, internetda mazkur strit-art bo‘yab tashlangani tasvirlangan surat paydo bo‘lgandi. Biz Katta Qa’nidagi zapravkaga borganimizda surat chizilgan devorga shpaklyovka tortilganiga guvoh bo‘ldik.

@inkuzart tomonidan chizilgan surat ustidan shpaklyovka tortilgan devor

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

Qoratosh dahasidagi “Intran servis” yoqilg‘i quyish shoxobchasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Ai-80 markali benzini 8000 so‘mdan, Ai-92 markali benzin 9700 so‘mdan sotilayotgandi. Turkmanistonda ishlab chiqarilgan Ai-95 markali benzin esa 10 400 so‘mdan sotilmoqda.

“Intran servis” yoqilg‘i quyish shoxobchasi.

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

Shoxobcha xodimlaridan birining aytishicha, “benzin narxi tushadi” degan gap tarqalgandan buyon kelgan xaridorlarda savol ko‘paygan.

“Men oddiy benzin quyuvchi bo‘lsam ham, mendan qachon benzin narxi tushadi deb ko‘p so‘rashadi. Ai-80 benzini har kuni oshib ketyapti. Kecha 7900 so‘mdan sotilgandi, bugun esa 8000 mingdan sotyapmiz”, — dedi avtomobillarga benzin quyuvchi xodim.

“Tatneft” yoqilg‘i quyish shoxobchasi.

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

Qoratoshdagi “Tatneft” yoqilg‘i quyish shoxobchasida sotilayotgan benzin narxlari boshqalaridan ancha qimmat. Zapravka peshlavhasida Ai-92 — 10500 so‘m, Ai-95 – 11500 so‘m, Ai-100 – 13500 so‘mdan taklif etilayotgani yozib qo‘yilgan. Eng talabgir Ai-80 markali benzin esa 8800 so‘mdan sotilmoqda.

“Bizning shoxobchamizdagi benzinni ko‘pchilik nega qimmat deb savol beradi. Birinchidan, biz eng sifatli yevro-6 standartidagi benzinni sotamiz, ikkinchidan, benzinni vagonda emas, maxsus mashinalarda keltiramiz”, — dedi “Tatneft” mas’ul xodimi.

“Mustang” nomli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi.

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

Beruniy metrosi yaqinidagi “Mustang” avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida Turkmanistonda ishlab chiqarilgan Ai-92 benzini 9700 so‘mdan, Ai-95 esa 9700 so‘mdan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Ai-80 markali benzin esa 8200 so‘mdan sotilayotgandi.

Ushbu zapravka xodimi ham xaridorlardan ko‘p shikoyat bo‘layotganini aytib o‘tdi.

“Ai-92, Ai-95 markali benzin narxlariga deyarli e’tiroz yo‘q. Eng ko‘p savol Ai-80 benzini narxiga bo‘lyapti. ‘Benzin narxini nega oshirib yuboryapsizlar?”, degan savolni Ai-80 benzin olayotgan aksariyat xaridorlar beryapti. Ko‘pchiligi qattiq g‘azablanib gapiryapti. Biz sotib olib, yana sotamiz. Buni odamlar to‘g‘ri tushunishi kerak. Birjada arzon bo‘lsa, biz ham arzon sotamiz”, — dedi Mustang mas’ul xodimi.

Benzin yo‘qligi uchun yopib qo‘yilgan “O‘zbekneftgaz”ning Qorasaroydagi filiali.

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

“O‘zbekneftgaz”ning Qorasaroydagi filialiga borganimizda shoxobcha yopib qo‘yilganiga guvoh bo‘ldik.

“Kecha tushda Ai-80 markali, yarim kechga borib Ai-92 markali benzinimiz tugadi. Qachon benzin kelishini bilmayman. Hozir Ai-95 markali benzin bor, xolos. Lekin bu benzinga talab katta emasligi uchun shoxobchani yopib qo‘ydik”, — dedi zapravka xodimlaridan biri.

IBR petroleum avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi.

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

Yunusobod tumanidagi IBR petroleum avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi Ai-92 markali benzinni 9700 so‘mdan, Ai-95 ni 10400 so‘mdan sotmoqda. Eng talabgir Ai-80 markali benzin esa 7900 so‘mdan taklif etilgan.

Shoxobcha xodimlaridan birining aytishicha, benzin sotib olish keskin tushib ketgan.

“Benzin ko‘tarilib ketganidan buyon 10 litr oladigan haydovchilar 5 litr olmoqda. Hattoki 20 ming so‘mlik benzin quyib ketayotgan xaridorlar ham bor. Nima qilsin? Noilojlikdan sotib olmoqda. Savdo ham tushib ketdi. Xaridorlardan e’tiroz ko‘p. Biz bilan janjallashib, ishonch raqamiga ham qo‘ng‘iroq qilishmoqda. Biz tartib bo‘yicha ishlayapmiz, narxlarni ham biz oshirayotganimiz yo‘q”, – dedi u.

Shoxobcha xodimining so‘zlariga ko‘ra, ularning zapravkasi Ai-80 markali benzin sotuvidan deyarli hech qanday foyda ko‘rmaydi. Ai-80 o‘rtacha 7400 so‘mdan shoxobchalarga sotilmoqda. Unga 350 so‘m yig‘im va 100 so‘m QQS qo‘shilsa, 7850 so‘m bo‘ladi. Shoxobchaning bir litr benzin ustiga qo‘yayotgan 50 so‘m zapravkaning xarajatlarini qoplamaydi.

“Lukoyl” avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi.

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

Qorasuvda joylashgan “Lukoyl” zapravkasida 4 turdagi benzin sotilayotgandi. Ai-92 – 9990 so‘m, Ai-95 – 10290 so‘m, Ai-100 – 11790 so‘m va eng talabgir Ai-80 markali benzin 8490 so‘m etib belgilangandi.

Qo‘yliq bozori yaqinidagi “O‘zbekneftgaz” avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

Qo‘yliq bozori va “vodiy pitagi” yaqinidagi “O‘zbekneftgaz” zapravkasidagi Ai-80 va Ai-92 benzini boshqa shoxobchalari bilan bir xil narxda bo‘lsa, peshlavhada Ai-95 markali benzin narxi boshqa shoxobchalarga nisbatan 1200 so‘mga yuqori, ya’ni 11200 so‘m etib ko‘rsatilgandi.

Shoxobcha mas’ullaridan biring aytishicha, haydovchilar nima uchun benzin narxi kundan-kunga ko‘tarilib ketayotganiga javob berishni talab qilmoqda.

“Ikki kunda bir marta navbatda turamiz. Shu vaqt oralig‘ida Ai-80 markali benzin narxi 200 so‘mdan ortib bormoqda. Xaridorlarga tushuntirishga harakat qilyapmiz, hujjatlarni taqdim etib, bizga ham narxlar belgilab berilishini aytyapmiz. Kimdir tushunyapti, kimlardir esa baqir-chaqir qilib ketyapti”, – dedi xodim.

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

Reportajni tayyorlash davomida zapravka xodimlarining gapidan angladikki, benzin narxlari keskin ko‘tarilganidan aksariyat haydovchilar norozi. E’tirozlar tufayli Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi benzin narxlarini tushirish borasida choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgandi. Jumladan qo‘mita birja savdolarida Ai-80 markali avtomobil benzinining 17-noyabrdan buyon tushib kelmoqda. Benzinning birja savdolaridagi 23-noyabrdagi narxi 16-noyabrga solishtirganda 17 foizga arzonlagan. Ammo bu o‘zgarishlar zapravkalardagi benzin narxlarida hozircha sezilganicha yo‘q.

“Tatneft” shoxobchasining ma’sul xodimi benzin narxlari nima uchun pasaymayotgani va qachon tushishi haqida o‘zining shaxsiy taxminini aytdi: “Ko‘pchilik zapravkalar benzinni eski narxda sotib olib, g‘amlab qo‘ygan va o‘sha narxda sotmoqda. Menimcha, zaxiradagi yoqilg‘i sotib bo‘linganidan keyin narxlar tushsa kerak”.