“Tolibon” matbuot kotibi Suhayl Shahin aviatsiya texnikasi atrofidagi qarama-qarshiliklar haqidagi savolga javob berar ekan, ular qardosh davlatlar bilan munosabatlarga ta’sir qilmasligini ta’kidladi. Bu haqda Telegram’dagi “Nigoh” kanali xabar berdi.

Foto: AP Photo

U Islom amirligi O‘zbekiston bilan azaldan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lgani va ega ekani hamda bu davlat uzoq vaqtdan beri “Tolibon”ning siyosiy rahbariyati bilan yaxshi aloqa o‘rnatganini qayd etgan.

“O‘zbekiston Afg‘oniston xalqiga bir necha bor insonparvarlik yordami jo‘natgan, buning uchun biz undan minnatdormiz. Bu davlat Afg‘onistondagi megaloyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish niyatida. Biz ikkalamiz ham musulmon davlatmiz hamda bir-birimiz bilan tinchlik va birodarlikda yashashni xohlaymiz. Biz bu va boshqa har qanday masalani diplomatiya yo‘li bilan hal qilishimizga ishonaman”.

Avvalroq “Tolibon” mudofaa vaziri Mulla Yoqub O‘zbekiston va Tojikistonni afg‘on vertolyotlarini qaytarishga chaqirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aviatsiya texnikalari mamlakat boyligi hisoblanadi va u qaytarilishi kerak. Shu bilan birga, u O‘zbekiston Tojikiston toliblar sabrini sinamasligini va keskin choralar qo‘llashga majbur qilmasligini ta’kidlagandi. “Tojikiston va O‘zbekiston hal qilgani yaxshi, aks holda toliblar kutishdan charchadi”, — degandi Mulla Yoqub.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 16-avgust kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi (keyinroq oxiriga qadar tekshirilmagani ma’lum qilingan) mamlakat havo makonini ichida 585 nafar afg‘on harbiy xizmatchisi bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot kesib o‘tgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Kuzatuv davomida Embraer-314 va MiG-29 samolyotlari to‘qnashib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududiga qulagan. Oktabr oxirida Afg‘onistonni qayta tiklash bo‘yicha bosh inspektori (SIGAR) hisobotida toliblar tomonidan ag‘darilgan hukumatning Harbiy havo kuchlariga tegishli harbiy samolyotlarning chorak qismi O‘zbekiston va Tojikistonda ekanligi ma’lum qilingandi. “Tolibon” Afg‘onistonni egallagunga qadar mamlakat harbiy aviatsiyasida 160 ta samolyot bo‘lgan.