Toshkent shahrida “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi asosida o‘tkazilayotgan maxsus reyd tadbirlari davomida o‘zini xodim deb tanishtirgan fuqaro Yo‘l-patrul xizmati xodimlarini haqoratlab, tahdid qildi. Bu haqda “Toshkent” telekanalida xabar qilindi.

Ma’lum qilinishicha, maxsus reyd tekshiruvlari paytida hujjatlarini tekshirish maqsadida Malibu avtomobili to‘xtatilgan. Haydovchi ayol YPX xodimining murojaatiga javob bermay, hujjatlarini ko‘rsatmagan va telefon orqali tanishlarini chaqirgan.

Qayd etilishicha, haydovchi ortidan yetib kelgan ikki shaxs reydga jalb qilingan xodimlarni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlab, tahdid qila boshlagan.

“Yop kamerangni. Yop, deyapman. Hozir kamerangni sindirib tashlayman-da, qo‘lingga ming dollar beraman. Yangisini olasan. Tasvirga olma, xodimman”, — degan ulardan biri.

Ta’kidlanishicha, yordamchi kuchlar kelgandan so‘ng o‘zini xodim deb tanishtirgan shaxs aslida hech qanday xodim emasligi ma’lum bo‘lgan. Haydovchiga tegishli tartibda chora ko‘rilib, avtomobil jarima maydonchasiga qo‘yilgan.