Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani “Uyg‘ur” mahallasida 21-oktabr kuni fuqaro U.E. mast holatda turmush o‘rtog‘i Gulasal Hasanova bilan janjallashib, uni bir necha bor urib, tan jarohati yetkazib o‘ldirib qo‘ygan. Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) alomatlari bilan ish ochilgan, gumonlanuvchi U.E. qamoqqa olingan. Bu haqda viloyat prokuraturasi oradan bir oy o‘tib, 22-noyabr kuni — “Daryo” so‘rovidan so‘ng axborot berdi.

Bungacha marhumaning yaqinlari “Daryo” muxbiri bilan suhbatda (ular qarindoshining o‘limi yuzasidan vakolatli organlardan tayinli ma’lumot ololmagach, OAVga murojaat qilishga majbur bo‘lgan) er-xotin o‘rtasida janjallar muntazam yuz bergani, ayol bungacha kamida bir marta o‘limdan qolgani, marhumaga o‘z vaqtida himoya orderi berilgani, ammo bir parcha qog‘oz uni o‘limdan saqlab qola olmaganini so‘zlab bergan edi.

O‘likni bosim ostida “vaqtincha tiriltirgan” g‘alati anglashilmovchilik

Marhumaning otasi Komil Hasanovning so‘zlariga ko‘ra, kuyovi “Gulasalni vahshiyona tarzda urib o‘ldirgan — boshiga qattiq jism bilan urib, bosh suyaklari va burnini sindirgan, ko‘zini o‘yib olgan, yurak qismiga pichoq sanchib, qiynab o‘ldirgan”. Ota bu so‘zlarini tasdiqlovchi surat va hujjatlari borligini aytadi.

Komil Hasanovning qo‘shimcha qilishicha, kuyovi va uning yaqinlari soat 22:57 da tez yordam chaqirgan. Voqea joyiga 23:06 da yetib kelgan tez yordam xizmati xodimlari Gulasal allaqachon vafot etganini bildirib, biologik o‘limni 23:44 da qayd etgan — bularning bari tez yordam xodimlarining dastlabki ma’lumotnomasida qayd etilgan.

Ammo oradan chamasi bir yarim soatlar o‘tib (soat taxminan 01:20 da), o‘sha tez yordam xodimlari voqea joyiga qayta chaqirilgan. “Ular voqea joyiga 01:27 da yetib borib, soat 22:00—22:57 oralig‘ida vafot etgan qizimni ‘tiriltirib’, tibbiy kartasiga ‘ahvoli o‘rta’ degan qayd kiritgan. Soat 03:35 da esa o‘likni davolash uchun shifoxonaga olib borishgan”, — deydi ota. Uning ta’kidlashicha, “bu ishlarning boshida profilaktika inspektori turgan”.

Marhumaning ota-onasi — Komil Hasanov va Nodira Eshqobilova.

Foto: “Daryo”

Yakkabog‘ tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli shifokor punkti xodimlari — shifokor Nodir Usmonov va hamshira Ma’rifat Jo‘rayeva hodisa yuz bergan joyga aynan profilaktika inspektorining qistovi bilan qayta chaqirilganini rad etmadi, ammo marhumaning tibbiy kartasiga “ahvoli o‘rta” deb kiritilgan qayd anglashilmovchilik oqibati ekanini aytdi.

“Birinchi borganimizda Gulasal haqiqatan ham vafot etgan edi. Holatni qayd etib, voqea haqida profilaktika inspektoriga xabar bergach, ortga qaytdik. Voqea joyiga ikkinchi marta profilaktika inspektorining chiqirig‘i va qistovi bilan bordik”, — deydi hamshira. Inspektor ularni “marhumaning yaqinlaridan birining tobi qochib qoldi” degan vaj bilan chaqirgan, tez yordam xodimlari hadagenda kelavermagach, ularni shifokor punktidan o‘zi kelib olib ketgan.

“Voqea joyiga borganimizda esa hech kimning tobi qochmagani, biz jasadni Shahrisabzga, tibbiy ekspertizaga olib borish uchun chaqirilganimizni bildik. Shu sabab ham adashib, bemor kartasidagi ahvoli degan joyiga o‘rta deb belgi qo‘yganman. Bu anglashilmovchilik”, — dedi hamshira Ma’rifat Jo‘rayeva. Shifokor Nodir Usmonov ham “uchastkavoy” ularni “aldab, boshqa bemorning mazasi bo‘lmayapti, deb chaqirgani”ni tasdiqladi.

Foto: ”Daryo”

“‘Uchastkavoy’ bizga tez yordam mashinasiga jasadni ortib, ekspertizaga olib borasan deb talab qo‘ydi. Bu mashina o‘liklar uchunmasligini tushuntirsam ham tushunmadi. O‘sha yerdagi fuqaro kiyimidagi kishilar bilan bizga bosim o‘tkazib, o‘likni olib ketishimizni aytdi. Men boshqa bemorlar janjal qilayotgani, o‘likka shifokor kerak bo‘lmasligini, meni shifokor punktiga tashlab ketishlarini, jasadni esa hamshira va haydovchi olib ketishini aytdim va QVPda tushib qoldim”, — deydi shifokor Usmonov.

“Daryo” muxbiri vaziyat yuzasidan va unga nisbatan ilgari surilayotgan da’volar bo‘yicha izoh olish maqsadida “Uyg‘ur” mahalla profilaktika inspektorini izladi, ammo uni na hududdan, na viloyat IIB orqali topish imkoni bo‘ldi. Yakkabog‘ tumani IIB boshlig‘i Dilshod Umarov esa “Daryo” muxbirining takroriy qo‘ng‘iroqlariga javob ham bermadi.

“Uyg‘ur” mahallasi raisi Muzaffar Boymirzayevning so‘zlariga ko‘ra, u hodisa haqida eshitib, “profilaktika inspektori bilan voqea joyiga borganida, tuman IIB, tuman prokurori va mas’ullar voqea joyida vaziyatni o‘rganayotgan, marhumaning eri qattiq qo‘rquvdaligi bois nima deyayotganini o‘zi ham bilmayotgan” bo‘lgan. Ammo Komil Hasanovning ta’kidlashicha, voqea joyiga hech bir mas’ul kelmagan va umuman qizining o‘limiga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti.

Ayolning hayotini saqlab qolish mumkin... edimi?

Marhumaning onasi Nodira Eshqobilovaning aytishicha, qizi va kuyovining turmushi boshidan o‘xshamagan, ular doim janjallashgan. “To‘ydan hech qancha vaqt o‘tmay, ularning o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqandi. Har safar qizimnikiga borsam, qo‘shnilari kuyovimning badjahl ekanini aytib, hatto nevaralarimni ham ayamayotganini aytishardi”, — deydi ona.

Gulasal Hasanovaga 2016-yilda yetkazilgan tan jarohatlari.

Foto: Komil Hasanov

Gulasal Hasanovaning qiziga eri U.E. (u qizaloqning otasi) tomonidan 2016-yilda yetkazilgani aytilayotgan jarohatlar.

Foto: Komil Hasanov

Komil Hasanov ham kuyovining “naqadar vahshiyligini 2016-yilda ko‘rgani”ni eslaydi. “O‘shanda u qizimni o‘lasi qilib, qotillikka moyilligi borligini ko‘rsatgandi. Eng dahshatlisi, u hatto o‘z qizini ham ayamay, uni tishlab, og‘ir tan jarohati yetkazgandi”, — deydi ota. O‘sha voqeadan so‘ng er-xotin kuyovi bilan gaplashish uchun borgan, ammo o‘zlari kaltak ostida qolgan.

“2016-yili qizimni o‘lasi qilib urgach, dadasi bilan birga kuyovimizning oldiga bordik. Kuyovim esa yalang‘och bo‘lib, men va xo‘jaynimni quvib ketdi. Xo‘jaynimni urib, tan jarohati ham yetkazdi. Bu haqda sudga murojaat qilganimizda, sud o‘zimizni aybdor qildi”, — deydi marhumaning onasi. Otaning qo‘shimcha qilishicha, qiziga himoya orderlari berilgan, ammo ularning kuyovi tomonidan yirtib tashlanishiga mas’ullar e’tiborsizlik bilan qaragan.

“Uyg‘ur” mahallasi raisi Muzaffar Boymirzayev.

Foto: “Daryo”

Ayni vaqtda, “Uyg‘ur” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muzaffar Boymirzayev marhumaning ota-onasi aytgan gaplarni inkor etib, marhuma va uning eri o‘rtasidagi kelishmovchiliklar mahallada ko‘p marotaba muhokama qilinganini, marhumaga eridan himoyalanish uchun himoya orderi ham berilganini, himoya orderini yirtib tashlagan er esa sud tomonidan javobgarlikka tortilganini bildirdi.

Marhumaning ota-onasi bilan suhbat davomida “Daryo” muxbiri jarayon bilan tanishish davomida ko‘pchilikda tug‘ilishi mumkin bo‘lgan tabiiy bir savol bilan ularga murojaat qildi — shuncha voqeadan so‘ng ular nega qizini eridan ajratib olmagan? Javob shunday bo‘ldi: “Qizimiz ham tinchib ketar, eri bilan yaxshi bo‘lib ketar, degan umidda edik”.