O‘zbekistonda kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimi yaratiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekistonning 2022—2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida belgilab qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, 2023—2026-yillar uchun O‘zbekistonning kiberxavfsizlik strategiyasi ishlab chiqiladi. Bunda “uz” domen zonasi internet-makonining kiberxavfsizligini ta’minlashning asosiy yo‘nalishlari belgilanadi. Elektron hukumat, energetika, raqamli iqtisodiyot tizimlari va muhim axborot infratuzilmasiga taalluqli boshqa yo‘nalishlarni himoya qilish bo‘yicha kompleks vazifalar tuzib chiqiladi.

Shuningdek, kiberjinoyatchilik uchun jinoiy javobgarlikni qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Axborot maydonidagi kiberhujum va tahdidlarni monitoring qilish tizimi takomillashtiriladi. Bu orqali kiberxavfsizlik yagona tarmog‘ining texnik infratuzilmasi kengaytiriladi. “Kibernetikada innovatsiyalar IT-parki” faoliyatini yanada jadallashtirish rejalashtirilgan.

IT-parkning hududlardagi raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari negizida yoshlarni kiberxavfsizlik asoslari bo‘yicha o‘qitilishini ta’minlash hamda har yili talaba va o‘quvchilar orasida kiberhujumlar aniqlash bo‘yicha respublika miqyosida konkurslar o‘tkazish nazarda tutilgan.