Janubiy Koreya mamlakatga tashrif buyuradigan O‘zbekiston fuqarolari sonini qisqartirishi yoki kirishni vaqtinchalik cheklashi mumkin. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, agentlik Koreya Respublikasiga E-9 vizasi bilan jo‘nab ketishga tayyorgarlik ko‘rayotgan fuqarolarga murojaat qilgan. 2021-yil noyabr oyidan Janubiy Koreyaga fuqarolarni vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy tarzda kirib borishi qayta yo‘lga qo‘yilgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 6-yanvar kuni 65 nafar birinchi marotaba shartnomasi kelgan hamda 35 nafar qayta shartnoma bilan kelgan fuqaro vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Janubiy Koreyaga jo‘natilgan.

Fuqarolar mamlakatda tan olingan vaksina bilan emlangani hamda ketishdan 72 soat oldin olingan PZR testi natijasiga ko‘ra COVID-19 infeksiyasi aniqlanmaganiga qaramasdan, Koreya hududida kirib borgan o‘zbekistonliklarda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.

Xususan, 2021-yil 23—30-dekabr kunlari jo‘nab ketgan fuqarolarning 1 nafarida, 2022-yilning 6-yanvar kuni jo‘nab ketgan 98 nafar fuqaroning 6 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Shu sababli Janubiy Koreya tomonidan O‘zbekiston uchun ushbu davlatga kirib boruvchi fuqarolar soni qisqarishi, hattoki, vaqtinchalik to‘xtatilishi kabi cheklovlar qo‘yilishi mumkin.

Yuqoridagi holatlarni inobatga olib, agentlik fuqarolarning mamlakatga cheklovlarsiz kirib borishini ta’minlash maqsadida quyidagi choralarni qo‘llagan:

  • Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan jo‘nab ketishi tasdiqlangan fuqarolar ketishdan oldin jami 3 marta PZR testidan o‘tishlari belgilandi;
  • fuqaroda Koreya Respublikasiga borgach, COVID-19 infeksiyasi aniqlansa, barcha xarajatlar fuqaro tomonidan amalga oshiriladi.