Checheniston rahbari Ramzan Qodirov “xorijiy agentlar” deya e’lon qilingan ommaviy axborot vositalarining vakillari jinoiy javobgarlikka tortilishi kerakligini ma’lum qildi. Bu haqda u 26-dekabr kuni o‘tkazgan o‘zining beshinchi katta matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tgan, deb xabar beradi Meduza.

Foto: “News.ru”

“Fikrimni bilishni xohlasangizlar, ushbu sotqin ‘xorijiy agentlar’ni vataniga xiyonati uchun umrbod qamoqqa tiqish yoki o‘z gonorarlarini olgan joyga haydab yuborish kerak”, — degan Qodirov.

Matbuot anjumani davomida Qodirov, shuningdek, Chechenistonda respublikani tanqid qilgan odamlarning qarindoshlari ommaviy ravishda o‘g‘irlab ketilayotgani to‘g‘risidagi xabarlarga izoh bergan. “Bu mish-mishlarni terrorizmni ochiqdan ochiq qo‘llab-quvvatlovchi Yevropa blogerlari tarqatmoqda. Ayrimlari hatto yakunlanayotgan yil davomida bizda 5 ming kishi bedarak yo‘qolganini yozdi”, — deydi Ramzan Qodirov.

Shu bilan birga, Checheniston yetakchisi Ukraina mavzusiga ham to‘xtalib o‘tgan. Qodirov Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hamda uning jamoasi “o‘zini shunday tutadigan bo‘lsa, Ukrainani allaqachon mamlakatimizga qo‘shib olishimiz kerak edi” degan. Qodirovning ta’kidlashicha, bu uning shaxsiy fikri.

Ma’lumot uchun, 8-dekabr kuni “OVD-Info” loyihasi xodimlari Rossiya Davlat dumasiga “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunchilikni bekor qilish talabi keltirilgan petitsiyani topshirgan. Mazkur petitsiyaga 260 ming kishi, shuningdek, 200 dan ortiq OAV, NTT, ta’lim va xayriya tashkilotlari, shu jumladan, Meduza nashri ham imzo qo‘ygan.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oxirida AQSh va uning NATOdagi ittifoqchilari, shuningdek, Ukraina Rossiyani “mustaqil jurnalistlar va ommaviy axborot vositalariga nisbatan ta’qiblari kuchaygani” uchun tanqid qilgandi. Ularning fikricha, Rossiya hukumati rossiyaliklarning mustaqil jurnalistikadan foydalanishini cheklamoqchi va shu maqsadda mamlakatda xorijiy OAV agentlari to‘g‘risida qonun joriy qilgan.