Toshkent shahrida joylashgan korxonalarning biriga tegishli yotoqxonada sodir bo‘lgan havo-gaz aralashmasining chaqnashi oqibatida yong‘in yuzaga keldi, deb xabar beradi FVV matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 29-noyabr kuni soat 05:05 da Sergeli tumani Nilufar 3-tor ko‘chasida joylashgan “Uzmill” MChJ hududida ishchilar uchun joylashgan yotoqxonada yong‘in sodir bo‘lgan.

Voqea joyida 43 nafar ishchi bo‘lgan, yong‘in oqibatida ulardan 18 nafari har xil turdagi kuyish tan jarohati bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga joylashtirilgan. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘q.

“Voqea sodir bo‘lgan joyga 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 05:08 da yetib borib, yong‘in soat 05:29 da qurshab olingan va soat 05:43 da batamom o‘chirilgan”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, hodisa tafsilotlarini o‘rganish uchun Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari rahbarligida Toshkent shahar FVB, IIB, SSB, “Hududgaz ta’minot” rahbarlaridan iborat tezkor tergov guruhi tashkil etilgan.

Birlamchi ma’lumotga ko‘ra, havo-gaz aralashmasining chaqnashiga gaz quvurlarining nosozligi oqibatida xonaga gaz to‘planishi sabab bo‘lgan.

Avvalroq Sergelidagi omborxonalardan birida gaz portlashi oqibatida bir kishi halok bo‘lgani, Chilonzordagi ko‘p qavatli uylarning birida gaz portlagani to‘g‘risida xabar berilgandi.