AQSh administratsiyasi Ukrainaga qo‘shimcha 200 million dollarlik harbiy yordam ko‘rsatishni ma’qullagani to‘g‘risida xabar berilgandi. Politico gazetasi Vladimir Zelenskiyning yordamchisi va vaziyatdan xabardor manbasiga tayanib ma’lum qilishicha, mazkur harbiy yordam doirasida Ukrainaga radar tizimlari va dengiz uskunalari topshiriladi.

Foto: AP Photo

Gap CNN ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh prezidenti 2021-yilning dekabrida maxfiy ravishda ma’qullagan qo‘shimcha yordam haqida ketmoqda.

Yetkazib berish ishlari aynan qachon boshlanishi noma’lum. Zelenskiyning yordamchisini so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomoni bu haqda dekabr oyida “yuqori darajada” xabardor qilingan. Politico manbasining ta’kidlashicha, Amerika razvedkasi “Rossiya o‘zining butun harbiy kuchini qo‘llagan holda keng ko‘lamni bosqinni amalga oshirishi mumkinligi” sabab ushbu yordam Ukrainaga “Rossiyaga qo‘shimcha zarar yetkazishga yordam beradi”, ammo vaziyatni jiddiy o‘zgartirib yubormaydi, deb hisoblaydi.

Politico ma’lumotlariga ko‘ra, 200 million dollarlik mablag‘ Baydenning “xatar ostida” bo‘lgan xorij davlatlariga yordam ko‘rsatish borasidagi vakolatlari doirasida tasdiqlangan. Uning mexanizmiga ko‘ra, prezident administratsiyasi bu haqda Kongressni ogohlantirishi kerak. Ammo gazeta bog‘langan bir nechta kongressmen bundan yaqindagina yopiq brifing vaqtida xabar topganini bildirgan.

CNN xabariga ko‘ra, Kiyevga yangi yordam paketi AQSh bundan oldin ham yetkazib bergan bir xil mudofaa uskunalarni o‘z ichiga oladi, jumladan, o‘qotar qurol va o‘q-dorilar, himoyalangan radiostantsiyalar va tibbiy asbob-uskunalar. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, yordam AQSh va Rossiya o‘rtasida xavfsizlik kafolatlariga bag‘ishlangan muzokaralar boshlanishidan bir necha kun oldin ma’qullangan.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina bilan chegarada Rossiya qo‘shinlarining to‘plangani haqidagi ma’lumotlar oktabr oyida G‘arb OAVlarida paydo bo‘lishni boshlagan. Noyabr oyi o‘rtalarida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy chegarada 100 ming Rossiya qo‘shini borligini ma’lum qilgan. AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland Rossiyaning Ukrainaga “bostirib kirishi” 2022-yil boshida sodir bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Moskva bu ma’lumotlarni rad etib, Ukrainadagi harbiy harakatlarga tayyorgarlik haqidagi xabarlarni “quruq, asossiz keskinlik” deb atamoqda. Qolaversa, Rossiya G‘arb davlatlaridan NATOning sharqqa tomon kengaymasligi, Ukraina esa bu tashkilotga qabul qilinmasligi haqida kafolat talab qilgan.