IIV YHXBB ijtimoiy tarmoqda tarqalgan Qashqadaryoda Cobalt avtomobilining gaz balloni portlab ketgani tasvirlangan video bo‘yicha ma’lumot berdi.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 4-dekabr kuni soat 14:10 larda Muborak tumani Qorabog‘ qishlog‘ida yashovchi fuqaro O‘.L.ning (1998-yilda tug‘ilgan) yashash uyi hovlisida turgan o‘ziga tegishli bo‘lgan Cobalt rusumli avtomobilga o‘rnatilgan gaz ballonida portlash sodir bo‘lgan.

Hodisa natijasida tan jarohati olgan fuqarolar yo‘q. Transport vositasiga zarar yetgan.

Mazkur hodisa yuzasidan Muborak tuman FVB hamda IIB tergov bo‘limi tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Qashqadaryoda harakatlanayotgan Nexia’ning gaz balloni portlab ketgani, Chiroqchi tumanida Nexia’ga o‘rnatilgan gaz balloni, 29-sentabrda esa G‘uzorda harakatlanayotgan Lacetti’ning gaz balloni portlagani to‘g‘risida xabar berilgandi.