Yangi yil kirib kelishiga hech qancha qolgani yo‘q. Bayram shukuhini his qilishning esa hozir ayni vaqti. Uy va archani bezatib, mandarinlarni allaqachon xarid qilgan bo‘lsangiz, demak oila a’zolaringiz bilan birgalikda sevimli filmni tomosha qilish qolgan xolos. Wday nashri bayramona kayfiyat ulashadigan bir-biridan qiziqarli film va multfilmlar haqida ma’lumot berib o‘tadi.

“Uyda yolg‘iz”, 1990-yil (Home Alone)

Foto: Wday

Necha yosh bo‘lishimizdan qat’i nazar, Yangi yil va bayram ta’tilini, turli ayyorona usullar bilan o‘g‘rilarning ta’zirini bergan tirrancha Kevin Makkalisterning sarguzashtlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Qiziqarli sujet, ta’sirli voqealar rivoji va bosh qahramonning “yomon amakilarni” politsiyaga tutib berish uchun qo‘llagan hunarlari tomoshabinni ekran qarshisiga mixlab qo‘yadi. Oradan 20 yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, mazkur film hali ham Yangi yil arafasida tomosha qilinishi kerak bo‘lgan eng yaxshi filmlardan sanaladi. “Uyda yolg‘iz”ning birinchi va ikkinchi qismlari rejissor Kris Kolambus tomonidan suratga olingan, ssenariyni esa 80-yillar xitlari “Nonushta klubi” (The Breakfast Club) va “Pushti libosdagi yoqimtoy qiz” (Pretty in Pink) filmlari asoschisi Jon Xyuz tomonidan yozilgan.

“Olafning sarguzashtlari”, 2017-yil (Olaf’s frozen adventure)

Foto: Wday

“Muz yurak” filmi va qorbola Olafni yaxshi ko‘radigan bo‘lsangiz, unda ushbu qisqa metrajli multfilm aynan siz uchun. Sujetga ko‘ra, Rojdestvo arafasida Anna va Elza har bir oilaning bayramga xos an’anasi borligi: kimdir birgalikda desert tayyorlasa, boshqalar uyini bezashi yana ayrimlar, albatta, saunaga borishidan xabar topadi. Olaf va malikalar Yangi yil an’analarini topish uchun bug‘usi bilan birga qirollik bo‘ylab sayohatga otlanadi va yo‘l-yo‘lakay har bir xonadonda mehmon bo‘ladi. Ushbu multfilm qiziqarli sujetdan tashqari, kulgili sahnalar va musiqaga boy ekani bilan ham o‘ziga xosdir.

“34-ko‘chadagi mo‘jiza”, 1994-yil (Miracle on 34th street)

Foto: Wday

1994-yilda suratga olingan “34-ko‘chadagi mo‘jiza” xuddi shu nomli 1947-yilda suratga olingan filmning remeyki hisoblanadi. Voqealar Syuzan ismli qizaloq bilan Santa Klausning tanishuviga asoslanadi. Syuzan Santa Klausning haqiqiy ekaniga ishonmaydi, Santa esa buni yolg‘on emasligini isbotlash uchun sudga borishga majbur bo‘ladi. Yaxshilik va do‘stlik haqida hikoya qiluvchi ushbu ta’sirchan film insonlarni mo‘jizaga ishonishga undaydi.

“Rojdestvodagi ajoyib hikoya”, 2017-yil (The man who invented Christmas)

Foto: Wday

Den Stivens suratga tushgan mazkur filmda Charlz Dikkensning hayoti haqida hikoya qilinadi. Sujet tomoshabinni sariq chaqasi qolmagan Charlzning ziqna Skruja va Rojdestvo arafasida uning ko‘ziga ko‘rinadigan uchta arvoh haqida hikoya qiluvchi “Rojdestvo qo‘shig‘i” nomli ertak ustida ishlayotgan davrga yetaklab boradi.

“Anastasiya”

Foto: Wday

Rossiyaning so‘nggi imperatori Nikolay II ning qizlaridan biri Anastasiya tirik qolganda, uning taqdiri qanday kechgan bo‘lardi? Ushbu multfilmda ijodkorlar mazkur savolga o‘zicha javob bermoqchi bo‘lganini ko‘rish mumkin. Undagi qor bilan qoplangan shahar, qahramonlarning kiyim-kechaklari tamoman qishki muhitni o‘zida mujassam qiladi.

“Sent-Luisda kutib ol meni”, 1944-yil (Meet Me in St. Louis)

Foto: Wday

Judi Garland bosh qahramon rolini ijro qilgan “Sent-Luisda kutib ol meni” o‘z janrining klassikasi hisoblanib, Yangi yil arafasida tomosha qilish tavsiya qilinadigan filmlardan hisoblanadi. Sujetga ko‘ra, otasining lavozimi ko‘tarilgani munosabati bilan Smit oilasi 1903-yil Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tadi. Ester, uning opa va akalari esa do‘st hamda sevikli insonlarini tashlab, Sent-Luisni tark etishni istamaydi.

“Grinch — Rojdestvo o‘g‘risi”, 2000-yil (How the Grinch stole Christmas)

Foto: Wday

Yangi yilni butun qalbi bilan yomon ko‘radigan Grinch haqidagi filmda Jim Kerri qoyilmaqom rol ijro qilgan. “Grinch — Rojdestvo o‘g‘risi” bolalar yozuvchisi Doktor Syuzning kitobi asosida 2000-yil suratga olingan.

“Klaus” (2019-yil)

Foto: Wday

Ispaniyalik ijodkorlar tomonidan ishlangan multfilm Santa Klaus va Rojdestvo bayrami qanday paydo bo‘lgani haqidagi o‘ziga xos versiya ilgari suriladi. Sujetga ko‘ra, pochta biznesi bilan shug‘ullanadigan kishining o‘g‘li Smirensburg shaharchasiga pochtalon bo‘lib ishlash uchun jo‘nab ketadi. Kunlardan bir kuni u bolalar o‘yinchoqlarini yasaydigan usta — Klaus bilan tanishib qoladi. Aynan uning yordami bilan pochtalon shahar aholisining bayramga bo‘lgan ishonchini qaytarishga urinadi.

“Sohibjamol va maxluq: Ajoyib Rojdestvo”, 1997-yil (Beauty and the Beast: The enchanted Christmas)

Foto: Wday

Bellning maxluqning yuragini zabt etgani haqidagi filmni ko‘pchilik yaxshi biladi. Biz esa sizga voqealari Rojdestvo arafasida yuz beradigan davomini ham ko‘rishni tavsiya qilamiz. Sohibjamol Bell, sehrlangan qasrdagi boshqalar bilan birga bayramona ziyofat tashkillashtiradi. Buning uchun ularga hech kim, hatto makkor kompozitor Forte ham qarshilik qila olmaydi.

“Santa-Klaus” (1994-yil)

Foto: Wday

Tim Allen bosh qahramon sifatida ko‘rinish bergan komediyada, Shimoliy qutbga borib qolgan oddiy o‘yinchoq sotuvchisi Santa-Klausning o‘rnini egallashiga to‘g‘ri keladi. Qahramon nafaqat yangi obrazga ko‘nikishi, balki bayramni ham saqlab qolishi kerak bo‘ladi. Uchta qismdan iborat film bayram shukuhini baxsh etishiga shubha yo‘q.