2021-yilning 2-dekabr kuni millionlab muxlislarning sevimli xonandasi Britni Spirs 40 yoshni qarshi oldi.

Foto: Pinterest

Britni Spirs 1981-yil 2-dekabrda Amerikaning Makkomb shahrida tug‘ilgan. Onasi Linn Ayren Brijes boshlang‘ich maktab o‘qituvchi bo‘lib ishlagan va aerobika bo‘yicha murabbiylik ham qilgan. Uning otasi Jeyms Parnell Spirs arxitektura muhandisi va oshpaz lavozimini egallagan. Bolaligida ota-ona qizini qo‘llab-quvvatlab, uning iste’dodini rivojlantirishga yordam berishga harakat qildi.

Foto: Pinterest

Britni besh yoshidan boshlab badiiy gimnastika bilan shug‘ullandi va xorda qo‘shiq kuyladi. Sakkiz yoshga to‘lganida esa u televizorda “Mikki Maus klubi” bolalar teleko‘rsatuvi uchun e’lon qilingan kastingni ko‘rib qoladi. Ota-onasi Britnini u yerga olib borishga rozi bo‘ladi, bo‘lajak xonandaning omadi keladi va sinovdan o‘tadi. Lekin dastur tashkilotchilarini Britnining yoshi o‘ylantirar edi. Shu tariqa Britni Nyu-Yorkdagi maktablardan biriga o‘qishga yuborildi, u yerda bo‘lajak yulduz aktyorlik mahoratini o‘zlashtirdi.

Karyera

Foto: Pinterest

Britni ilk bora katta sahnada 13 yoshida chiqish qildi, bu Star Search vokal tanlovida ishtiroki tufayli edi, ammo orzular amalga oshmadi. U faqat ikkinchi bosqichga chiqa oldi. Oradan bir yil o‘tgach, “Mikki Maus klubi” shousi ijodkorlari Britni ishtirok etishga tayyor, degan qarorga keldi. Endi orzular ushaldi deganda, bir yildan so‘ng dastur yopildi va Britni o‘z shahri va maktabiga qaytdi. Shuningdek, u qo‘shiqchi bo‘lish orzusidan voz kechmagandi. U Uitni Xyustonning bir nechta qo‘shiqlarini kuylab ko‘rdi va advokat Larri Rudolf yordamida uning ijrosi “Mikki Maus klubi”ning sobiq prodyuserlariga yetib keldi.

Foto: Pinterest

1998-yilda yosh xonanda Jive Records bilan birinchi shartnomasini imzoladi va Mak Martin uning prodyuseri bo‘ldi. Oradan bir yil o‘tib, 1999-yil yanvar oyida Britnining “Baby One More Time” deb nomlangan birinchi albomining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu to‘plam tufayli qo‘shiqchi mashhurlikka erishdi.

Endi u Amerikaning ko‘plab shaharlariga konsertlar bilan tashrif buyura boshladi, shundan so‘ng 2000-yilda “Oops! ... I Did It Again” nomli ikkinchi albomini chiqardi, bu birinchisidan kam bo‘lmagan mashhurlikka erishdi. Britni yirik kompaniyalardan takliflar ola boshladi va 2001-yilda u Pepsi reklamasida suratga tushdi. Xuddi shu yili uning “Britney” deb nomlangan uchinchi albomi chiqdi.

Shaxsiy muammolar tufayli Britni ikki yil davomida sahnaga chiqa olmadi, lekin ijodga qaytganidan so‘ng u “Toxic” qo‘shig‘ini o‘z ichiga olgan “In the Zone” albomini chiqardi – bu tarona uchun u “Gremmi” mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ammo xonandaga mashhurlikni “Femme Fatale” albomi olib kelgandi, chunki u hali sotuvga chiqmasidan avval internetda ommalashib ulgurgan.

Foto: Pinterest

2011-yilda Britni Rihanna bilan duet kuyladi, bu “S&M” qo‘shig‘ining remiksi edi. Biroq xonandalar muxlislariga va’da qilingan klipni hech qachon taqdim eta olmadi. 2016-yil avgust oyida “Slumber Party” taronasini o‘z ichiga olgan “Glory” albomi chiqdi. Albom YouTube’da mashhurlikka erishdi va Britni  bu o‘zining sevimli termalaridan biri ekanini ma’lum qildi. 2019-yilda yulduz otasining kasalligi tufayli konsert faoliyatini vaqtincha to‘xtatayotgani haqida bayonot berdi.

Oila va shaxsiy hayot

Britni Spirs va uning onasi

Foto: Pinterest

2001-yilda Britni sahnani tark etdi, chunki birinchi bo‘lib buvisi vafot etdi va birozdan keyin ota-onasi ajrashishga qaror qildi. 2007-yilda yulduz xolasidan ayrildi. Ko‘pchilik xonandani giyohvand moddalarni qabul qiladi, deb gumon qila boshladi. 2008-yilda Britni tibbiy markazga yotqizildi, chunki u hatto politsiya ishtirokida ham bolalarini eriga topshirishdan bosh tortgandi. Xonanda tekshiruvdan o‘tdi, unga ko‘ra Britnining tanasida giyohvand moddalar va spirtli ichimlik yo‘qligi aniqlandi. Ikki kundan keyin u ozodlikka chiqarildi.

Britni Spirs va Jastin Timbirleyk

Foto: Pinterest

Britni karyerasining dastlabki yillarida xonanda Jastin Timbirleyk bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. Juftlikning munosabatiga taxminan to‘rt yil – Britnining ikkinchi gastrol safaridan keyin nuqta qo‘yildi. 2004-yilda xonanda Jeyson Aleksandr bilan turmush qurdi. Biroq ikki kundan keyin endigina turmush qurganlar ajrashish uchun ariza berdi. Ushbu holatga Britnining izoh berishicha, u o‘zini shunchaki kelin kabi his qilib ko‘rmoqchi bo‘lgan.

Britni Spirs va Jeyson Aleksandr

Foto: Pinterest

2004-yilning o‘zida qo‘shiqchi ikkinchi marta turmushga chiqdi, bu safar kuyov Kevin Federlayn edi. Lekin hammasi jiddiy edi, oilada ikki farzand tug‘ildi – o‘g‘illari Shon va Jeyden. Ikkinchi tug‘ruqdan keyin Britni Kevin bilan ajrashishga qaror qildi. Bu ajrim unga juda ko‘p muammolarni keltirdi. O‘sha paytda Britni giyohvand moddalarni qabul qilishda gumon qilingani sababli uning sobiq eri vasiylikni olish uchun xonandani sudga berishga muvaffaq bo‘ldi.

Britni Spirs va Kevin Federlayn

Foto: Pinterest

2016-yilning kuzida Britnining bodibilder Sem Asgari bilan munosabatlari haqida mish-mishlar paydo bo‘ldi. Avvaliga juftlik munosabatlari haqida izoh bermadi, lekin tez orada ular turli tadbirlarda birga chiqishni boshladi. 2021-yil sentabr oyida Britni o‘zining Instagram sahifasida post joylashtirdi va kuzatuvchilariga bo‘lajak turmush o‘rtog‘ini ko‘rsatdi.

Britni Spirs va Sem Asgari

Foto: Pinterest

Vasiylik

Kevin Federlaynning bolalari bilan bog‘liq sud jarayonlarida qo‘shiqchi vaqtinchalik ruhiy ojiz deb topildi va Spirsning otasi vasiy etib tayinlandi. O‘shandan beri ota-ona qizining hayoti, jumladan, daromadi va karyerasini to‘liq nazorat qiladi. 2019-yilda Jeyms ichak operatsiyasi tufayli kasalxonaga yotqizildi va Britni yana psixiatriya muassasasiga yo‘l oldi. Ushbu voqealar tufayli Las-Vegasdagi shou rasman bekor qilindi.

Britni Spirs va uning o‘g‘illari Shon hamda Jeyden

Foto: Pinterest

Uzoq vaqt davomida qo‘shiqchi otasi bilan kurashdi va o‘z ustidan vasiylikni olib tashlashga harakat qildi. Sud majlislarining birida u otasi joylashtirgan reabilitatsiya markazida uning barcha shaxsiy buyumlari olib qo‘yilgani, kecha-yu kunduz qo‘riqlash tizimi o‘rnatilgani, shuningdek, uning do‘sti va yaqinlari bilan uchrashishga imkoni ham yo‘qligini aytdi. Avvaliga sud taniqli shaxsga dalil yetarli emasligini ma’lum qilib, otasini vasiylikdan mahrum qilishni rad etdi.

Britni Spirs va uning otasi

Foto: Pinterest

Bir muncha vaqt o‘tgach, 2021-yilning yozida Jeyms Spirs o‘z qizining vasiyligidan bosh tortdi. 2021-yil sentabr oyida Britnining otasi qizining vasiylik huquqini bekor qilish uchun sudga murojaat qilgan. Jeyms dastlab vaqtincha o‘z vazifalaridan chetlatildi. 2021-yil 13-noyabrda Los-Anjeles sudi xonandani otasining qaramog‘idan butunlay ozod qildi va Britni o‘z mulki va pullarini o‘zi boshqarish huquqiga ega bo‘ldi.

Foto: Pinterest