Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida joylashgan hammomda gaz portlashi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda FVV.

Qayd etilishicha, 2021-yilning 31-dekabr kuni soat 17:00 da Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani “Qorayantoq” MFY Qorayantoq qishlog‘ida joylashgan hammomda gaz-havo aralashmasining chaqnashi yuzaga kelgan. Oqibatda hammom binosining tom qismi qulab tushgan.

Voqea joyiga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yong‘in-qutqaruv guruhi zudlik bilan yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borgan. Ushbu hodisa oqibatida uch nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, to‘rt nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga joylashtirilgan.

Shuningdek, hodisa joyiga FVB, IIB, SSB, prokuratura va boshqa tegishli xizmat xodimlari yetib borgan. Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.