Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi oshxonada 19-dekabr kuni portlash sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Ma’lum qilinishicha, shu kuni soat 14:20 da tumanning “Navro‘z” mahallasi Amir Temur ko‘chasida joylashgan “Lazzat” oshxonasida chaqnash sodir bo‘lgan. Voqea joyida 2 ta propan gaz balloni bo‘lgan.

Chaqnash oqibatida oshxonaning taxminan 40 kvadrat metr maydonida shift qismi va jihozlar yongan. Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, 10 nafar fuqaro tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga olib borilgan.

Qayd etilishicha, yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 14:23 da hodisa joyiga yetib borib, 14:29 da yong‘in hududini qurshab olgan va soat 14:54 da holat bartaraf etilgan.

Voqea joyiga viloyat hamda tuman FVB rahbar xodimlari, IIB, prokuratura, tibbiyot, gaz xizmatlari xodimlari va 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan.

“Sodir bo‘lgan holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.