Saudiya Arabistoni hukumati malika Basma bint Saudni uch yillik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqardi. U 2019-yilning mart oyidan beri hibsda edi. Bu haqda inson huquqlarini himoya qiluvchi Human Rights tashkilotining Saudiyadagi bo‘limi 8-yanvar kuni Twitter’da e’lon qilgan.

Foto: admwe

Qayd etilishicha, 57 yoshli malika va uning qizi qamoqdan ozod etilgan.

“2019-yilning martidan beri qamoqda saqlanayotgan Basma bint Saud al-Saud va uning qizi Suxod ozod etildi”, — deyiladi xabarda.

2020-yilning aprel oyida Basma qirol Salmon va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmondan sog‘lig‘idagi muammolar sababli uni qo‘yib yuborishni so‘ragan.

Malika Basma Saudiya Arabistonining sobiq hukmdori, mamlakatni 1964-yilgacha boshqargan va davlat to‘ntarishi natijasida ag‘darilgan Saud ibn Abdulaziz al-Saudning qizi. Malika ijtimoiy islohotlar va gender tengligi uchun kurashgan.

Basma bint Saud davolanish uchun Shveysariyaga uchib ketmoqchi bo‘lganida to‘satdan g‘oyib bo‘lgan, keyinroq uning hibsga olingani ma’lum bo‘ldi. Hukumat malika va uning qizini mamlakatni noqonuniy ravishda tark etishga urinishda aybladi — bu Saudiya Arabistonida jinoyat hisoblanadi. Malikaning qizi kiberjinoyatlarda ham ayblangan.