Afg‘onistonning muvaqqat hukumati avvalgi tuzum qulashi chog‘ida O‘zbekiston va Tojikistonga olib ketilgan aviatsiya texnikalarini qaytarish bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Bu haqda TOLOnews’ga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.

Foto: CA-News

Gap “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelgach, afg‘on harbiylari minib qochgan samolyot va vertolyotlar haqida ketmoqda.

“40 dan ortiq havo kemasi qo‘shni mamlakatlarga, xususan, Tojikiston va O‘zbekistonga olib chiqib ketilgan. Ularni qaytarish bo‘yicha muzokaralar boshlandi”, — deydi “Tolibon” matbuot kotibi o‘rinbosari Imonulla Samanganiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar yuqori darajada o‘tkazilmoqda.

“Havo kemalarini amaldagi Afg‘oniston hukumatiga qaytarish bo‘yicha ikkala mamlakat hukumatlari bir necha bor chaqirildi. Albatta, ular taklif bildirdi, ammo hozircha ular (samolyot va vertolyotlar — tahr.) topshirilmadi”, — deydi Afg‘oniston Mudofaa vazirligi vakili Inoyatullo Xorazmiy.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistonda avvalgi hukumat davrida 164 dan ortiq vertolyot bo‘lgan, ularning aksariyati AQShdan olib kelingan. Hisobotlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Afg‘oniston havo kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun so‘nggi 20 yil ichida 8 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.

Tojikistonning “Boxtar” aeroportidagi Afg‘oniston Harbiy-havo kuchlariga tegishli harbiy texnikalar, 2021-yil 1-sentabr

Foto: CSIS

Avvalroq Afg‘onistonning muvaqqat hukumati rahbari o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar O‘zbekistondan avvalgi hukumat ag‘darilganidan so‘ng, afg‘on uchuvchilari mamlakatni tark etgan samolyot va vertolyotlarni qaytarishga chaqirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 16-avgust kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi (keyinroq oxiriga qadar tekshirilmagani ma’lum qilingan) mamlakat havo makonini ichida 585 nafar afg‘on harbiy xizmatchisi bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot kesib o‘tgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Kuzatuv davomida Embraer-314 va MiG-29 samolyotlari to‘qnashib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududiga qulagan. Oktabr oxirida Afg‘onistonni qayta tiklash bo‘yicha bosh inspektori (SIGAR) hisobotida toliblar tomonidan ag‘darilgan hukumatning Harbiy havo kuchlariga tegishli harbiy samolyotlarning chorak qismi O‘zbekiston va Tojikistonda ekanligi ma’lum qilingandi. “Tolibon” Afg‘onistonni egallagunga qadar mamlakat harbiy aviatsiyasida 160 ta samolyot bo‘lgan.