Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birida sodir yong‘in oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Namangan FVB matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, 18-dekabr kuni soat 02:34 da Uchqo‘rg‘on tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limining 101 qisqa raqamiga “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 106-uy 10-xonadonida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan.

Tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi yong‘in qutqaruvchilari voqea joyiga soat 02:38 da yetib borgan va soat 02:40 da yong‘in joyi o‘rab olingan. Yong‘in oqibatida yashash uyining ichki qismidan 40 kvadrat metr joy, uy-ro‘zg‘or buyumlari, qo‘shni uyning ichki qismidan 10 kvadrat metr va 12-xonadonning eshigi hamda uyga kirish yo‘lak devorlari yonib zararlangan.

Sodir bo‘lgan yong‘in soat 03:00 da yong‘in qutqaruvchilari tomonidan bartaraf etilgan.

Yong‘in o‘chirish vaqtida ikkinchi qavat yo‘lagidan 10-xonadon egasining kuygan holdagi jasadi va uyining yuvinish xonasidan esa tutunga dimiqib vafot etgan farzandining jasadi topilgan.

Foto: Namangan FVB matbuot xizmati

Yong‘in o‘chirish vaqtida 106-sonli ko‘p qavatli uyda yashovchi 6 nafar ayol, 6 nafar erkak va 4 nafar voyaga yetmagan bolalar Uchqo‘rg‘on tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi yong‘in qutqaruvchilari tomonidan xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan.

Hozirda sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan tegrovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqandda sham yoqib dars qilayotgan bola uxlab qolishi oqibatida ko‘p qavatli xonadonda yong‘in sodir bo‘lgani, Surxondaryoda yong‘in bo‘layotgan uydan 5 kishi qutqarib olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.