Qish — gazi, “svet”i yo‘q xonadonlar uchun haqiqiy sinov. Tashqarida gupullab laylak qor yog‘sa, bundan tomidan chakka o‘tmaydigan, uyida tappi, o‘tin-u ko‘mir yoqmaydigan, tutantiriq nimaligini bilmaydigan odamgina suyunsa kerak. Qahraton sovug‘i issiqdan derazasi parlanadigan, chirog‘i o‘chmaydigan, odamlari gaz ta’minotidagi uzilish nimaligini bilmaydigan o‘lkalarga yarashadi-da. O‘zbekistonda 2021-yilgi qish ham noyabrdan boshlandi. Lekin hammayam bunga hozirlik ko‘rishga, bostirmadagi pechini sozlab, mo‘risini tozalashga ulgurmagan edi. Qish — qahri qattiq beka.

Foto: “Daryo” / Shahboz Olimzoda

Qon-qarindoshni yo‘qlash va oilaviy marosim bahona vodiyga ketdim. Qamchiq dovonidagi go‘zallik, purviqor tog‘lardagi oppoq qorlar hayrati hali tarqamay, yo‘llarda o‘tin ortilgan qator-qator mashinalar, uyum-uyum ko‘mirlarni ko‘rib ta’bim xiralashdi. Vodiyga faqat yozda kelib, salqinidan yayrab qaytavergan ekanman. Qishdagi manzara esa xuddi negativ plyonkada olingan kinoga o‘xshaydi: atrof oq-qora.

Uydagilar nega qishda chaqiravermasligi, hadeganda kelib-ket deb qistamasligini tushungandek bo‘ldim. Qo‘li sovuqdan tors-tors yorilsayam, o‘tin yorib, ko‘mir, tappi yoqishdan charchamaydigan (bundan nolimaydiyam, bariga ko‘nib qo‘yaqolgan, boshqa iloji yo‘qliginiyam biladi) kelinlar o‘rniga o‘zimni qo‘ydim. Chidolmadim. Oson emaskan. Shaharlik mehmonlarning oppoq qo‘llari, chiroyli tarashlangan tirnoqlarini ko‘rgan qishloq qizlari nega uyalib, qimtinishlarini fahmlagandekman. Bu safar men qizardim.

Foto: “Daryo” / Shahboz Olimzoda

Faqat ota-onam yashaydigan mahallada gaz yo‘qmikan, desam, unday bo‘lib chiqmadi. Rishtonning qariyb hamma mahalla-qishloqlarida o‘n yil nari-berisida gaz berilishidan allaqachon umidini uzgan, nima issiqlik bersa, qishni shugina bilan o‘tkazayotgan oilalar ko‘p ekan. E’tibor berganim, o‘tin bozorlari paydo bo‘libdi, ko‘mir sotadiganlar ko‘payibdi. O‘zi gaz qazib chiqaradigan, konidagi zaxirasi hali-beri tugashi noma’lum o‘lkada o‘tin bozorlari yildan yil kengayayotgani g‘alati.

Yaqin yillardan beri paydo bo‘lgan o‘tin bozorlari.

Foto: “Daryo” / Shahboz Olimzoda

O‘tin sotuvchilaridan birining aytishicha (ismini sir tutdi), kichikroq tirkamadagi o‘tin narxi 600—700 ming so‘m atrofida. Shuncha o‘tin qancha vaqtgacha yetishi mumkin? “Xohlasangiz, bir kunda yoqib tugating. O‘zingizga bog‘liq. Endi odamlar o‘tin kamligi, narxini hisobga olib, ko‘mir, tappi bilan aralashtirib, yarim yoki bir oygacha yetkazadi. Qish tugaguncha kamida 5–6 martalab olishiga to‘g‘ri keladi”, deydi u. O‘rtahol, aytaylik, maosh hisobiga yashaydigan serfarzand oilaga to‘rt-besh arava o‘tin sotib olish qiyin masala. “Qo‘li qisqarog‘i kelsa, menam ja insofsizmasman. Yo‘lida narx aytaman. Hozir hammamizning tashvishimiz shu-ku!”, deya qo‘shimcha qiladi sotuvchi, savoldan qochmay. Qolgan o‘tinfurushlar javob berishga ro‘yixushlik bermadi. “Bizga tinchlik kerak! Bola-chaqa bor hammada”, dedi kimdir ortimdan, ketayotgan paytim.

O‘rik daraxti o‘tini yaxshi yongani uchun xaridorgir ekan. Chinorlarning urug‘i buz-buz ortidan allaqachon quritilganiga faqat o‘rikniki sotuvda.

O‘tin bozorchasining shundoq ro‘parasida ko‘mir sotilarkan. Ikki xil — Angrenniki bilan mahalliy aholi “oreshka” deydigan Qozog‘iston ko‘miri uyum qilib to‘kib qo‘yilgan. Ishchi yigitdan “Qaysi biri yaxshiroq?” deb so‘rasam, “Ikkisiniyam o‘rni bor. ‘Oreshka’ xuddi o‘tindek yonib, uyni tezda isitib beradi. Lekin cho‘g‘ ushlab turmaydi. Tezda o‘chadi. Qora ko‘mirlarimiz gazga o‘xshab sekin yonadi, bir sutkacha cho‘g‘i lo‘qillab turadi”, dedi. Ikkala ko‘mirning narxi 1460 so‘m. Bir qopi 30 kilocha tosh bosib, 43800 so‘mgacha boradi. Lekin bir qop ko‘mir oy oxirigacha yetmaydi.

Foto: “Daryo” / Shahboz Olimzoda

Ko‘mirchi yigit yaqindan beri mebel ustalaridan olinib, bir qopi 35 mingdan sotilayotgan mayda-chuyda mebel parchalari, payrahalar, yog‘och bo‘laklarini ko‘rsatdi. “Bu tutantiriq o‘rniga. Lov etib yonadi. O‘tin yoqishga qiynalmaydi odam”, deb tushuntirdi. Qarang, inson zoti sharoit, ehtiyoj ortidan nimalarni o‘ylab, muammosiga xayolga kelmas taraflardan chora izlaydi...

Pechdagi olov tezroq yonishiga yordam beradigan mebel bo‘laklari, payrahalar. Qoplab sotiladi.

Foto: “Daryo” / Shahboz Olimzoda

Ertasi kuni mahallalarni va xonadonlardagi ahvolni ko‘rgim, odamlar bilan gaplashgim keldi. “Alisher Navoiy”, “Nosgar”, “Dorul omon”, “Miskin”, “Shokir ota” MFYlarni kezdim. Ochig‘i, rishtonliklarda ikki-uch xil kayfiyatni payqayman deb o‘ylamovdim. Bir opadan “Qishni qanday o‘tkazasizlar?”, desam, “Nima, oydan tushganmisiz? O‘n yildan beri gaz “bet”ini ko‘rmagandan keyin tappi, ko‘mir yoqamiz-da!”, dedi kelganimni xushlamay. “Mahalla yoki hokimiyat nima deydi?”, desam, “Menga qarang, singlim, televizorda Yangi O‘zbekiston deyapti-a — qani o‘sha? Bizam bir ko‘raylik! Tappi bilan ko‘miri bo‘lmasa kerak-a? Devori nuragan, tutundan qoraygan, achimsiq isi ust-boshingizga chippa yopishadigan kulbaga opkiraymi sizni?”, dedi zarda aralash. Opa ham shuncha yillik alamini kimgadir sochib, hovurini bosishi kerak-ku, deb indamadim. Yarasini yangilaganim qoldi.

Foto: “Daryo” / Shahboz Olimzoda

Sal nariroqda turgan qo‘shnisi opadan farqli: “Yo‘q, hammasi joyida. Kamimiz yo‘q. Kun o‘tyapti. Shuncha yil sovuqdan o‘lmadik, umr bersa, bunisidanam o‘tvolarmiz. Endi, nimayam qilardik. Ko‘pga kelgan to‘y. Shukr, yozda tappiga ko‘mir aralashtirib, g‘amlab qo‘yamiz. Keyin qishi bilan jonimizga ora kiradi. Qo‘ying, bizning dardimizni yozaman deb boshingizni baloga qo‘ymang”, dedi o‘zi ham zo‘rma-zo‘raki kulib.

Foto: “Daryo” / Shahboz Olimzoda

Bir hovliga kirsam, uy egasi dadilroq ekan, chiroqning ko‘p o‘chayotgani, “stolba”larning eskiligi, elektr simlarning muddati allaqachon o‘tganidan arz qildi. “Bolaligimda pech, tappi nimaligini bilmay o‘sganman. Yoshim o‘tib, nevara-chevara tug‘ilgach, mana, sekin-sekin ota-buvam yashagan zamondagi narsalarni ishlatyapmiz. Tarixning aylangani shunchalikdir-da!”, dedi tomda turib.

“Tappi tayyorlashga usta bo‘p ketganmiz! — dedi boshqa amaki. — Uyat bo‘lsayam aytay, sigir-mollarimiz ‘xomashyo’ yetkazishga ulgurmayapti. Xayriyat shularning borligi. Ota-bobomiz kirza etik kiyib, tappi yasaganini aytib berardi. Ertak deb o‘ylaganmiz o‘sha kunlarni. Endi o‘zimiz ham shu ‘hunar’ni tutdik”.

Yoz bo‘yi qishga hozirlik ko‘rgan oilaning zaxirasi.

Foto: “Daryo” / Shahboz Olimzoda

Go‘ngga ko‘mirni aralashtirib, turli shakldagi (dumaloq, ovalsimon, g‘isht ko‘rinishidagi) tappilarni tayyorlashni aholi yozdan boshlaydi. Xuddi imoratga g‘isht quygandek hovlilar, ko‘chalar, oftob tikka tushadigan joylar tappiga to‘lib ketadi. Yaxshilab quritilgan, nami qochganlari birma-bir bostirma, og‘ilxona, yomg‘irdan panaga sarjindek taxlanadi.

Odamlarning yildan yil tajribasi oshayotganini ko‘mirni qayta ishlashda qo‘l kelayotganiga guvoh bo‘ldim. Ba’zilar pulni tejash, ro‘zg‘or xarajatlarini o‘ylab, ko‘mirning kukunini sotib oladi. So‘ng kukun kengroq joyga to‘kilib, suv aralashtirilib, maxsus shaklga — xuddi xamir zuvalasidek uzib olinib, bir chetga taxlanadi. Yirik ko‘mirning kilosini 1460 so‘mga olgandan ko‘ra, mehnatini aytmasa, kilosi 500 so‘mga tushadigan ko‘mir kukuni qo‘li kalta oilalarning og‘irini yengillatadi.

Ko‘mir kukunidan tayyorlangan “g‘isht-ko‘mir”lar. Ancha vaqtgacha yonib, cho‘g‘ni ushlab turadi.

Foto: “Daryo” / Shahboz Olimzoda

Mahallalarni navbati bilan aylanarkanman, aholi “pechkali qish”ga allaqachon ko‘nib, moslashib (“mas’ullardan gaz so‘rab charchaganmiz”, deydi hammasi), hatto o‘tin-ko‘mirining zaxirasini avvaldan xomcho‘tlab, bostirma-yu yerto‘la, og‘ilxonasini to‘ldirib, sovuq kunlarga shay bo‘lib yashayapti. Gaz kutganlarning hafsalasi o‘lganiga ancha bo‘libdi. Yilt etgan cho‘g‘ga hech kim aldanmoqchi emas.

Deyarli barchaning yuz-ko‘zida istehzo, “Qo‘lingdan nima ham kelardi? Ahvolimizni yozganing bilan gaz berarmidi?” degan ifoda ochiq-oshkora bilinib turardi... Ko‘chalarni oxirigacha aylanishga sabrim yetmadi, yo‘l yarmidan qaytdim.

Shom kirganiga mo‘rilardan asta-sekin achchiq tutun chiqa boshladi. Hamma dud-u tappi hidi o‘rnashgan issiq, tafti baland uyiga shoshadi. Birov bilan birovning ishi yo‘q. Ko‘pning kun mavzusi — o‘tin narxi, qachon qattiq sovuq boshlanishi, bu yilga qancha ko‘mir g‘amlagani, tappisidan qancha qolgani va yana qancha vaqtgacha yetishi...

Foto: “Daryo” / Shahboz Olimzoda

Ular uchun qishdan eson-omon chiqish — omad, baxt. Men bo‘lsam, poytaxtdagi arzimas, mayda muammolarimni yecholsam, omadga tenglashtirib o‘tiribman.

Bariga qo‘l siltab, qadamimni tezlatdim. Buvim pechga to‘ldirib solgan, chirsillab yonayotgan o‘tin hidini to‘yib-to‘yib simirgani uyga oshiqdim.