Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Mirobod tumanida bir nechta daraxtlarning tagi asfaltlab ketilgani aks etgan suratlar tarqaldi. “Daryo” muxbiri holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazib, shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Otabek Qosimovdan izoh oldi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

U Kichik Beshyog‘och ko‘chasida sodir bo‘lgan holatni tasdiqladi. Qosimovning so‘zlariga ko‘ra, daraxtlarning tag qismi asfaltlab ketilganiga ancha bo‘lgan. Ammo aynan qaysi sanada va kim tomonidan qilingani noma’lum.

Foto: “Daryo”

“Bu holat, shubhasiz, to‘g‘ri emas. Daraxt chetlari ochiq bo‘lishi kerak. Norma bo‘yicha 1 metr, kamida yarim metr masofa bo‘lishi lozim. Obodonlashtirish ishlarini olib borayotganda shunday qoplab ketilgan. Holatni bugunning o‘zida bartaraf qilamiz. Daraxtlarni kim asfaltlagani aniqlanadi va ularga qonunda belgilangan jarima choralari ko‘riladi. Lekin bu holatga ancha bo‘lgan, kamida bir yil”, — deydi Otabek Qosimov rasmiy izohda.

Foto: “Daryo”

“Daryo” surishtiruvidan so‘ng, daraxtlar tagidagi asfalt olib tashlanib, holat bartaraf etilgan.