Mashina haydash erkak kishiga yarashadi, deydi ko‘pchilik. Rosti, bu hukm sal noto‘g‘ri. Bugun ayollar ham erkaklardan qolishmay, texnika tilini tushunishga, hatto og‘ir yuk mashinalarini qo‘rqmay boshqarishga urinishayotganini ko‘rish mumkin. Ammo ayrimlar bunga hamon noxolis baho berib, turfa ziddiyat, qarama-qarshi fikrlarni alangalatadi.

Aslida, ayol kishi nega mashina haydaydi, hayday oladimi, yo‘l-transport hodisalariga ko‘p “hissa” qo‘shadimi, yo‘llarda xatolar qilaverib, boshqa haydovchilarning xavfsizligiga soya soladimi, nega aksar erkak haydovchilar doim ularni uquvsizlik, tajribasizlik va qoidalarni bilmaslikda ayblaydi? “Daryo” shu savollar bilan mutaxassislarga yuzlanganda, mutlaqo boshqacha javoblarni oldi, har doim ham ayol haydovchi aybdor bo‘lavermasligini statistik ma’lumotlar tasdiqladi.

“Faqat tajribali va tajribasiz haydovchi bo‘ladi”

– Ayollar doim qandaydir ko‘ngilsizlik chiqarib mashina haydamasa hisobmas, deydiganlar ko‘p. Bu tamoman stereotip, – deydi “Autolady.uz” avtomaktabi instruktori Durdona Muhitdinova.O‘ziayol-erkak haydovchi, deb ajratish mutlaqo noto‘g‘ri. Faqat yaxshi, tajribali yoki tajribasiz haydovchi bo‘lishi mumkin. Ayollar barchasini eplaydi. Ularga ishonish kerak. 18 yildan beri mashina boshqaraman. Boshida mengayam norozi qaraydiganlar ko‘p bo‘lardi. Lekin, mana, hozir o‘qituvchi-o‘rgatuvchi maqomidaman.

Durdona Muhitdinova

Foto: Shaxsiy arxivdan

2000-yili haydovchilik guvohnomasini olganman. U vaqtlar yo‘llarda ayol haydovchilar deyarli yo‘q edi. Avtomaktablar har bir tumanda bittadan edi. Hozir esa har qadamda avtomaktab, yo‘llarda ham ayol haydovchilar serob. O‘sha paytdagi ayollarning yo‘llarda paydo bo‘lishi, rostmana ajablanishga sabab bo‘lgani tabiiy. Lekin oradan qancha vaqt o‘tsa-da, bizning jamiyat allaqachon odatiy holga aylanib bo‘lgan bu “hodisa”ni hali-hanuz qabul qilolmasligi, buni o‘zining xatti-harakati-yu, so‘zlari orqali ifodalashi g‘alati.

Ancha yillardan beri mashina boshqaradigan ayol haydovchilardan yo‘llardagi vaziyat, erkak “hamkasb”larining ularga qanday munosabatda bo‘lishlarini so‘raganda quyidagi javoblar yangradi:

– Kimningdir yo‘lini bilmay to‘sib qo‘ysam, atay oldinga o‘tib, meniyam yo‘limni to‘sadiganlar bo‘ladi. Yoki ayrimlarning atayin siqib harakatlanishini tushunolmayman. “Ayol kishi bo‘la turib, mendan yaxshi haydarkan” deb o‘ylaydimi, bilmayman... Katta yo‘llarda gohi kimgadir xalal bersam, bo‘ralab so‘kib, allaqanday so‘zlarni qalashtirib, “Uyda o‘tirsang bo‘lmaydimi?”, deydiganlar ham uchraydi. Ular har bir haqoratlangan ayol o‘rnida onasi, opa-singlisi, turmush o‘rtog‘i bo‘lishi mumkinligini hech o‘ylarmikan? – deydi 21 yillik haydovchilik tajribasiga ega Zebo Usmonova.

Zebo Usmonova

Foto: Shaxsiy arxivdan

Yo‘llarda ro‘y beradigan halokatlar, yo‘l harakati qoidalarining qo‘pol buzilishida ayollarni ayblaydiganlar ko‘p. Lekin ism-sharifini oshkor etishni istamagan yo‘l-patrul xizmati xodimi buning aksini aytdi:

Ayol haydovchilar kam. Shuning uchun ular darrov ko‘zga tashlanadi. Lekin e’tibor berilsa, biror ayolning shoshib, tartibsiz, hovliqib mashina haydayotganini deyarli uchratmaysiz. Kamdan kam holatlardagina tezlikni oshirishlari mumkin. Har bir qoidaga amal qilib, tezlikni oshirmay haydayotgan ayol orqasi yoki yon-veridagi erkak haydovchilarning g‘ashiga tegishi, asabiylashtirishi tayin. Lekin u qoida bo‘yicha ketyapti. Shuni unutmaylik. Hech qanday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymayapti. Ayrim erkaklardek pala-partish haydamasligi uning aybi, xatosi emas. Balki, shuning uchun ham erkaklar ayol haydovchilarga nisbatan yoqimsiz munosabat bildirishar.

– Yevropa davlatlaridagi haydovchilar mahorati, bilimi, madaniyatiga qoyil qolganman, – deydi Durdona Muhitdinova. – Ular o‘z huquq va majburiyat, mas’uliyatini aniq biladi. Tartibni yoqtiradi, amal qiladi va boshqalardan ham shuni so‘raydi. Bizda-chi? Haydovchilarimizning ko‘pi sabrsiz. Kerak yoki zarur bo‘lmagan joylarda tinmay “signal” chalaveradi. Eng qizig‘i, ayollar ham bir-biriga shu “qiliq”ni qiladi. Demak, ikki toifada ham avvalo, madaniyatni shakllantirish, o‘zaro hurmatni oshirish kerak.

Ayollar mashina haydashda chindanam no‘noqmi?

Ayrimlar ayollarni avtomaktabdagi mashg‘ulotlarni o‘zlashtirishga, mashina mexanizmlarini o‘rganishga qobiliyatsiz, uquvsiz deb hisoblaydi. Lekin o‘qish ko‘rsatkichi, faollik hisobga olinsa, bu taxmin ham noto‘g‘riligi yaqqol bilinadi.

– 7 yildan beri avtomaktabda instruktorman. Ayol o‘quvchilar bilan doim ishlashga to‘g‘ri keladi. Ularning ishtiyoqi, mashina boshqarishga astoydil kirishganini ko‘rib, “Yigitlardan yaxshiroq-ku!” deyman hamkasblarimga, – deydi “Jihoz-biznes” avtomaktabi instruktori Baxtiyor Mo‘minovAyollarda eng boshida qo‘rquv va ikkilanish, erkaklarda asabiylashish kuzatiladi. Xuddi rul ularning dushmanidek. Haydovchiga 1 soniya ko‘p, 0,8 soniyadayoq qaror qilib, manyovr bajarishi kerak. Ayollarda bu holat ozgina cho‘ziladi. Amaliyot payti buning ham yechimini topish, ikkala jins vakiliga ko‘nikmalarni teng singdirish mumkin.

Baxtiyor Mo‘minov

Foto: Shaxsiy arxivdan

Xatolarga kelsakyomon haydaydiganlar orasida erkaklar ham, ayollar ham bor. Lekin ayollarniki darrov bilinadi. Negaki ular yo‘llarda endi-endi paydo bo‘lishmoqda. O‘zbekistonda taxminan, 80 foiz erkak, 20 foiz ayol mashina haydaydi. Balki shuning uchun ham ayollarning kichik xatosi ko‘zga tez tashlanar. Agar foizlar aksincha bo‘lsa, biz erkaklarning xatolari ko‘proq tilga tushardi. Ochig‘i, ayol haydovchilarni yomon, de(yol)mayman. Men hadeb oldi-orqasidagini quvib o‘tadigan, tezlikni oshirib, qoidalarni qo‘pol tarzda buzadigan boshqaruvchilarni ayol yoki erkak bo‘lishidan qat’i nazar, haydovchi deb atamayman. Ikki toifa orasida yaxshisiyam, yomoniyam bo‘lishi tabiiy. Ularni ayol yoki erkak, deb ajratish, kimligiga qarab, ishiga baho berish noto‘g‘ri.

– Ayollar mashina haydashni erkaklardan sekinroq o‘zlashtirishi bor gap, – deydi Durdona Muhitdinova. – Erkaklarga bir marta tushuntirganingizni qizlarga uch martadan takrorlashga to‘g‘ri keladi ba’zan. Masalan, erkaklarda mo‘ljal olish ancha aniq. Buni mashinani orqaga haydash amaliyotida ko‘rish mumkin. Orqaga haydayotganda chaproq yurish uchun rulni chapga, o‘ngroqqa yurish kerak bo‘lsa, o‘ngga buriladi. Qizlar esa negadir bu vazifani aksincha bajaradi.

Bu borada ularning kechikishini tushunish mumkin. Qizlar yoshligidan mashina emas, qo‘g‘irchoq o‘ynab ulg‘ayadi. Yigitlar o‘yinchoq mashina boshqarib, buzib, aqli yetgancha ichlarini ham o‘rganadi. Bir necha urinishda bo‘lsa-da, ayollarning mashina boshqarish ko‘nikmalarini o‘zlashtirishi tahsinga loyiq. E’tibor berganmisiz, ayol oshxonada ovqat pishirayotib telefonda gaplashishga, orada farzandlarini kutib-kuzatishga, uy ishlarini bajarishga – hammasiga ulguradi. Tabiatan bir vaqtda bir nechta vazifani bajara olishga quvvati yetadi.

Mashina boshqarishda ham aynan shu qobiliyat zarur: to‘g‘ri yo‘lni, chap, o‘ng tarafni va orqani kuzatish uchun multifunksional bo‘lish kerak. Agar ayollar shuni yaxshi tushunib yetishsa, erkaklardek mahoratli haydovchiga aylanadi.

Zebo Usmonova ham bu borada fikrlarini qo‘shimcha qiladi:

– No‘noq deyish qanchalik to‘g‘ri, bilmadim-u, ammo ayrimlar “signal” chalib, “O‘tkazib yubor!” desa, ayolmikan orqamdagi deyman. Qarasam, erkak bo‘ladi. 2000-yildan beri ruldaman. Yo‘llardagi YTHlarga erkaklarning tezlikni oshirishi sabab bo‘lganini ko‘p ko‘rganman. Ayollar tezlikni deyarli oshirmaydi. Bir ustunlikni tan olaylik, erkaklarda diqqat, mo‘ljal olish bizga nisbatan kuchli. Ayolning xayoli biroz tarqoq bo‘ladi. Ming tashvishi orasida qaror chiqarishga kechikadi. Masalan, oldindagi mashina burilish chirog‘ini yoqmay, siz ketayotgan bo‘lakda paydo bo‘lsa, vaqtida manyovr qilolmasligingiz mumkin. Lekin shu vaziyatda erkak kishi tezlikni kamaytirib, o‘ng yoki chapga o‘tib oladi.

“Kamchilik qatori, yutug‘i ham aytilsa, adolatli bo‘ladi”

Yo‘llarda ayollarga nisbatan hurmatsizlik, masxaralash, noo‘rin so‘zlar bilan haqoratlash, ularning qobiliyatini yetarlicha baholamaslik, afsuski, ko‘p kuzatiladi. Buning ildizini mutaxassislar avtomaktablardagi instruktorlarning qo‘pol munosabatiga ham qisman bog‘laydilar.

– Men ko‘rgan, tanigan va bilgan instruktorlar ayol o‘quvchilariga shu qadar qo‘pol muomala qiladiki, natijada bo‘lajak haydovchida atrofdagilarga nisbatan shunday munosabat to‘g‘ri ekan, degan fikr shakllanadi? – deydi Durdona Muhitdinova. – Aksar o‘rgatuvchi o‘quvchining yutug‘idan ko‘ra, kamchiligini do‘q bilan ta’kidlaydi. To‘g‘ri, haydovchining xato qilishga haqqi yo‘q. Ularni vaqtida aytish shart. Ammo kamchiliklari qatori qaysi harakati olqishga sazovor bo‘lganini aytsa, adolatli bo‘lardi.  Mana, yo‘ldagi o‘zaro hurmatsizlikning negizi qayerga taqalyapti? O‘quvchilarni chiroyli muomala, to‘g‘ri munosabat va tegishli qoidalar asosida tarbiyalasak, balki, yaqin kelajakda bizning ham yo‘llarda haydovchilik madaniyati, tartib paydo bo‘lar.

O‘quvchilarimga darsning ilk kuniyoq ishonch bildiraman, ruhan dalda beraman va shu yergacha yetib kelishning o‘zi mardlik ekanini ta’kidlayman. Boshqaruv vaqti xatolarini yutuqlari bilan bir xil ohangda tushuntiraman.

Yo‘l qoidalari haqida gap ketganda, aksar erkak haydovchilar ruldagi ayollarni chetlab o‘tishga yoki yo‘l berishga harakat qiladi. Lekin ba’zilar ayol boshqaruvidagi mashinani siqishga, atayin yo‘lini to‘sib, turli keraksiz manyovrlar qilishga urinishi, afsuski, uchrab turadi.

Taxminan, 1990-yillarda erkaklar mashina boshqaruvidagi ayollarga nisbatan haqiqiy ma’noda jentlmen edi, yo‘l berardi. Bugun yo‘l berish tugul, o‘z bo‘lagida harakatlanayotgan ayollarning mashinasini siqib, kerak bo‘lmasa-da, o‘zib ketishga urinadigan qitmirlar ko‘p. Yana qo‘pol harakatlarni oqlab: “Mashina haydash ayollarga emas-da”, deb qo‘yaqolishadi.

Aynan shunday holatlarga instruktor Baxtiyor Mo‘minov ham guvoh bo‘lganini aytadi:

– O‘rinsiz “signal” chalish, burilish chirog‘ini yoqsa, yo‘l bermaslik hollari ko‘p uchraydi. Buni ko‘rib boshqa haydovchilar ayollarni qayrilish, boshqa bo‘lakka o‘tishni ham uddalolmaslikda ayblaydi. Vaholanki, ayol tartibni buzmay, oldidagi mashinaning yo‘l berishini kutayotgan bo‘ladi.

Shaxsiy kuzatuvlaridan kelib chiqib, Durdona Muhitdinova qizlar qoidalarni unutmasligi uchun ajoyib  usulni qo‘llashga qaror qilgan:

– Ayol o‘quvchilarimning doimiy takrorlaydigan xatosi – xavfsizlik kamarini to‘g‘ri taqmasligidir. Bu unutilmas qoida odat bo‘lishi shart. Ularga: “Xudo ko‘rsatmasin, biror kor-hol bo‘lsa, shu kamar yuzingizni jarohatlanishdan (nisbatan) saqlab qoladi. Agar u taqilmagan bo‘lsa, sog‘lig‘ingizni ham, husningizni ham tiklash ancha qiyin bo‘ladi”, – deyman. Qanchalik kulgili, qiziq tuyilmasin, husn ayollar uchun nozik masala. Shu gapimdan keyin ular bu qoidani eslatmalarsiz bajarishadi.

Zebo Usmonova esa ayollarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘luvchi erkaklarga quyidagilarni yetkazishni istaydi:

– Ayol kishini rulda ko‘rib, achchiqlanadigan erkaklar bir narsani tushunishsin: biz xuddi sizdek ish qilishimiz – bu sizdan ustunligimiz yoki tenglikka intilayotganimizni bildirmaydi. Shunchaki, qulaylik, ehtiyoj sabab, ba’zan zarurat yuzasidan mashinaga o‘tirganmiz. Erkaklarning vaqti tig‘iz, ishi ko‘p bir paytda ayoli farzandlari yoki qaynona-qaynotasini qayergadir eltib qo‘yishi, albatta, oilaga yengillik bo‘ladi. Aslida, hech bir erkak yo‘lda ayoli sha’niga yog‘iladigan xunuk gaplarni hazm qilolmaydi.

Raqamlar taxminning aksini ifodalasa...

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2021-yilning 10 oyida sodir etilgan YTHlar soni 7681 tani tashkil etgan. Shundan 1964 kishi vafot etib, 6886 nafari jarohatlangan. Ushbu YTHlar jins bo‘yicha tahlil etilganda, ularni 202 nafar ayol va 7479 nafar erkak sodir etgani aniqlangan.

Infografika: “Daryo” / Muqaddas Musayeva

Rossiyada ham raqamlar ayollar “foydasi”ga ishlashi aniqlangan. “TASS” axborot agentligining bildirishicha, 2021-yil 10-mart holati bo‘yicha Rossiyada 8100 ta YTH sodir etilgan. Qoidabuzarlar 30-40 yosh atrofidagi erkaklar bo‘lgan. Rossiya davlat avtoinspeksiyasiga ko‘ra,  ayollar erkaklarga nisbatan ehtiyotkorroq va kam hollarda jiddiy YTHlarga sababchi bo‘ladi. O‘lim va jarohat yetkazish bo‘yicha sodir etilgan YTHlarning 81 foizi erkaklar, 19 foizi ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida 2020-yil ro‘yxatga olingan yo‘l harakati va transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish bo‘yicha jinoyatlar o‘lim bilan tugagan holatlarda 1689 tani tashkil etgan. Bu raqamlar 2019-yili 251 taga ko‘p bo‘lgan, ya’ni 1940 ta. 2021-yilning 10 oyligidayoq bu ko‘rsatkich avvalgi yillardan balandroq bo‘lganini, o‘limlar 2 mingga yaqinni tashkil etgani achinarli.

2020-yilning 24-noyabrida IWPR Central Asia media-tashkilotining Media school CABAR.asia platformasi olib borgan tadqiqotlar quyidagilarni ko‘rsatadi:

Infografika: “Nemolchi.uz”

Ichki ishlar vazirligi YHXBB tahlil bo‘limining “Nemolchi.uz” loyihasiga bergan ma’lumotida O‘zbekistonda 2019-yili erkaklar ishtirokida 8540 ta, ayollar ishtirokida 216 ta YTH qayd etilgan. 2020-yilning 9 oyi ichida ko‘rsatkichlar erkaklarda 4374 tani, ayollarda 98 tani tashkil etgan.

Demak, O‘zbekistonda erkaklar ayollarga nisbatan sezilarli darajada ko‘p YTH sodir etadi. Ushbu baxtsiz hodisalar, afsuski, ko‘pincha o‘lim bilan yakunlanadi. 2020-yil 9 oy ichida (yanvar–sentabr) YTH oqibatida 1581 nafar erkak, 18 nafar ayol vafot etgan. 4935 nafar erkak va 98 nafar ayol jarohat olgan. 2019-yildagi YTHlar 2061 nafar erkak hamda 32 nafar ayol hayotiga zomin bo‘lgan. 7695 nafar erkak va 248 nafar ayol jarohatlangan.

E’tibor bering, ushbu statistika YTHlarda kim aybdorligini emas, ularning gender bo‘linmasini ko‘rsatadi.

AQSHdagi YTHlarning gender bo‘linmasi

AQSH fuqarolari o‘rtasida erkak va ayollar uchun berilgan haydovchilik guvohnomalari soni sezilarli farq qilmaydi. Lekin shunga qaramay, 2019-yil erkaklar ishtirokidagi YTHlar ayollarga nisbatan 2 638 417 taga ko‘p bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Erkaklar rul boshqaruvida xavfli manyovrlarga moyilroq bo‘ladi. Masalan, tezlikni oshirish yoki mast holda rulga o‘tirishda ular tavakkal qila oladilar. Har yili AQSHda YTH oqibatida vafot etgan erkaklarning qon tahlilida ayollarnikiga nisbatan 0,8 foiz ko‘proq alkogol aniqlangan. Shuningdek, tezlikni oshirish orqali yuzaga kelgan o‘lim bilan tugagan YTHlar ham aynan erkaklar boshqaruvida yuzaga kelgan. Bundan tashqari, xavfsizlik kamaridan ham ayollarga nisbatan kamroq foydalanadilar, deb yozadi CABAR.asia.

2019-yili Compare the Market sug‘urta kompaniyasining o‘tkazgan tadqiqotlarida YTHlarning 65 foizi erkaklar, 35 foizi ayollar boshqaruvidagi mashinalar ishtirokida yuzaga kelgan.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, “Mashina haydash erkakning ishi” degan gap biryoqlama, kamsitishdek eshitiladi. Yo‘llarda erkak haydovchilar qatori qoidalarga rioya etib, ba’zan boshqalardan-da ko‘proq mas’uliyatni his etib ulov boshqarayotgan ayollar soni yildan yil ko‘paymoqda. Bunga havas yoki maqtanish, kimgadir ko‘zko‘zlash emas, hayotiy zarurat, vaqtdan yutish, oilaviy muammolarni yelkama-yelka hal etish chorasi deb qaralsa, menimcha, ko‘p taqiqlarning qulfi yechiladi. Turfa, bema’ni stereotiplarni hadeb pesh qilmoq, haqorat-u so‘kishlarga erk bermoq – noo‘rin, kamiga madaniyatsizlikdir. Unutmaylik, haydovchi erkak va ayol deb emas, uquvli va uquvsiz, tajribali va tajribasiz, bilimli va no‘noq bo‘ladi.