Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining Qozog‘istondagi tartibsizliklarga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilishi 10-yanvar kuni bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘z nutqida O‘zbekistonni tilga oldi.

“Qozog‘istondagi vaziyatdan, avvalo, O‘zbekiston hushyor bo‘lishi kerak, aks holda, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘polon tashkilotchilarining nigohi, jumladan, O‘zbekistonga qaratilgan”, — dedi Belarus rahbari.

Foto: “BelTA”

Lukashenkoning bu gaplarini o‘zbek blogerlari O‘zbekistonga bosim o‘tkazish deb qabul qildi. Tarmoq faollariga ko‘ra, bu — O‘zbekistonni KXSHTga tortish harakatining navbatdagi, ochiq-oydin yangragan belgisidir. Tahlilchilar uning ogohlantirishi o‘rinsiz ekani, O‘zbekistonda Qozog‘istondagi kabi qo‘shhokimiyat yo‘qligini aytmoqda.

Bu gaplar, albatta, safsata, lekin baribir odamning asabiga tegadi. Kim kim-u, har holda O‘zbekistonni ogohlantirish Lukashenkoning ishi emas. Aksariyat xalqi “yo‘qol” deb e’tiroz bildirib turgan prezidentni bugun bizga aql o‘rgatishi kulgili.

Yana bir qiziq tomoni, xo‘p, aytaylik, janob Lukashenkoda O‘zbekistonga bo‘ladigan kelgusidagi hujumlar haqida ma’lumot bor ekan, unda nima uchun ularni O‘zbekistonga taqdim etmasdan, qanaqadir harbiy tashkilot majlisida populistik chiqishlar qilyapti? Agar u bizga do‘st ekan, unda bu ma’lumotlarni eng avvalo O‘zbekistonga aytishi kerak edi-ku. Axir 28-dekabr kuni MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy sammitida Lukashenko Shavkat Mirziyoyev bilan ko‘rishgandi, nega bu tahdid haqida bir og‘iz aytmagan?

Ko‘ryapsizmi, bu o‘yinlar ortida umuman boshqa gap bor. Bularning barchasini O‘zbekistonni KXSHT harbiy tashkilotiga a’zo qilish uchun bosim va kerak bo‘lsa tahdid, deb qabul qilish mumkin. Ilgari bunga yashirin da’vatlar qilingan bo‘lsa, endi surbetlarcha tahdidga o‘tishmoqda.

O‘zbekiston KXSHT (ODKB)ga a’zo bo‘ladimi?

Yuqoridagi gap-so‘zlardan qanday xulosa qilish mumkin?

Eng avvalo, hissiyotlarga berilmaslik, ammo sovuq miya bilan real xavfni his qilishimiz kerak.

Ikkinchidan, O‘zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasi hamda harbiy doktrinasiga ko‘ra, biz hech qanday harbiy bloklarga qo‘shilmaymiz, ularda ishtirok etmaymiz va O‘zbekistonda ham boshqa davlatlarning harbiy bazalari bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu qonunlarimiz bilan mustahkamlangan. Buni populist “do‘stlarimiz” ham yaxshi bilishadi.

Uchinchidan va eng asosiysi, provokatsiyalarga berilmasligimiz kerak. O‘zini bizga g‘amxo‘rdek ko‘rsatib, yordam qo‘lini cho‘zmoqchi bo‘lganlarning o‘zi barchasining boshida turishi ham ehtimoldan xoli emas. Bunaqa vaqtda bizga faqat va faqat birdamlik kerak.

To‘rtinchidan, hech qachon, ha, hech qachon O‘zbekiston hududiga begona davlatlarning armiyasi kiritilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz, bunga hech qanday imkon qoldirmasligimiz lozim va lobud! Qo‘shni Qozog‘iston taqdiri bizga xulosa qilish uchun dars bo‘lishi kerak. Ayniqsa, eski imperialistik maqomini qayta tiklash yo‘lida hech narsadan, hattoki boshqa davlatlar hududini egallashdan ham tap tortmaydiganlarning askarlarini O‘zbekistonning bir qarich hududiga ham qadam bostirmasligimiz shart!

Xudoga shukrki, O‘zbekiston shu paytgacha barcha katta-kichik muammolarini o‘zining harbiy kuchi bilan hal qilib kelgan. Sariosiyo, Yangiobod voqealarida ham, 16-fevral yoki Andijon voqealarida ham hech kimdan yordam so‘ramaganmiz. Eng avvalo, biror ko‘ngilsizlik bo‘lmasin-u, lekin bo‘lgan taqdirda ham, Xudo xohlasa, kelgusida ham harbiy qudratimiz yetadi.

Bizga KXSHTga o‘xshagan “Troya oti”ning keragi yo‘q!

Xushnud Xudoyberdiyev, bloger

KXSHTga kirishga qonun yo‘l qo‘ymaydi

Kecha Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammitida yangragan turli fikr va mulohazalar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning mazkur harbiy blokka qo‘shilishi ehtimoli haqida bahs-munozaralar bildirilmoqda.

Shuni alohida qayd etish kerakki, O‘zbekiston Harbiy doktrinasi va Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyaga muvofiq, O‘zbekiston harbiy-siyosiy bloklarda qatnashmasligi hamda o‘z hududida xorijiy harbiy bazalar va obyektlarni joylashtirishga yo‘l qo‘ymasligi qonuniy asoslar bilan belgilab qo‘yilgan. Ya’ni KXSHTga kirishga qonun yo‘l qo‘ymaydi.

O‘zbekiston KXSHTga a’zo davlatlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ikki tomonlama harbiy-texnik hamkorlikni faol amalga oshirib kelmoqda. Rossiya bilan esa O‘zbekiston munosabatlari ittifoqchilik darajasida, shuning uchun ham KXSHTga O‘zbekistonning kirishi haqidagi gap-so‘zlar xomxayol, mamlakatning bugungi pragmatik tashqi siyosatiga to‘g‘ri kelmaydi.

O‘zbekiston harbiy bloklardan ko‘ra ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishni afzal ko‘radi. O‘zbekiston ushbu pozitsiyasini anchadan beri yuqori doiralarda qat’iy ta’kidlab keladi, va eng asosiysi, bunday prinsipial yondashuv xalqimiz va davlatimizning manfaatlariga to‘liq xizmat qiladi.

Qobil Xidirov, bloger

Lukashenkoga “rahmat”

Lukashenko bir jihatdan, o‘zi bilmay to‘g‘ri gapni aytdi. Uyg‘onmaganlarni, befarqlarni, g‘aflatdagilarni ham uyg‘otdi. Biz rostdan ham Qozog‘istonda kechayotgan voqealardan xulosa olishimiz kerak. Faqat u aytgan, o‘ylagan, rejalagan tarzda emas.

Biz tushundik, strategik va o‘ta yuqori rentabelli sohalarga kimlarni yaqinlashtirib bo‘lmasligini. Sotqinlar, yurtsotarlar faqat ichkaridan chiqishini.

Ichki va tashqi oligarxiyani mahalliy hokimiyat organlari bilan, kuchishlatar tizimlari bilan muloqotlari va yaqinlashuviga absolyut veto bo‘lishi darkorligini, ularni qaror qabul qilishdan uzoqlashtirish zarurligini ham angladik.

Islom Karimov rahmatlining davrida milliy xavfsizlik uchun norasmiy istalmagan shaxslar yoki yuqori riskli investorlar tushunchasi bo‘lardi. 10 yildan keyin bizni kutajak istiqbolni ko‘rardi u. Ogohlantiruvchi tizim yangi zamon chaqiriqlari nuqtayi nazaridan qayta shakllanishi kerakligini tushundik biz.

Tashqi siyosatda shu paytgacha bu u o‘tgan davrmi, yo yangi davrmi, faqat milliy manfaatlarga asoslangan mustaqil siyosatimiz to‘g‘ri ekanini, siyosatimizni faqat o‘z kuchimizga tayangan holda betaraflik va qo‘shilmaslik prinsiplarida davom ettirishimiz kerakligini yana his etdik biz.

Ertaga, xudo ko‘rsatmasin, qaltis damlarga ro‘para bo‘lib qolsak, biz yo farzandlarimiz, armiyamiz, kuchishlatarlarimiz mustaqilligimiz va davlatchiligimiz himoyasiga otlansa-yu, ular okkupantlar tomonidan “terrorist”, deb e’lon qilinishi va otilishi mumkinligi ehtimoli ildizlarini hozirdanoq qirqish kerakligi haqida o‘ylay boshladik.

Biz davlatchiligimiz, mustaqilligimizning beqiyos qiymatini bugun yana qaytadan baholadik. Kech bo‘lmasidan turib o‘lchovlarimizni o‘zgartirish kerakligi haqida hushyor tortdik.

Shu ma’noda Lukashenkoga “rahmat”.

Otabek Bakirov, bloger

“Lukashenko ogohlantirishlari haqida ikki og‘iz”

Qo‘shni Qozog‘istonda bo‘layotgan voqealar O‘zbekiston davlatchiligi va O‘zbekiston xalqi uchun bir qator qisqa, o‘rta va uzoq muddatli siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va tarixiy ahamiyatga ega.

Qisqa muddatli iqtisodiy oqibatlar haqida ko‘p gapirildi. Madomi-ki, siyosiy ta’sir haqida gapirsak, bu qisman quyidagilardan iborat:

— voqealarning bunday keskin tus olishi O‘zbekiston uchun dars bo‘lib, Rossiyaning absolyut ta’sirida bo‘lgan KXSHT (ODKB), YEOIH (YEAES) kabi tashkilotlardan umuman uzoq yurish kerakligi o‘z tasdig‘ini topdi. ODKB nima uchun tuzilgani va qaysi mamlakatning imperalistik manfaatlariga xizmat qilishi, buning uchun qanday rahbarlarni o‘z himoyasiga olishga, qanday mudhish jinoyatlar qilishga tayyor ekani mutlaqo ayon bo‘ldi;

— ODKB ning “tinchlik yo‘lidagi urunishlari” juda tanlovchan ekani ham ko‘rindi. Yodingizda bo‘lsa, Armaniston bilan Ozarbayjon urushganda Armaniston shuncha iltimos qilganda ham, ODKB “bu sizlarning o‘zaro ishlaringiz, Ozarbayjon Armanistonga chetdan tahdid solmayapti”, — degan qabilda ish tutib, aralashmagandi. Bu holat Ozarbayjon Respublikasiga bo‘lgan hurmat tufayli emas, balki u yerda aralashgan qurolli kuchlar juda katta talofotga yuz kelishi muqarrarligi tufayli yuz bergan edi. Hozir esa Qozog‘istonning sof ichki ishiga aralashib, ODKB qo‘shinlari kiritildi va 4 kun davomida yuzlab (balki minglab) kishilar o‘ldirildi, 8000 ga yaqin tinch aholi birorta asossiz qamoqlarda.

O‘rta va uzoq muddatli havflar haqida gapirsak, eng muhimi shu-ki, Rossiyaning imperalistik g‘oyalari jarchilari bo‘lgan K.F.Zatulin, V.V.Jirinovskiy, O.A.Matveychev, L.I.Kalashnikov kabi Kreml atrofidagi siyosatchilarning gaplaridan ko‘rinib turibdi-ki, Rossiya lochinlarining Qozog‘istonning nafaqat shimoliy hududlari balki umuman mamlakatni istilo qilish istaklari Rossiyaning asosiy elitasining umumlashgan konsensusini (narrativ g‘oyasini) tashkil etadi. Bu tahdid nafaqat Qozog‘iston uchun, balki barcha sobiq SSSR safida bo‘lgan O‘rta Osiyo mamlakatlari uchun eksistensional tahdid shakliga aylangan.

Bu borada Rossiya har doim qilgan ishini, ya’ni elitalar moyilligini sotib olish, iqtisodiy mantiqqa ega bo‘lmagan va hech qachon o‘zini oqlamaydigan loyihalarga katta-katta kreditlar ajratib, mamlakatni iqtisodiy tobelikda tutish; turli iqtisodiy nayranglar va investitsiyalar bilan mamlakat iqtisodiyotidagi eng muhim tarmoqlarni nazorat qilish (ayniqsa, yoqilg‘i-energetika va kommunikatsiyalar), 5-kolonna va komprodorlarni kuchini ishga solib, propaganda domiga tortib, mahalliy aholini doimo ma’naviy bosimda ushlash va hokazo turli gibrid urush metodlarini qo‘llaydi.

Bular ham ta’sir qilmaganda, oxirgi argument — qurolni ishga soladi.

Agar Rossiya Qozog‘istonga qo‘shin kiritishdan o‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsadlariga erishsa va qo‘shinlar doimiy ravishda qolsa, Xitoyning “Bir bel – bir yo‘l” strategik dasturi o‘z kuchini umuman yo‘qotadi, chunki O‘rta Osiyo davlatlari bilan bevosita ishlash imkoniyati barcha uchun uzil-kesil yopiladi. Birinchi navbatda, Xitoydan O‘rta Osiyoga Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston avtomobil yo‘llari orqali o‘tadigan transport koridorlari (Xorgos, Alashankoy, Baxtы, Irkeshtam, Tarugart, Toguz Toro va hokazolar) butunlay Rossiya tomonidan qo‘lga olinadi va nazorat qilinadi. Bu amallar qanchalik tez bajariladi – voqealar rivoji ko‘rsatadi (olti oydan, uch yilgacha). Natijada O‘rta Osiyo mamlakatlarining XXR bilan tashqi aloqasi boshqa yo‘llar orqali amalga oshirilib, xajmlari keskin tushib, bora-bora umuman o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Bekorga XXR Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida Qozog‘istonning hududiy birligi va suverenitetini keskin qo‘llashini alohida ta’kidlagani yo‘q.

Ikkinchi navbatda, barcha O‘rta Osiyo mamlakatlarining suverenitetini formal ravishda saqlagan holda, ularni barchasini KXSHT (ODKB), YEOIH (YEAES) kabi tashkilotlar ichiga kiritib, bu mamlakatlarning siyosiy kuchlarini, elitasini to‘la nazorat qilib, strategik resurslarini talay boshlaydi (aslida, bu protsess allaqachon boshlangan. Shunchaki, kuchliroq va ashaddiyroq bo‘ladi).

Abdulla Abduqodirov, bloger

Ma'lumot uchun, Qozog‘istondagi vaziyat 2-yanvar kuni Janao‘zen shahrida (Mang‘istov viloyatidagi shahar) suyultirilgan gaz narxining ikki baravar oshishiga qarshi mitinglar boshlanganidan so‘ng keskinlashdi. Chiqishlar iqtisodiy va siyosiy talablar bilan butun mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlariga aylanib ketdi. 4 va 5-yanvar kunlari Olmaotada namoyishchilarning xavfsizlik xodimlari bilan to‘qnashuvi kuzatildi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatdagi ommaviy tartibsizliklar paytida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar borligini aytgan.

6-yanvarda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT) tinchlikparvar kuchlari Qozog‘istonga jo‘natdi. 7-yanvarda To‘qayev Qozog‘istonda konstitutsiyaviy tartib tiklanganini e’lon qildi va mamlakat bo‘ylab terrorchilik xavfining yuqori darajasi joriy etildi. Qozog‘iston IIV 4000 nafarga yaqin terrorchi hibsga olinganini ma’lum qildi