Ijtimoiy tarmoqlarda YPX xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan ularga faol qarshilik ko‘rsatayotgan ikki fuqaroning videosi tarqaldi. IIV YHXBB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur holat Buxoro viloyati Vobkent tumani markazida sodir bo‘lgan.

Kadr: Telegram

Ma’lum qilinishicha, 5-yanvar kuni soat 10:30 larda Vobkent tumani YHXB xodimlari Abdulla Qodiriy ko‘chasida o‘rganishlar olib borilayotgan vaqtida inspektorlar Matiz avtomobil haydovchisiga to‘xtash ishorasini ko‘rsatgan. Biroq haydovchi inspektorning talabiga bo‘ysunmay, harakatlanishni davom etgan.

Shundan so‘ng, haydovchidan avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni ko‘rsatish so‘ralgan, biroq u inspektorlarga biror hujjat ko‘rsata olmagan. Muloqot davomida inspektorlar haydovchini spirtli ichimlik iste’mol qilganlikda gumonlab, uni tegishli tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tishga taklif qilgan.

Mastlikda gumonlangan haydovchi hamda uning o‘g‘li YPX xodimining qonuniy talabini bajarmasdan faol qarshilik ko‘rsatgan. Oxir-oqibat inspektorlar ota-bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, avtomobilni jarima maydoniga joylashtirgan.

Mazkur qoidabuzarlik shu kunning o‘zida jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudida ma’muriy tartibga ko‘rib chiqilgan. Sud qaroriga ko‘ra, haydovchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-modda (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Haydovchining o‘g‘liga nisbatan esa BHMning 5 baravari (1,35 million so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Avvalroq Qashqadaryoda YPX xodimining faoliyatiga qarshilik ko‘rsatgan haydovchi 10 sutkaga qamalgani, Toshkentda to‘lanmagan jarimalari sabab qidiruvda bo‘lgan Nexia haydovchisi YPXdan qochayotganida inspektor va piyodani urib yuborgani to‘g‘risida xabar berilgandi.