“Daryo” “Yaxshilik” loyihasi doirasida hayotiy hikoyalarni taqdim etishda davom etadi. Navbatdagi hikoya ishsiz bir yigitning xolis ehsoni sabab orzusi amalga oshgani haqida.

Suhbatdoshning iltimosiga ko‘ra uning ism-sharifi oshkor etilmadi.

Illyustratsiya: “Daryo” / Dilzoda Hamidjonova

2019-yilning bahorida to‘yga taraddud boshladik. Marosimni kelin tomon bilan kelishib, kuzda o‘tkazadigan bo‘ldik. Bor mas’uliyat mening bo‘ynimga tushdi. Chunki uyimizda qurilish ishlari ketayotgandi. Kuzgacha yangi uy qurib, borlarini esa ta’mirlab olishga ulgurish kerak edi. Xullas, bor kuchim bilan ishga kirishdim.

Qurilish bilan band bo‘lib, sevimli ishim — kosibchilikni ham tashlab qo‘ymadim. Hunarim ortidan yaxshigina daromad topardim. Ammo bitta yomon tomoni, yangi yildan keyin bozorimiz to‘xtab, bahorgacha ishsiz, bekor qolib ketardik. Shuning uchun qo‘shimcha ish qidira boshladim.

Viloyatimizdagi Asaka avtomobil ishlab chiqarish zavodining kichik bir sexidan ish topdim. Tezda borib, hujjatlarimni topshirdim. Odatdagiday, “kuting, o‘zimiz chaqiramiz” deyishdi.

Bu orada uydagi qurilish tugadi, to‘yni ham o‘tkazdik, lekin hadeganda ishga chaqiraverishmadi.

Bittasiga ishonib qolmay, yana boshqa joylardan ish qidiraverdim. 2-3 ta korxonaga borib ko‘rdim. Ammo tayinli javob berilmadi. Umuman olganda, viloyatning chekka hududlarida yashaydiganlarning qishda tuzukroq ish topishi amri mahol, dehqonchilikdan tortib qurilish ishlarigacha to‘xtaydi.

Shunday qilib, 2020-yilni ham kutib oldik. Boshida aytganimday bozorimiz to‘xtadi. Ikki oycha ishsiz, uyda bekor qolib ketdim.

Dadam: “oziq-ovqat arzonlasayam, olgani puling bo‘lmasa — hammasi bir tiyin” derdi va sovuq tushishi bilan kerakli mahsulotlarni qishga g‘amlab qo‘yardi. Shuning uchun 2-3 oy qora qozon bemalol qaynayverardi.

Bir kuni kechki payt amakivachcham bilan gaplashib o‘tirganimizda u: “Senga boy bo‘lish yo‘lini aytaymi?”, deb qoldi va telefonidan bir qorining juma namozidagi ma’ruzasini qo‘yib berdi.

Unda odam boymi, kambag‘almi — qay holatdaligidan qat’i nazar, albatta, ehson qilishi kerakligi, ayniqsa, ertalab bomdod namozidan keyin berilgani ro‘zg‘orga baraka kiritishi haqida aytilgandi.

Shu kundan boshlab har kuni bomdod namozidan keyin ehson qutisiga 500, 1000 so‘mdan tashlab qo‘yishga odatlandim. Oradan bir oyga yaqin vaqt o‘tdi. Orada yana ko‘p korxonalarning eshigini taqillatdim, tuzukroq yumush va maosh ilinjida bormagan joyim, so‘rab-surishtirmagan odamim qolmadi hisob. Yollanib ishlay desam, qishloqda tuzukroq yumush topilmaydiyam. Hamma kam-ko‘stini o‘zi qiladi-qo‘yadi.

Bir kuni namozdan keyin o‘ng cho‘ntagimni kovlasam, bitta 1000 so‘mlik pul chiqdi. Bu eng oxirgi pulim edi (anchadan beri ishsiz yurganim uchun pulim tugagandi).

Ichimda o‘zimga o‘zim “mayli bugun pulim borida ehson qilib qolay, ertaga Alloh yana qayerdandir rizqimni beradi” dedim-da, ishonch bilan pulni qutiga tashladim.

Ertalab soat 09:00 larda telefonim jiringladi, tugmachani bossam, dadam shosha-pisha:

— Tezroq tur, ishga borishing kerak ekan! — dedi.

— Dada, hazillashmang, axir men hech qayerda ishlamayman-ku? — dedim ajablanib.

Keyin eslasam, bundan qariyb bir yil oldin sexga ish so‘rab borganimda, qayta aloqa uchun dadam bilan o‘zimning telefon raqamimni yozib kelgandim. Ular dadamga bog‘lanib, tezda korxonaga yetib kelishimni tayinlashgan ekan. Shu tariqa, o‘sha kuni ish boshladim.

Xonzodabegim A’zamova yozib oldi.

Loyihada ishtirok etishni istagan yurtdoshlarimiz hayotida sodir bo‘lgan yoki o‘zi guvoh bo‘lgan voqealarni Telegram’dagi @daryo_muxbiri ’ ga yozib yuborishlari mumkin.