Erkak kishi nafaqat oilaning, balki jamiyat va yurtning posponidir. Ular sabab yurtda xotirjamlik, oilada barqarorlik hukm suradi. 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan shu soha vakillarining oilasida ulg‘aygan va harbiy insonlar bilan oila qurgan san’at vakillari haqida ma’lumot berishga qaror qildik.

Ozoda Nursaidova — podpolkovnikning qizi

Foto: Instagram

Xonandaning dadasi Parpi Nursaidov uzoq yillar ichki ishlar tizimida faoliyat yuritgan. Oilada qat’iyatli, sabrli va mehnatsevar inson bo‘lgani uchun farzandlaridan ham xuddi shu fazilatlar egasi bo‘lishlarini talab qilgan.

— Dadam podpolkovnik darajasiga erishgan, ayni kunlarda esa onam bilan keksalik gashtini surishmoqda, — deydi Ozoda Nursaidova.

Luiza Rasulovani otadan ayirgan halokat

Foto: Instagram / @luiza_rasulova

Aktrisa Luiza Rasulovaning otasi ichki ishlar xodimi bo‘lib ishlagan. Afsuski, Luiza esini endi taniy boshlagan paytda, bir kunda ikki yaqin insoni: otasi va opasidan ayrilgan. Ularning vafotiga avtohalokat sabab bo‘lgan.

Madina Mumtoz mayor otasi bilan faxrlanadi

Foto: Instagram / @madinamumtoz

Aktrisa Madina Mumtozning otasi Bahriddin Musayev uzoq yillar ichki ishlar sohasida faoliyat yuritgan. Aktrisa otasi bilan bog‘liq yorqin xotiralari ko‘pligi va vafotidan so‘ng uni yanada ko‘proq yaxshi ko‘rishini sezganligini yashirmaydi.

— Dadajonim ochiqko‘ngil, kamtar, samimiy va mehnatsevar inson edi. Shu bois umrining so‘nggi kuniga qadar el-yurt ravnaqi uchun xizmat qildi. Mayor Bahriddin Musayevning qizi ekanligimdan hamisha faxrlanaman, — deydi Madina Mumtoz.

Shahlo Zoirova: “Otam harbiy bo‘lishimni istagandi”

Foto: Instagram / @shaxlozoirova_official

“Bravo” kulgi jamoasining a’zosi Shahlo Zoirovaning dadasi  ham ichki ishlar sohasida faoliyat yuritgan. Shu bois u qizining ichki ishlar akademiyasida o‘qishini va harbiy forma kiyishini istagandi. Ammo u kutilmaganda aktrisalikni tanladi.

— Dadam ichki ishlar xodimi bo‘lgani uchun tartibni yaxshi ko‘radi, farzandlarni ortiqcha erkalatmasdi. Bolalikdan kasbiga havas qilganim uchun ikki marta Ichki ishlar akademiyasiga hujjat topshirganman. Afsuski, jismoniy imtihonlardan a’lo baho olib, testdan yiqilganman, — deydi Shahlo Zoirova.

Durdona Qurbonovaning otasi jinoyatchilikka qarshi kurashadi

Foto: Instagram / @durdona_kurbonova

Aktrisa Durdona Qurbonovaning otasi ichki ishlar sohasida faoliyat yuritadi. U uzoq yillardan buyon jinoyatchilikka qarshi kurashmoqda. Balki shu bois u qizi Durdonaning san’atkor bo‘lishini istamagandir.

Vazira Yunusovaga harbiy kuyov izlashgan

Foto: Instagram

Aktrisa Vazira Yunusovaning buvasi To‘ychiamin bobo ham ichki ishlar tizimida faoliyat yuritgan. Shu bois u nabirasi Vazirani ham shu soha vakiliga turmushga bergan.

Vazira Yunusovaning turmush o‘rtog‘i Ibrohim Yusupov bir necha yil ichki ishlar tizimida faoliyat yuritgan. Ayni kunlarda esa huquqshunos bo‘lib ishlamoqda.

Urush qatnashchisining nabirasi

Foto: Nargiza Ro‘ziboyeva arxividan

“Opa-singillar” serialidagi ishtiroki bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Nargiza Ro‘ziboyevaning bobosi Mamayusuf Mirboboyev Ulug‘ vatan urushi qatnashchisi bo‘lgan. Aktrisa bobosi bilan bog‘liq voqealarni quyidagicha bayon qildi.

— Bobom qattiqqo‘l va mehnatsevar inson edi. Adashmasam, 60 yil bog‘dorchilik brigadasida rahbar bo‘lib ishlagan. Bobom 2014-yil 90 yoshida olamdan o‘tdi, — deydi aktrisa Nargiza Ro‘ziboyeva.

Harbiy inson bilan oila qurgan 

Foto: "Daryo" / Dilruh Isomiddinova

“Tutash taqdirlar” serialidagi raqqosa qiz rolini ijro etgan Nafisa Mamadiyorova ham harbiy inson bilan oila qurgan. Hozirda ularning bir o‘g‘il va bir qizi bor.

— Turmush o‘rtog‘im A’zamjon Mamadiyorov harbiy sohada faoliyat yuritadi. Shu bois men ham salkam harbiy bo‘lib qolganman. Chunki bu soha vakillari aniq reja asosida ish qilishadi, — deydi Nafisa Mamadiyorova.