AQSh administratsiyasi Ukrainaga qo‘shimcha 200 million dollarlik harbiy yordam ko‘rsatishni ma’qulladi. Bu haqda CNN muxbiri Kayli Etvud o‘zining to‘rtta manbasiga tayanib, ma’lum qildi.

Foto: Global Look Press

“AQSh prezidenti Jo Bayden administratsiyasi maxfiy ravishda 2021-yil dekabr oxirida Ukrainaga qo‘shimcha 200 million dollarlik harbiy yordam ko‘rsatishni ma’qullagan”, — deb yozadi Etvud Twitter’dagi sahifasiga.

Yangi chora-tadbirlar paketiga aynan nimalar kiritilgani aytilmagan.

11-dekabr kuni NBC AQSh Ukrainaga 200 million dollarlik harbiy yordam paketini tayyorlaganini ma’lum qilgandi, biroq Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi vaziyatni diplomatik tartibga solishga imkoniyat taqdim etish maqsadida uning yetkazib berish jarayoni to‘xtatilgan. Shu bilan birga, Amerika administratsiyasi boshqa harbiy yordam choralarini ko‘rib chiqqan, jumladan, Rossiyaning bosqinchiligi oqibatida paketni kengaytirishni.

Bayden 7-dekabr kuni Vladimir Putin bilan o‘tkazgan videokonferensiyasida Rossiya bosqinchilikni amalga oshiradigan bo‘lsa, Vashington Kiyevga harbiy yordamni kuchaytirishini ma’lum qilgandi.

Dekabr oyida Ukraina davlat chegara xizmati AQSh Rossiya va Belarus chegarasini mustahkamlashga 20 million dollar ajratishini bildirgan edi.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken yanvar boshida NATO Rossiya Ukrainaga hujum qiladigan bo‘lsa, u bilan chegaradosh mamlakatlardagi pozitsiyasini mustahkamlashini aytgandi. Qo‘shma Shtatlar vaziyat keskinlashsa, Sharqiy Yevropa mamlakatlariga harbiylarni yuborishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina bilan chegarada Rossiya qo‘shinlarining to‘plangani haqidagi ma’lumotlar oktabr oyida G‘arb OAVlarida paydo bo‘lishni boshlagan. Noyabr oyi o‘rtalarida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy chegarada 100 ming Rossiya qo‘shini borligini ma’lum qilgan. AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland Rossiyaning Ukrainaga “bostirib kirishi” 2022-yil boshida sodir bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Moskva bu ma’lumotlarni rad etib, Ukrainadagi harbiy harakatlarga tayyorgarlik haqidagi xabarlarni “quruq, asossiz keskinlik” deb atamoqda. Qolaversa, Rossiya G‘arb davlatlaridan NATOning sharqqa tomon kengaymasligi, Ukraina esa bu tashkilotga qabul qilinmasligi haqida kafolat talab qilgan.