Checheniston yetakchisi Ramzan Qodirov ingush xalqiga murojaat bilan chiqdi. Qodirovning Instagram’dagi rasmiy akkaunti AQSh sanksiyalari sabab bloklangani bois videomurojaat @ya_pomoshnik_kra_95 akkauntida e’lon qilingan.

Foto: “RBK”

“Ingush xalqidan iltimos. Agar men dushmaningiz bo‘lsam, aybim va jazo darajasini belgilab oling. Nima qilmoqchi ekaningizni ayting: urish, quvish, o‘ldirish. Nimada aybdor ekanimni Rossiyaning davlat yoki shariat qonunlari bo‘yicha asoslang va mening xalqimga, oqsoqollarimga murojaat qiling hamda rasmiy jazoni bildiring, barcha an’analarimizga rioya qiling”, — deydi Qodirov.

“Grozniy” telekanalining ma’lum qilishicha, respublika rahbari ingushlarga ayblovni e’lon qilish uchun uch kun muhlat bergan. Qodirov agarda bu amalga oshmasa, uni yomonlamoqchi bo‘layotganlardan javob so‘rashini aytgan.

Avvalroq Qodirov Checheniston hukumati ularning hududini noqonuniy tortib olganini aytgan “provakatorlarga” murojaat qilgandi.

Checheniston va Ingushetiya o‘rtasidagi chegara hududlari uchun mojaro SSSR parchalanganidan keyin boshlangan, chunki respublikalar o‘rtasidagi chegara aniq belgilanmasdan, ular yagona Chechen-Ingush ASSR tarkibida edi. 1990-yillarda Ingushetiya va Checheniston Sunjenskiy va Malgobek tumanlari ustida hududiy bahs boshladi.

1993-yilda Joxar Dudayev ( 1991-yilda “Checheniston Ichkeriya Respublikasi”ni e’lon qilgan va 1996-yilda Rossiya federal qo‘shinlari tomonidan yo‘q qilingan chechen terrorchilarining yetakchilaridan biri) va Ingushetiya rahbari Ruslan Aushev shartnoma imzolagan, unga ko‘ra Sunjenskiy tumani Ingushetiyaga o‘tadi, undagi Sernovodsk va Assinovskaya aholi punktlari bundan mustasno.

2012-yilda Chechenistonda respublikalar o‘rtasidagi “ma’muriy chegarani aniqlashtirish va kelishish” uchun komissiya tuzildi. Yangi hujjatga ko‘ra, Ingushetiyaning Sunjenskiy tumani bir qismida joylashgan tog‘li va o‘rmonli hudud Chechenistonga, Chechenistonning Nadterechniy tumanidagi xuddi shunday hudud esa Ingushetiyaga o‘tgan.

2018-yil sentabr oyida respublikalar rahbarlari Ramzan Qodirov va Yunusbek Yevkurov ikki tuman o‘rtasidagi chegara to‘g‘risida kelishib oldi va bitim imzoladi. Shundan so‘ng Ingushetiyada kelishuvga qarshi qator mitinglar bo‘lib o‘tdi. Ular referendum yordamida chegara haqidagi qarorga qarshi chiqishga urindi, biroq respublika saylov komissiyasi arizani rad etdi. 2019-yil iyun oyida Yevkurov respublika rahbari lavozimidan ketdi, keyinroq Rossiya Konstitutsiyaviy sudi chegara haqidagi qarorni qonuniy deb tan oldi.