Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 14-dekabr kuni tunda noma’lum shaxslar qurilish rejalashtirilayotgan hududdagi 10 ta daraxtni arralab ketgandi. Tuman prokurori Saidkarim Muxtarov holatga munosabat bildirdi.

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi

O‘rganishlar davomida diametri 28, 26,7, 37, 18, 27,7, 25, 23,8, 21, 18,7 va 22,2 santimetrli daraxtlar arralangani aniqlangandi. Hududda istiqomat qiluvchi aholining ta’kidlashicha, avvalroq ham daraxtlarni quritishga urinishlar bo‘lgan. Qurilish amalga oshishi kerak bo‘lgan hudud oldin o‘rab olingan, archalarni quritish uchun taglari kesib chiqilgan.

Kadr: Telegram

Kechasi 10 tup daraxt kesilgach, ekologlar botanika bog‘i mutaxassislarini jalb qilgan holda zararlangan daraxtlarni saqlab qolish uchun agrotexnik tadbirlarni amalga oshirgan. Qarag‘ay daraxtlari tanasidagi jarohatlar davolangan va yopilgan, daraxtlar raqamlangan. Shov-shuvlarga qaramay, daraxtlarga ikkinchi marta suiqasd uyushtirilgan. 10-yanvarga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar yana 4 tup eldor qarag‘ayini kesib tashlagan.

Qayd etilishicha, Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasida kesilgan 10 ta qarag‘ay sabab o‘simlik dunyosiga 83 million so‘m zarar yetgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.