Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi “Lazzat” oshxonasida 19-dekabr kuni gaz portlashi sodir bo‘lgan edi. Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, 10 nafar fuqaro tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga olib borilgan. Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limi shifokorlari bemorlarni respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi (RShTTYoIM) Samarqand filiali (xalq tilida “Xavosi” deyiladi) kombustiologiya bo‘limiga yuborilganini ma’lum qilgan.

RShTTYoIM Samarqand filiali kombustiologiya bo‘limiga keltirilgan 10 nafar bemordan faqatgina K.T. bilan suhbatlashishning imkoni bo‘ldi.

Uydagilarim hali hech narsadan xabari yo‘q

Asli namanganlik, 4 yildan buyon ushbu oshxonada ishlab kelayotgan K.T. biz bilan suhbatda uydagilari hali hech narsadan xabari yo‘qligini bildirdi.

Foto: “Daryo”

“O‘zim Namangandanman. 4 yildan beri shu yerda ishlayman. Hali uydagilarim mening ahvolimdan xabari yo‘q”, — deya gap boshladi K.T. (jabrlanuvchining iltimosiga ko‘ra nomi sir saqlandi). — “Soat 13:30-14:00 atrofida gaz yonib turgan holatda portlab ketdi. Bilmay qoldim. Alanganing ichida qolib ketdim. Boshqa hech narsani bilmayman”.

Holat yuzasidan voqea guvohlari bilan suhbatlashganimizda ular oshxonada gaz ballonning tagiga sham yoqilishi oqibatida portlash sodir bo‘lganini bildirgandi. Gaz ballonidagi kondensatni eritish uchun sham yoqqanini so‘raganimizda K.T. bunday voqea ro‘y bermaganini aytdi.

Gazning hidi chiqyapti deb aytdim...

Ishga kirganiga bor yo‘g‘i 4 oy bo‘lgan yana bir bemor boquvchisini yo‘qotgani uchun ikki nafar farzandini boqish maqsadida shu yerga ishga kirgan.

“Kelinim shu yerda ishchi bo‘lib ishlaydi. Kosa-tovoq tashiydi. Shirin ovqat pishirgani uchun soat 14:00 dan keyin ishchilarga ovqat tayyorlaydi. Ovqatni tagini qovurayotganida gazning isi chiqayotganini aytgan. Lekin e’tiborsizlik qilgan. Sham yoqqani yoki boshqa holatni bilmayman. Gaz hidi chiqayotganini bildirgan”, — deydi Zamira Zikirova. — “Kelinimning aytishicha, ovqatning tagini solib, eshikdan chiqishi bilan portlagan. Ikkinchi eshikdan chiqishga ulgurmagan. Ikkinchi eshikdan chiqishida yana portlash bo‘lgan. Yuzlari ayanchli kuygan. Kelinim boquvchisini yo‘qotgan, ikki nafar yosh bolasi bor”.

Foto: “Daryo”

Zamira Zikirova kelini bilan gaplashgan, biroq nechta odam shifoxonaga kelganini so‘ramagan. Boshqa jabrlanuvchilarning aytishicha, o‘ndan ortiq kishi shifoxonaga keltirilgan.

Enam bozordan chiqishda choy ichib ketay deb kirgan...

“Enam bozordan chiqishda choy ichib ketay, deb kirgan ekan. Somsa va ‘pirojki’ yeb, chiqishda eshikning oldidan o‘tganda portlab ketgan. Chiqishga ulgurmagan. Chiqaman deganda oyog‘ining tagiga bir narsa tushib qolgan. O‘shanda yiqilib chiqolmay qolgan. Shifokorlar ‘20 foiz kuygan’ dedi. Qolgan holatini aytgani yo‘q. O‘sha yerga har zamonda kirib ovqat yerdi. Kecha ham bir kirib choy ichib ketay deb kirgan ekan”, — deydi Orzigul Xolmirzayeva.

Foto: “Daryo”

“Ofitsiantka” bo‘lib bir kunga borgandi...

Yana bir bemorning yaqini Qobil Tursunniyozovning aytishicha, jabrlanganlar 30 nafar. Shulardan 11 nafari juda og‘ir jarohatlangan. Eng ko‘p jarohatlanganlar 5 nafarini tashkil qiladi. O‘rtachasi 6 nafar. Besh kishining ichida 3 nafarining yashashi og‘ir ahvolda.

Foto: “Daryo”

“Shifokorlar ‘Hali yosh, agar o‘zida intilish bo‘lsa yaxshi bo‘ladi. 3 kun ichida ma’lum bo‘ladi. Uch kun ko‘tarsa o‘tadi, ko‘tarmasa bizlar javob berolmaymiz’ dedi. “Ofitsiantka” bo‘lib bir kunga borgandi. Avval ishlab, keyin bo‘shab ketgandi. Oldindan o‘zi shunday bo‘lgan ekan. Gaz kamaydimi birdan kelib gazni tagiga sham yoq yoki plitka qo‘y, gazni baland qilib turish kerak, tamom. O‘sha kuni men borib ko‘rmaganman. Ammo hamma sham yoqqan deb aytyapti. Bu yerda ko‘rganlar ham bor. Shifoxonadagi bemorlar zo‘rg‘a gapiryapti. Ularning gapirishga holi yo‘q. Ketsa shu gaz balloniga 20 ming so‘m ketadi. Foyda qiladigan bo‘lsa, kamida kuniga 2—3 million so‘m foyda qiladi. 20 ming so‘m bilan oti dunyo bo‘lib qolmaydi-ku”, — deydi Qobil Tursunniyozov.

Foto: “Daryo”

Reanimatsiyadagi 3 nafar bemorning ahvoli stabil og‘ir

RShTTYoIM Samarqand filiali kombustiologiya bo‘limi mudiri Erkin Hakimovning “Daryo” muxbiriga ma’lum qilishicha, 19-dekabr kuni 14:30 da Oqdaryo tumanining “Lazzat” oshxonasida propan gaz ballonining yorilib ketishi oqibatida 10 kishi olovdan jarohat olib, Oqdaryo tuman shifoxonasiga tushgan. O‘sha yerda to‘g‘ridan to‘g‘ri birinchi yordam ko‘rsatilib, RShTTYoIM Samarqand filiali kombustiologiya bo‘limiga yotqizilgan.

Foto: “Daryo”

“10 nafar bemordan 3 nafari reanimatsiyada yotibdi. 65, 70 va 75 foiz katta kuyish bo‘lgan. Qolgan olti nafar bemor 15, 20, 25 foiz kuyish bilan bo‘limda yotibdi. Bitta bemor 5 foiz kuygani uchun ambulator davolanish uchun javob berilgan. Reanimatsiyadagi 3 nafar bemorning ahvoli stabil og‘ir. Ahvolida ijobiy o‘zgarishlar bor. Kuygan kasal tez yaxshi bo‘lmaydi. Bunga vaqt kerak. Asta-sekin yaxshi bo‘lib ketadi. Barcha dori-darmonlar yetarli”, — deydi kombustiologiya bo‘limi mudiri Erkin Hakimov.

“Prezident tadbirkorlarni tekshirma deb aytgan”

“Daryo” muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan jabrlanuvchilarning yaqinlari hozirgi paytda tadbirkorlarni hech qaysi tashkilot kirib faoliyatini o‘rgana olmagani uchun ham ular istaganicha qonunni buzib ishlayotganidan shikoyat qildi.

Foto: “Daryo”

“ ‘Pojarniy’ga nega borib tekshirmaysizlar, faqat odamlarning uyini tekshiraverasizlarmi desam, ‘prezident tadbirkorlarni tekshirma deb aytgan’ deydi. Axir, tekshirmasa, bu sham yoqib qo‘y degani emas-ku”, — deydi Zamira Zikirova.