Samarqand shahri Sartepo massivida joylashgan “Tovuq mahsulotlari pishirib sotish” savdo do‘konida 7-dekabr kuni yong‘in yuz bergandi. Ijtimoiy tarmoqlarda holat aks etgan videolar tarqaldi. Unda kuchli yong‘in orasida portlash bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, soat 15:08 da kelib tushgan xabarga binoan 3 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 15:15 da yetib borib, yong‘in soat 15:17 da qurshab olingan va 15:22 da bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida savdo do‘konining taxminan 15 kvadrat metr maydonda shifti, tom qismi hamda ichki qismidagi mahsulotlar yonib zararlangan.

Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Bundan avval Samarqand viloyati Jomboy tumanida yelim ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘lgani, Samarqand tumanida bir-biriga tutash uchta xonadonda yong‘in chiqqani haqida xabar berilgan edi. Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.