29-dekabr kuni Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida bir fuqaro halok bo‘ldi, deb xabar beradi viloyat FVB matbuot xizmati.

Foto: Farg‘ona viloyati FVB matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, soat 10:31 da shahardagi 7-sonli yong‘inga qarshi kurashish bo‘limiga “Alisher Navoiy” mahallasi, Mustaqillik ko‘chasi 525-uy 40-xonadonda yong‘in bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.

Yong‘in-qutqaruvchilar voqea joyiga 10:34 da yetib borgan va yong‘in 10:38 da to‘liq o‘chirilgan. Yong‘in oqibatida 4 kvadrat metr joydagi uy jihozlari yongan, shuningdek, 53 kvadrat metr joy saqlab qolingan.

Foto: Farg‘ona viloyati FVB matbuot xizmati

Sodir bo‘lgan yong‘inda uy egasi fuqaro A.K kuyish natijasida voqea joyida vafot etgan.

Yong‘in xonadon egasi tomonidan nosoz elektr kabellaridan belgilanmagan tartibda uyning pol qismidagi gilam to‘shamasi ustidan tortilgani, elektr kabelga me’yoridan ortiq yuklanish tushgani oqibatida kelib chiqqani aytilmoqda.

Foto: Farg‘ona viloyati FVB matbuot xizmati

Avvalroq Namangandagi xonadonda yuz bergan yong‘inda xonadon egasi va uning farzandi halok bo‘lgani, Samarqandda sham yoqib dars qilayotgan bola uxlab qolishi oqibatida ko‘p qavatli xonadonda yong‘in sodir bo‘lgani, Surxondaryoda yong‘in bo‘layotgan uydan 5 kishi qutqarib olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.