“Manchester Yunayted” klubi Ralf Rangnik bosh murabbiy etib tayinlanganini e’lon qildi.

Foto: “Manchester Yunayted”

63 yoshli mutaxassis bilan mavsum so‘ngiga qadar shartnoma imzolandi. Ralf 2022-yil yozidan boshlab ikki yil davomida jamoa maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritadi.

Bunga qadar germaniyalik mutaxassis Moskvaning “Lokomotiv” jamoasida sport va rivojlanish bo‘limi rahbari sifatida faoliyat olib borayotgan edi.

Rangnik “Shtutgart”, “Gannover”, “Shalke-04”, “Hoffenhaym”, “Leypsig” kabi jamoalarda bosh murabbiy sifatida ishlagan.

“Manchester Yunayted” 20-noyabr kuni “Uotford”ga 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng, Ole-Gunnar Sulsherni iste’foga chiqardi. Sulsher “qizil iblislar”ni 2018-yil dekabr oyidan buyon jamoani boshqarib kelayotgandi. Uning o‘rnini vaqtinchalik Maykl Kerrik egallab turdi. Kerrik qo‘l ostida jamoa “Vilyarreal” (2:0) ustidan g‘alaba qozondi va “Chelsi” (1:1) bilan durang o‘ynadi.

Mankunianlar Premyer Liganing joriy mavsumida 13-turdan keyin 18 ochko to‘plagan holda 8-o‘rinda bormoqda.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!