XX asrning eng mashhur, ba’zilar uchun esa eng buyuk siyosatchilaridan biri Uinston Cherchill Buyuk Britaniyaning eng taniqli bosh vaziri hisoblanadi. U o‘z faoliyatini Britaniya imperiyasi dunyodagi eng qudratli davlat bo‘lgan paytida boshladi. Cherchill faoliyatini tugatayotgan vaqtda esa uning jonajon vatani allaqachon jahonning yetakchi davlati maqomini yo‘qotgandi. “Daryo” Ikkinchi jahon urushida g‘alabaga katta hissa qo‘shgan ser Uinston Cherchill haqida hikoya qiladi.

Yosh Cherchill

Uinston Leonard Spanser Cherchill 1874-yil 30-noyabr kuni Angliyaning Oksford shahri yaqinida joylashgan Blenheym mavzesida aristokratlar oilasida tavallud topadi. Сherchill ota tomondan Marlboro gersogi avlodi bo‘lsa, onasi “dollar malikalari”(yevropalik yigitlarga turmushga chiqqan amerikalik boy qizlar shunday atalgan)dan edi.

Maktabda ancha yomon o‘qigan Cherchill Oksford yoki Kembrijga hujjat ham topshirib ko‘rmaydi. Buning o‘rniga u Sandherst qirollik harbiy akademiyasiga o‘qishga yo‘l oladi.

Harbiy akademiyaga uchinchi urinishda kirishga muvaffaq bo‘lgan Cherchill 1894-yili kichik leytenant unvoniga ega bo‘ladi.

Janglar va kitoblar

Oradan bir yil o‘tib Cherchill o‘zining jurnalist va harbiy sifatida karyerasini boshlaydi. U Britaniya imperiyasi o‘z qudratining cho‘qqisiga chiqqan davrida ingliz armiyasida xizmat qiladi. Dastlab mustaqillik urushi ketayotgan Kubaga yuborilgan Uinston keyinroq, Hindistonga jo‘natiladi. Uning 1898-yili nashr etilgan birinchi kitobi (“Malakand dala kuchlari hikoyasi”) Hindistonning shimoli-g‘arbiy chegara viloyatlarida orttirgan tajribalari haqida hikoya qiladi. Shu yili Sudanga xizmat uchun jo‘natilgan Cherchill Omdurman jangida qatnashadi.

Leytenant Cherchill

Foto: Wikipedia

Harbiy xizmatni tark etib, London Morning Post gazetasiga ishga kirgan Uinston dunyo bo‘ylab sayohatni davom ettiradi. Bu safar uni Bur urushini yoritish uchun Janubiy Afrikaga yuborishadi. Cherchill Afrikaga kelishi bilanoq dushman askarlari tomonidan asirga olinadi, biroq uddaburon ingliz jurnalisti qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi. U qanday qilib hammom derazasidan qochgani va deyarli besh yuz kilometr yo‘l bosib Portugaliya mustamlakasi Mozambikka yetib borgani haqida “Londondan Pretoriya orqali Ledismitga” kitobida batafsil yozadi.

26 yoshida Angliyaga qaytib kelgan Cherchill yana beshta kitobini nashr ettiradi.

Parlamentga kirish 

Otasining ortidan siyosatga qadam qo‘ygan Uinston Cherchill 1900-yili konservatorlar partiyasidan Jamoalar palatasiga saylanadi. Ammo parlamentga saylangandan so‘ng Uinston “palatani kesib o‘tib”(parlamentga saylangan deputatning o‘z partiyasiga qarshi ovoz berib yoki o‘z qarori bilan boshqa partiyaga o‘tishi) liberal partiyaga qo‘shiladi. Konservatorlar partiyasining chuqur ijtimoiy islohotlarga qarshiligi uni shunday yo‘l tutishga majbur qiladi (keyinchalik u yana o‘z partiyasiga qaytib o‘tadi).

1908-yili Savdo palatasi prezidenti etib tayinlangan Cherchill Buyuk Britaniyaning yana bir mashhur bosh vaziri David Lloyd Jorj hukumati tarkibiga kiradi.

Aynan Lloyd Jorjga qo‘shilib Cherchill dengiz flotining kengayishiga qarshi chiqadi. Shuningdek, u qamoqxona tizimida bir qancha islohotlarni amalga oshirib, birinchi bor eng kam ish haqini joriy qiladi. Ishsizlikni kamaytirish uchun mehnat birjalari va ishsizlikdan sug‘urtalash tizimini tashkil etishda faol qatnashadi.

Yangi oliy harbiy lavozim va sharmandalik

1911-yili Admiraliyaning birinchi lordi etib tayinlangan Uinston Cherchill e’tiborini ichki siyosatdan tashqi siyosatga qaratadi. Tobora kuchayib borayotgan Germaniyaga qarshi kurashish uchun Britaniya dengiz flotini modernizatsiya qiladi. Shuningdek, Cherchill dunyodagi birinchi mustaqil havo kuchlari — Qirollik dengiz havo xizmatini tuzadi va tank ixtiro qilinishiga homiylik qiladi.

Cherchillning tayyorgarligiga qaramay Birinchi Jahon urushi boshlanishi bilan Buyuk Britaniya qiyin ahvolga tushib qoladi. Vaziyatni “Antanta”(Buyuk Britaniya, Fransiya va Rossiya ittifoqi) tarafiga og‘dirishga harakat qilgan Cherchill tez orada og‘ir mag‘lubiyatga olib kelgan harbiy kampaniyani tashkil qiladi.

Cherchill Birinchi jahon urushi davrida

Foto: Imperial War Museum

Turkiyani urushdan chiqarish va Bolqon davlatlarini ittifoqchilarga qo‘shilishga undashni maqsad qilgan Antanta kuchlari 1915-yili Turkiyaning Gallipoli yarimoroliga dengiz hujumi uyushtiradi. Biroq Turkiya Cherchill kutganidan ancha qattiqroq qarshilik ko‘rsatadi. To‘qqiz oylik operatsiya natijasida 250 ming askar halok bo‘ladi. Hujum ittifoqchilarning sharmandali chekinishi bilan yakunlanadi va Uinston Cherchill Admiraliyaning birinchi lordi lavozimidan ozod qilinadi.

Konservativlashuv

Cherchill garchi dengiz qo‘mondonligidan ketsa-da, siyosatdan ketmaydi. 1919–1922-yillarda Lloyd Jorj hukumatida urush va havo vaziri hamda mustamlakalar kotibi lavozimini egallaydi.

Bu davrda Cherchill mustamlaka ishlari kotibi sifatida Buyuk Britaniya imperiyasidan ajralishga bo‘lgan har qanday urinishni shafqatsizlik bilan bostiradi. Xususan, u Britaniya mandati hisoblanuvchi Iroqdagi kurdlar isyoniga qarshi havo kuchlaridan foydalanadi. Cherchill hatto qo‘zg‘olonlarni bostirish uchun zaharli gazdan foydalanishni taklif etadi, ammo parlament buni rad qiladi. Cherchill Britaniya mustamlakachilik siyosatining ashaddiy himoyachisiga aylandi.

Cherchill muzokara o‘tkazish uchun Londonga kelgan Hindiston mustaqillik harakati yetakchisi Mahatma Gandini haqoratlab: “yarim-yalong‘och Gandining nafaqat teng huquqli muzokaralar olib borayotganini ko‘rish, balki uni qirol saroyi zinapoyasida ko‘rishning o‘zi ham qo‘rqinchli va ko‘ngilni aynitadi” deydi.

Ayollar qurshovidagi Uinston Cherchill

Foto: Imperial War Museum

1922-yilgi saylovlarda Liberallar partiyasi mag‘lubiyatga uchragach Uinston yana konservatorlar partiyasiga qaytadi va moliya vaziri lavozimiga tayinlanadi. Biroq yetti yil keyingi saylovlarda konservatorlar yana mag‘lub bo‘lgach Uinston hukumatdan ketadi. Bu paytda u o‘ng qanot ekstremisti, xalqdan uzoq arbobga aylangandi. Siyosatdan tanaffus qilgan Cherchill rassomchilik bilan ham shug‘ullanadi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri

Buyuk Britaniya hukumatining Gitlerni “tinchlantirish” siyosatini tanqid ostiga olgan Cherchill, bosh vazir Nevill Chembrlen tomonidan Chexoslovakiyani Germaniyga berib yuborish siyosatini “kichik davlatni bo‘rilarga berish” deb ataydi.

Chexoslovakiya bilan qanoatlanmasligi aniq bo‘lgan Gitler Germaniyasi bir yil o‘tib Polshaga bostirib kiradi hamda Buyuk Britaniya va Fransiyaga qarshi urush e’lon qiladi. Urushning tobora Germaniya foydasiga hal bo‘layotgani britaniyaliklarni yangi rahbar tanlashga majbur qiladi. 1940-yil may oyida qirol Jorj VI Uinston Cherchillni Buyuk Britaniya bosh vaziri etib tayinlaydi.

Urush qahramoni

O‘zining bosh vazir sifatidagi birinchi nutqida Cherchill juda ta’sirli so‘zlaydi:

Menda qon, mehnat, ko‘z yoshlar va terdan boshqa taklif qiladigan hech narsam yo‘q. Bizni juda ko‘p davom etuvchi kurash hamda azob-uqubat kutib turibdi. Bizning siyosatimiz qanday bo‘ladi deb so‘raysizmi? Bu dengizda, quruqlikda, havoda Xudo bizga bergan bor kuch bilan insoniyat tarixida hech qachon bo‘lmagan dahshatli zulmga qarshi urush olib borish — bu bizning siyosatimiz. Maqsadimiz nima deb so‘raysizmi? Men bir so‘z bilan javob bera olaman: g‘alaba! Har qanday dahshatga, yo‘l qanchalik uzoq va mashaqqatliligiga qaramay, g‘alaba! Chunki g‘alaba omon qolishning yagona yo‘li!

Cherchill aytganidek g‘alaba sari yo‘l uzoq va mashaqqatli edi. Belgiya, Niderlandiyadan so‘ng iyun oyiga kelib Fransiya fashistlar qo‘liga o‘tadi. Iyul oyida esa Germaniya Buyuk Britaniyaga qarshi dengiz va havo hujumini olib boruvchi “Dengiz sheri” operatsiyasini boshlaydi. Norvegiya va Daniya nemislar nazoratiga o‘tgach Buyuk Britaniya Germaniya qarshisida yakka o‘zi qoladi. Angliya osmoni uzra har kuni o‘nlab havo hujumlari uyushtiriladi.

Uinston Cherchill Tehron konferensiyasida. Suratda (chapdan o‘ngga) Uinston Cherchill, Franklin Ruzvelt va Iosif Stalin. Cherchill konferensiyaga dastlab fuqaro kiyimida tashrif buyuradi, 1943-yil

Foto: Imperial War Museum

Og‘ir vaziyatga qaramay Cherchill aholi kayfiyatini ko‘tarish uchun bor imkonni ishga soladi. Mamlakatni raqib oldida birlashtirish maqsadida leyborist, konservator va liberallardan iborat koalitsion hukumat tuziladi. Bosh vazir har kuni radioda jo‘shqinlantiruvchi nutqlar so‘zlaydi. Uinston Cherchill AQSh prezidenti Fraklin Delano Ruzveltni ittifoqchilarni lend-liz dasturi doirasida o‘q-dori, qurol, tank va samolyotlar bilan ta’minlashga ko‘ndiradi. Fashizmga qarshi birga kurashish uchun SSSR bilan ittifoq tuzadi.

Ammo britaniyaliklar Cherchill xizmatlarini tez unutadi. Germaniya taslim bo‘lganidan ikki oy o‘tib bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida konservatorlar mag‘lub bo‘ladi. Urushda ittifoqchilar g‘alabasi bosh me’morlaridan biri bo‘lmish Uinston mag‘lubiyat sabab bosh vazir lavozimini tark etadi.

“Sovuq” nutq

Bosh vazirlikdan ketgach ham Cherchill faol siyosat bilan shug‘ullanishni davom ettiradi. 1946-yili AQShga tashrif buyurgan sobiq bosh vazir Fulton shahrida nutq so‘zlaydi. O‘z ma’ruzasida u Yevropa demokratiyasiga xavf soluvchi “temir parda” haqida gapiradi. Cherchill “Boltiq dengizdan Adriatika dengizigacha cho‘zilgan bu parda uning ortiga mamlakatlarni SSSR ta’sir doirasiga tushiradi va sovet davlati bosimi ostida qoldiradi” deya kommunizm qarshi ilk fikrlarni aytadi.

Cherchill Stalinning konferensiyaga harbiy kiyimda kelganini ko‘rgach zudlik bilan o‘ziga Britaniya havo kuchlari kiyimini keltirishlarini buyuradi. Suratda (chapdan o‘ngga) Iosif Stalin, Franklin Ruzvelt va Uinston Cherchill

Foto: Getty Images

Tarixchilar tomonidan aynan ushbu nutq dunyoni ikki qutbga ajratgan “Sovuq urushning” boshlanish nuqtasi deb hisoblanadi. Cherchill o‘z ma’ruzasi bilan kechagi ittifoqdoshlarni dushmanga aylantirib qo‘yadi.

1951-yilgi saylovlarda konservatorlar partiyasi g‘alaba qozongach Uinston Cherchill yana bosh vazirlik kursisini egallaydi. Ammo u endi oldingidek shijoatga to‘la emasdi. Cherchill bu paytda 77 yoshda edi.

Cherchillning ikkinchi bosh vazirlik muddati asosan mustamlakalardagi qo‘zg‘olonlarni bostirish orqali esda qoladi. Mustamlakachilik tizimining himoyachisi hisoblangan Cherchill Britaniya imperiyasi tarkibidagi mamlakatlarga mustaqillik berishga qat’iy qarshi edi. Biroq Buyuk Britaniya imperiyasi Cherchill o‘z faoliyatini boshlagan davridagi qudratga endi ega emasdi. Sobiq mustamlakalar birin-ketin mustaqillikka ega bo‘ldi.

Ancha qarib qolganligi va tashqi siyosatdagi keskin qadamlari sabab partiyadoshlari Cherchilldan iste’foga chiqishni so‘raydi. Shu tariqa 1955-yil Cherchil hukumat va partiyani butunlay tark etadi. Ammo deputatlik faoliyatini davom ettiradi.

Nobel mukofoti laureati va ritsar

Buyuk Britaniya davlati oldidagi buyuk xizmatlari uchun qirolicha Yelizaveta II 1953-yili Uinston Cherchillga Garter ordeni ritsari unvonini beradi.

Xuddi shu yili Nobel mukofoti qo‘mitasi Uinston Cherchillni “tarixiy va biografik mavzulardagi  tasvirlash mahorati hamda yuksak insoniy qadriyatlarni himoya qilishdagi ajoyib notiqligi uchun” Nobel mukofoti bilan taqdirlaydi.

Uinston Cherchill qirolicha Yelizaveta II bilan

Foto: Flickr

So‘nggi kunlar

Cherchill bir necha bor insult bilan to‘qnashadi. Sog‘lig‘ining yomonlashganiga qaramay keksa siyosiy arbob jamiyat hayotida faol bo‘lishga intiladi. Parlamentdagi faoliyatiga yakun yasagandan bir yil o‘tib, 1965-yili buyuk ingliz siyosatchisi hayotdan ko‘z yumadi. Uning dafn marosimida 112 davlat, jumladan, SSSR delegatsiyasi ishtirok etadi.

Cherchill shaxsiyati haqida turli xil qarashlar mavjud. Bir tarafdan u urush qahramoni, insoniyatni fashizm balosidan saqlab qolgan kishilardan biri. Boshqa tomondan esa mustamlaka tizimining tarafdori, ozodlik harakatlarini qonga botirgan shaxs.

Shunday bo‘lsa-da BBC nashri 2002-yilgi o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, Uinston Cherchill barcha davrlarning eng buyuk inglizlari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagan. Vatandoshlari Cherchillni eng buyuk ingliz, haqiqiy qahramon sifatida biladi.

Ajoyib kitob va nutqlari, shuningdek siyosiy ambitsiyasi orqali Uinston Cherchill jahon tarixida ham o‘z o‘riga ega insonga aylandi.