Malida jangarilar odamlarni mahalliy bozorga olib ketayotgan avtobusni o‘qqa tutishi oqibatida 31 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligiga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.

Foto: “Korrespondent.net”

Ta’kidlanishicha, avtobus Songo qishlog‘idan 10 kilometr uzoqlikdagi Bandiagara bozor tomon harakatlanib ketayotganida hujumga uchragan.

Qo‘shni Bankass shahri meri Mulaya Guindoning so‘zlariga ko‘ra, qurollangan shaxslar “mashinani o‘qqa tutgan, shinalarni kesgan va odamlarni otgan”.

U va o‘zining anonim qolishini so‘ragan yana bir mahalliy amaldor kamida 31 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan, shuningdek, ko‘pchilik jarohat olgan yoki bedarak yo‘qolgan.

Isyonchilarni qurollantiruvchi Mopti tumani markazida joylashgan posyolkalarning “Al-Qoida” va IShIDga aloqasi bor.

Avvalroq Nigeriyada qurolli shaxslarning masjidga qilgan hujumi oqibatida 18 kishi halok bo‘lgani, Efiopiyada noma’lum jangarilarning qishloqqa hujumi natijasida 200 dan ortiq odam vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning 18-avgust kuni Malida harbiy to‘ntarish sodir bo‘lgan edi, sentabr oyida esa mudofaa vaziri Bax Ndao vaqtinchalik prezident vazifasini bajaruvchi, Assimi Goyta vitse prezident etib tayinlangan edi. 2021-yilning 24-may kuni Bax Ndao va vaqtinchalik bosh vazir vazifasini bajaruvchi Moktar Uan harbiylar tomonidan hibsga olingandi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Afrika va Yevropa ittifoqlari, G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy kengashi (ECOWAS), AQSh, Germaniya va Buyuk Britaniya Malida qo‘lga olingan siyosatchilarni zudlik bilan ozod etishga chaqirgan. Qo‘shma bayonot mamlakatdagi BMT missiyasi tomonidan tarqatilgandi. Keyinchalik ular hibsda iste’foga chiqish haqida ariza yozgan. Mali konstitutsion sudi esa polkovnik Assimi Goytani mamlakatning vaqtinchalik prezidenti etib tayinlagan edi.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.