Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi xonadonlarning birida yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Foto: FVV

Qayd etilishicha, 2021-yilning 13-dekabr kuni soat 14:40 da Surxondaryo viloyati Termiz shahri “Bog‘ishamol” MFY Alisher Navoiy ko‘chasidagi xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga xabar kelib tushgan.

Yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 14:45 da yetib borib, yong‘in 14:47 da qurshab olingan va soat 17:55 da o‘chirilgan. Qutqaruvchilarning say-harakatlari natijasida uyning 30 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan. Shuningdek, yong‘indan 5 nafar inson qutqarib qolingan, shundan, 2 nafari voyaga yetmagan bolalar.

Yashash uyining 22 kvadrat metr maydondagi shift qismi va uy jihozlari yong‘indan zararlangan.

Hodisa oqibatida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.

Hozirda yong‘in sababi va keltirilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.