Poytaxt ko‘chalarida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimlari tomonidan mast holda avtomobil boshqargan ayol aniqlandi. Bu haqda UzReport telekanali orqali uzatilgan efirda ma’lum qilindi.

Kadr: Telegram

Ma’lum qilinishicha, 3-yanvar soat 21:30 larda Ohangaron shohko‘chasida qizil chiroqda o‘tgan Spark avtomobili haydovchisini YPX xodimi to‘xtatgan. Inspektorlarning so‘zlariga ko‘ra, haydovchi ayol reyd bo‘layotganini ko‘rib, to‘xtagan va YPX xodimlari kelguniga qadar yo‘lovchi o‘rindig‘iga o‘tib olgan.

Uch farzandning onasi, o‘zini bolalar shifokori deb tanishtirgan ayol YPX xodimlarining xizmat mashinasida tibbiy ekspertizaga olib borilgan. Ammo u mast ekanini tan olib, ichkariga kirmasdan o‘zi yozib berishi mumkinligini aytgan. Ta’kidlanishicha, turmush o‘rtog‘ining ortidan poylab chiqqan ayol rulga mast holda o‘tirishga majbur bo‘lgan.

“Shunaqa bo‘lib qoldi, mayli ‘oformit’ qilsin… Jazosi pul, boshqa hech narsa emas, to‘g‘rimi? “Reshyon” qiladi, bo‘ldi boshqa nima qiladi?”, — deydi ayol.

Avvalroq Samarqandda mast holda IIB xodimlarining xizmat mashinasini yoqib yuborgan erkakka sud hukmi o‘qilgani, Jizzaxda 18 yoshli yigit mast holatda o‘g‘irlagan mashinasida YTHga uchragani, Surxondaryoda YPX xodimini Lacetti kapotida sudrab ketgan haydovchi qamoqqa olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.