AQSh o‘z ittifoqchilar bilan birgalikda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda unga qarshi qo‘llash uchun yangi sanksiyalar paketini tayyorlamoqda. Bu haqda The New York Times (NYT) amerikalik amaldorlarga tayanib xabar berdi.

Foto: Reuters

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, muhokama qilingan cheklovlar Rossiya harbiylari Ukrainaga bostirib kirganidan bir necha soat o‘tib kuchga kiradi. Rasmiylar Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasida kelasi haftaga mo‘ljallangan bir qator diplomatik muzokaralar oldidan ilk bor sanksiyalar paketining tafsilotlarini e’lon qildi, deya ta’kidlagan NYT.

Gazetaning yozishicha, so‘nggi kunlarda AQSh o‘z ittifoqchilari bilan Rossiyaning eng yirik moliya institutlarini xalqaro bank/to‘lov tizimlaridan uzib qo‘yish, mudofaa va iste’mol sanoati uchun zarur bo‘lgan Amerika mahsulotlarining eksportiga embargo joriy etish masalalarini, shuningdek, Rossiya kuchlariga qarshi “partizan urushi” olib boradigan ukrainalik isyonchilarni qurollantirish strategiyasini muhokama qilgan.

Ma’lumot uchun AQShda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning eksportiga embargo kiritilgan mamlakatlar ro‘yxatiga hozirda Eron, Shimoliy Koreya, Kuba va Suriya kiradi.

“Texnologik sanksiyalar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning sevimli tarmoqlariga, xususan, Rossiya hukumatining asosiy daromad manbalari bo‘lgan aviatsiya va harbiy sohalarga ta’sir qiladi”, — deb yozgan gazeta.

NYT ma’lumotlariga ko‘ra, sanksiyalar birinchi navbatda Rossiyaning muhim sanoat tarmoqlariga, jumladan, mudofaa va fuqaro aviatsiyasi sohalariga qaratilgan bo‘lishi mumkin, bu Rossiyaning yuqori texnologiyaga, jumladan sun’iy intellekt yoki kvant hisoblashlarga oid ambitsiyalariga putur yetkazadi.

Nashrning qayd etishicha, ko‘rib chiqilayotgan cheklovlar kompyuter chiplari sotuviga shunchaki taqiq qo‘yish emas. Qo‘shimcha qadam sifatida AQSh Savdo vazirligi mamlakatda ishlab chiqarilgan yoki butlovchi qismlari AQShdan keltiriladigan har qanday iste’mol tovarlari — mobil telefonlar va noutbuklardan tortib muzlatgich va kir yuvish mashinalarigacha — Rossiyaga eksport qilishni samarali taqiqlovchi farmon chiqarishi mumkin, deya ta’kidlagan amerikalik amaldorlar.

“Bu qoidalar nafaqat AQShdagi ishlab chiqaruvchilarga, balki Amerika chiplari yoki dasturiy ta’minotidan foydalanadigan Yevropa, Janubiy Koreya va boshqa xorijiy ishlab chiqaruvchilarga ham tegishli bo‘ladi”, — deya qayd etgan gazeta.

Ukraina bilan chegarada Rossiya qo‘shinlarining to‘plangani haqidagi ma’lumotlar oktabr oyida G‘arb OAVlarida paydo bo‘lishni boshlagan. Noyabr oyi o‘rtalarida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy chegarada 100 ming Rossiya qo‘shini borligini ma’lum qilgan. AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland Rossiyaning Ukrainaga “bostirib kirishi” 2022-yil boshida sodir bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Moskva bu ma’lumotlarni rad etib, Ukrainadagi harbiy harakatlarga tayyorgarlik haqidagi xabarlarni “quruq, asossiz keskinlik” deb atamoqda. Qolaversa, Rossiya G‘arb davlatlaridan NATOning sharqqa tomon kengaymasligi, Ukraina esa bu tashkilotga qabul qilinmasligi haqida kafolat talab qildi.

Ukraina atrofidagi vaziyat 7-dekabr va 30-dekabr kunlari Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Jo Bayden o‘rtasidagi onlayn hamda telefon orqali muzokaralarda muhokama qilingan edi. Bayden Putinni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda “keskin iqtisodiy va boshqa choralar” haqida ogohlantirgan.

AQSh OAVlari Moskvaga qarshi sanksiyalar paketi Rossiyani SWIFT banklararo o‘tkazma tizimidan uzib qo‘yish va rublni boshqa valyutalarga konvertatsiya qilish bo‘yicha cheklovlarni o‘z ichiga olishi haqida xabar bergan.

Putin bilan so‘nggi muzokaradan so‘ng Bayden Zelenskiy bilan gaplashishga qaror qildi. Suhbat 2022-yilning 2-yanvarida bo‘lib o‘tdi. Unda Bayden Zelenskiyni Rossiya Ukrainaga bostirib kiradigan bo‘lsa, Vashington va uning ittifoqchilari bunga qat’iy javob berishga tayyor ekaniga ishontirdi.