Qibrayda 29-iyul kuni bir oilaning to‘rt a’zosi va uydagi yollanma ishchini pichoqlab o‘ldirgan 24 yoshli yigitga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Toshkent viloyat sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Toshkent viloyat sudlari matbuot xizmati

Qayd etilishicha, qotillikni sodir etgan 24 yoshli Shoyadbek 26-iyul kuni Rossiyadan Toshkentga 29-iyul kuni qaytish chiptasi bilan uchib kelgan va qotillik sodir bo‘lgan mahallaga yo‘l olgan.

Qotil videokuzatuv kameralari bo‘lmagan joyda taksi to‘xtatib, o‘zi bilan ikkita qassob pichog‘ini olib uyga kelgan.

Birinchi zarbani eshik oldidagi uyda uxlab yotgan oilaning kenja qizi Madina olgan. Shoyadbek uni Malika bilan adashtirgan. Madinaning ovozidan otasi, akasi Qayum va yollangan ishchi yugurib keladi.

Qotil ularni ham pichoqlaydi va ko‘chaga otlanayotib, onasi va ikki bolasi bilan turgan Malikaga to‘rt marta pichoq bilan zarba beradi.

Keyin taksiga qaytib, haydovchiga qizning otasi unga hujum qilganini aytadi. Shoyadbekni tushunmagan taksi haydovchisi qonni yuvishga yordam beradi va unga qo‘shimcha kiyim beradi. Shundan so‘ng ular aeroportga yo‘l oladi.

Aeroportda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining ko‘pligini payqagan Shoyadbek mashinani Qo‘yliq tomonga haydashni so‘raydi. Qotil u yerdan taksida Andijonga yo‘l oladi. Yo‘lda qotil hibsga olinadi.

Ma’lum qilinishicha, 14-dekabr kuni Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining yopiq sud majlisi bo‘lib o‘tgan. Ayblanuvchi Sh.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-,97-moddasi 2-qismi “l” bandi, 97-moddasi 2-qismi “a”,“v”,“g”,“j”,“l”,“r” bandlari, 25-,97-moddasi 2-qismi “a”,“g”,“r” bandlari, 119-moddasi 2-qismi “g” bandi, 130-moddasi 2-qismi “a” bandi, 140-moddasi 2-qismi va 219-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Sud hay’ati sudlanuvchi, jabrlanuvchilar, ularning qonuniy vakillari va guvohlarni ko‘rsatmalarini eshitib, ishga qo‘shilgan hujjatlarni tekshirib, taraflar muzokarasi hamda sudlanuvchining oxirgi so‘zini tinglab, o‘z hukmini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, Sh.I.ga Jinoyat kodeksining 25-,97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish), 119-moddasi 2-qismi “g” bandi (jinsiy ehtiyojni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, g‘ayritabiiy usulda qondirish), 130-moddasi 2-qismi “a” bandi (pornografik mahsulotni tayyorlash, tarqatish, namoyish etish), 219-moddasi 1-qismi (fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish), 140-moddasi 2-qismi (internet tarmog‘ida joylashtirish orqali haqorat qilish), 97-moddasi 2-qismi “a”,“v”,“g”,“j”,“r” bandlari (ikki yoki undan ortiq shaxsni, aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni, o‘z xizmat yoki burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni, o‘ta shafqatsizlik bilan, bezorilik oqibatida, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan qasddan o‘ldirish) bilan Jinoyat kodeksining 59-moddasi 4-qismi tartibida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.