COVID-19 ga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 15-yanvardan boshlab O‘zbekiston aeroportlarida koronavirusga qarshi majburiy test topshirish joriy etilmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar qildi.

Xususan, 15-yanvardan boshlab Davlat bojxona qo‘mitasi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi xizmati bilan birgalikda O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarning uchib kelish zallarida ekspress-test punktlarini tashkil etadi. Kelgan barcha fuqarolar koronavirus uchun ekspress-test topshirishi kerak. Test sinovidan o‘tish qiymati Markaziy bank kursi bo‘yicha so‘m ekvivalentida 5 dollar miqdorida belgilanadi. Talabalik guvohnomasi bo‘lgan talabalarga 50 foiz chegirma berilsa, I va II guruh nogironlari test sinovlarini bepul topshiradi. Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarning test topshirishi shart emas.

«Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonga kelganlarning barchasi aeroportlarda majburiy ekspress-testdan o‘tkaziladi. Aeroportlar imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, test topshirish zonalari pasport nazoratidan o‘tishdan oldin yoki o‘tgandan keyin tashkil etiladi», — deydi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Javlon Umarxo‘jayev.

To‘lovni amalga oshirib, kvitansiyani olgan yo‘lovchi to‘g‘ridan to‘g‘ri test topshirishga yuboriladi, shundan so‘ng pasportga shtrix-kod yopishtiriladi. Natijalarni olish uchun, taxminan, 15 daqiqa vaqt ketadi. Bu vaqt ichida yo‘lovchi yukini olib, bojxona nazoratidan o‘tishga ulgurishi mumkin. Terminaldan chiqishda shtrix-kod skanerdan o‘tkaziladi va yo‘lovchi tezkor koronavirus testi natijasini oladi. Test ijobiy natija bersa, yo‘lovchi izolyatsiyaga yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, 7-yanvar kuni O‘zbekistonda koronavirusning omikron shtammi aniqlangandi. Shundan buyon koronavirusga chalinganlar soni orta boshladi. 8-yanvar kuni 369 kishida, 9-yanvarda 389 kishida, 10-yanvarda 425 kishida, 11-yanvarda 604 kishida, 12-yanvarda 714 kishida kasallik tasdiqlandi.

Shu sababli Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 15-yanvardan boshlab mamlakatda bir qator cheklovlar joriy etiladi. Jumladan, turli tadbirlar tashkil etish taqiqlanadi, emlanmagan xodimlar ishga qo‘yilmaydi. Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida ta’til davomida koronavirus infeksiyasiga qarshi to‘liq emlash choralari ko‘riladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ish beruvchilardan 20-yanvarga qadar xodimlarni emlashga chaqirishni so‘radi.