Germaniyaning Mercedes avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi nosozlik tufayli dunyo bo‘ylab 800 mingdan ortiq avtomobilini chaqirib olmoqchi. Bu haqda Bild nashri xabar berdi.

Foto: Mercedes-Benz

Nashr kompaniya mijozlariga dekabr oyida yuborilgan xatni chop etdi. Unda qayd etilishicha, avtomobillarning sovitish suyuqligi nasosida potensial nosozlik bo‘lishi mumkin. Muayyan sharoitlarda, ba’zi hollarda “yong‘inni butunlay istisno qilib bo‘lmaydi” deyiladi xatda.

Asosiy muammo shundaki, tegishli transport vositalarining egalari koronavirus pandemiyasi fonida ehtiyot qismlari yetishmasligi sababli texnik ko‘rikdan o‘tkazish vaqtini hozircha belgilay olmayapti, deyiladi Bild xabarida.

Nashrning yozishicha, ommaviy chaqirib olish GLC, GLE, GLS dizel modellariga, shuningdek 2017-yilning yanvar-oktabr oylarida ishlab chiqarilgan C, E va S sinflariga taalluqlidir.

Mercedes 2021-yilning mart oyida ham mashinalarda yong‘inga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan nosozlik borligi tufayli 264 mingdan ortiq avtomobilni qaytarib olgandi. Germaniya kompaniyasi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, gap 2016-yildan 2020-yilgacha ishlab chiqarilgan C va GLC modellari, jumladan, Germaniyaning o‘zida 120 mingdan ortiq chiqarilgan avtomobil haqida ketmoqda.

2021-yilning uchinchi choragida Germaniyaning Daimler AG avtomobil ishlab chiqaruvchisining (Mercedes-Benz bo‘linmasini o‘z ichiga oladi) foydasi 18 foizga o‘sib, 2,6 milliard yevroni tashkil qildi. Shu bilan birga, chorak davomida sotilgan yo‘lovchi tashuvchi va tijoriy avtomobillar soni 25 foizga kamayib, 577,8 mingtagacha tushgan.

Avvalroq Tesla texnik nosozliklarni tuzatish uchun 475 ming dona elektromobilini chaqirib olishi xabar qilingandi. Xususan, 2017–2020-yillarda ishlab chiqarilgan 356 ming dona Model 3 ning barchasi, 2014-yildan beri ishlab chiqarilgan 119 ming dona Model S avtomobillari qaytarib olinadi.

Mashinalardagi muammolar qo‘shimcha xarajatlarsiz hal qilinadi, deyilgan Tesla bayonotida.