Surxondaryo viloyati Denov tumanida kelinini o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirgan ayolga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, holat 16-iyul kuni soat 10:00 atrofida sodir bo‘lgan. Tumanning “Istiqbol” mahallasida yashovchi B.H. va Z.S. ismli er-xotin o‘g‘liga bozordan yozgi oyoq kiyim olib bergan. Ular uyga kelganda qaynonasi J.H. nabirasiga qarab “Bu arzon oyoq kiyimni nega kiyib yuribsan?” degan. Bunga javoban kelini puli kamligi uchun shunday poyabzal xarid qilganini ma’lum qilgan. Shu sabab o‘rtada tortishuv yuzaga kelgan.

Shu kuni 15:00 larda esa J.H.ning ikkinchi nabirasi ham unga akasidagidek oyoq kiyim olib berishlarini so‘ragan. Ammo buvisi yana qarshilik qilgan. Bu qaynona-kelin o‘rtasidagi navbatdagi janjalga sabab bo‘lgan.

Kelin o‘z xonasiga kirib ketgan. Qaynona jahl ustida oshxonaga kirib, sariq va qora dastali oshxona pichoqlarni olgan. U uch nafar nabirasi ko‘z oldida keliniga 32 marta pichoq sanchgan.

Oqibatda jabrlanuvchi o‘ta og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida halok bo‘lgan.

J.H. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topilgan. U 13 yil-u 4 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.