“Daryo” turli sohalarda katta yutuqlarga erishgan taniqli insonlarning onalari bilan suhbatlashish maqsadida “Mashhurlarning onasi” loyihasini boshlashga qaror qildi. Loyihaning ilk sonida 2021-yilning 28-dekabr kuni Polshaning Varshava shahrida bo‘lib o‘tgan shaxmat bo‘yicha jahon chempionatining rapid yo‘nalishida g‘oliblikka erishgan 17 yoshli grossmeyster Nodirbek Abdusattorovning onasi Marziya Ochilova bilan suhbatlashish niyatida ularning xonadoniga tashrif buyurdi.

— Marziya opa, o‘g‘lingizning yaqinda Polshada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida g‘oliblikka erishgani bilan tabriklaymiz. O‘sha paytda ko‘nglingizdan nimalar kechgani biz uchun qiziq.

— His-hayajon, albatta, bo‘ldi. Chunki bu jahon chempionatida dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirok etdi. Nodirbek rapid yo‘nalishi bo‘yicha 59-start olgan bo‘lsa, blits yo‘nalishida 25-start oldi. Lekin oxirgi natijalariga ko‘ra, yaxshi o‘ynadi.

Nodirbek Abdusattorovning onasi Marziya Ochilova

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

Varshavadan oldin Ispaniyada o‘tkazilgan ikkita xalqaro musobaqada ham qatnashib, ikkalasidayam birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. U yerda ancha malaka oshirgani Polshadagi jahon chempionatida katta yordam bo‘ldi va g‘alaba qozondi.

Varshavadagi o‘yindan keyin Italiyada bo‘ladigan ochiq turnirga borishimiz kerak edi. Ammo farzandim rapid yo‘nalishida g‘olib bo‘lganidan so‘ng u musobaqani bekor qilib, Toshkentga qaytdik.

— O‘g‘lingiz shaxmatga qiziqishiga nima sabab bo‘lgan? Uning tanlovi sizlarni ikkilantirganmi hech?

— Oilaviy muhit tufayli shu sport turini tanlagan. Dadasi shaxmatni yaxshi o‘ynaydi va tushunadi, o‘quvchilik davrida ham musobaqalarda qatnashgan. Keyinchalik farzandlarimizga ham o‘rgatdi. Boshida katta o‘g‘limiz Humoyun, vaqt o‘tib qizimiz Bahora shaxmat o‘ynay boshladi.

Nodirbek Abdusattorovning oila a’zolari

Foto: Turizm va sport vazirligi axborot xizmati

Ularni shaxmat to‘garagiga olib borgan kezlarimiz Nodirbekni bog‘chaga berardik. Humoyun va Bahora bilan to‘garakdan qaytgunimizcha, kenjamni bog‘chadan olishga kechikib ketardik. Keyinroq Nodirbekni ham o‘zimiz bilan birga to‘garakka olib ketadigan bo‘ldik. U yerdagi o‘g‘il-qizlarning harakati, o‘yinlarini ko‘rib, o‘ziyam taqlid qilardi. Unga hech kim shaxmat donalarini ko‘rsatib, qanday yurish kerakligini o‘rgatmagan. Hammasini o‘zi o‘rganib, harakat qilgan.

Nodirbekning qiziqishini ko‘rgan birinchi murabbiyi Ravshan Shukurov u bilan ham jiddiy ishlash niyati borligini bildirdi. Boshida haftada 3 kun mashg‘ulotlar o‘tilgan bo‘lsa, keyinchalik har kuni ikki mahaldan darslarga qatnadik. Shu tariqa o‘zimiz ham shaxmatga jiddiy kirishib ketdik, farzandlarimiz erishgan natijalarini ko‘rib, yana harakat qila boshladik.

Foto: “Sof.uz”

Nodirbek besh yoshida O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Osiyo, jahon chempionatlarida ham ishtirok etdi. Har musobaqaga borganida, kamida birinchi uchtalikka kirib kelardi. Chet elga chiqqanida, o‘z vaqtida ovqatini yeb, barvaqt uxlashi kerak. Shunga keyin o‘zim birga boradigan bo‘ldim. Agar bola vaqtida uxlamasa, ovqat yemasa, yaxshi natija ko‘rsatmaydi. Nodirbekning yonida yurib, yeb-ichishi va uyqusini nazorat qilib bordim. Murabbiyi mashg‘ulotlar o‘tkazib, tayyorlardi, o‘g‘lim esa o‘ynardi. Mehnatlarimiz sabab oxiri jahon chempioniga aylandi.

— Demak, Nodirbekning xorijda hamrohi ko‘proq siz bo‘lasiz, shundaymi?

— Ha, shunaqa. Masalan, chet elga bir o‘zini yuborsangiz, bola-ku, u yerda baribir chalg‘iydi. Hozir internet o‘yinlari ko‘p. O‘zbekistonda turib, o‘g‘lim xorijda nima qilayotganini bilmaymiz. Shuning uchun unga qo‘shilib, birga boraman. Mehmonxonadan oshxonasi bor xonani olib, vitaminlarga boy milliy taomlarimizni tayyorlab beraman. Uyimizdagi muhitni yaratishga harakat qilaman.

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

— Katta farzandlaringiz ham shaxmatdagi faoliyatini davom ettiryaptimi?

— To‘ng‘ich o‘g‘lim ham shaxmatni yaxshi o‘ynardi. Lekin keyinchalik harbiylikka qiziqib, shu sohani tanladi. Qizim Bahorani ham Nodirbek bilan birga musobaqalarga olib chiqardim. U 2013-yil jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan. Ammo borgan sari ikki farzand uchun sarflanadigan xarajatlar miqdori ortib bordi. Bitta oiladan uch kishining xorijga chiqib-kelishi, mehmonxonada turishi, yeb-ichishi uchun ko‘p mablag‘ ketardi. Moddiy tomondan qiynala boshladik.

Foto: Sputniknews

Keyin Bahoraga vaziyatni to‘g‘ri tushuntirib, bor e’tiborni Nodirbekka qaratishga qaror qildik. Uning ko‘rsatayotgan natijalari dunyodagi boshqa tengdoshlarinikidan ancha kuchli edi, reytingini saqlab qolishga kirishdik. Qizim ham oilaviy ahvolimizni to‘g‘ri tushunib, “Mayli, Nodirbek g‘alaba qozonsa, xuddi o‘zim yutgandek xursand bo‘laman”, deb shaxmatdan biroz chekindi. Agar o‘sha vaqtda Bahorani ham qo‘llab-quvvatlaganimizda, ukasi kabi shu darajaga yetardi. Lekin mablag‘ yetkaza olmaganimiz uchun qizim biroz chekingan. To‘g‘risi, bundan afsuslanamiz. Ammo o‘shanda oilamizda faqat turmush o‘rtog‘im ishlab, daromad topardi, xolos.

— Tushunishimcha, Nodirbekning homiysi faqat dadasi, to‘g‘rimi?

— Turizm va sport vazirligi hamda Shaxmat federatsiyasi ham e’tibor qaratadi. Ular Osiyo va jahon chempionatida ko‘maklashadi. Shunday bo‘lsa-da, baribir boshqa xarajatlar ham bo‘ladi va o‘z hisobimizdan qoplaymiz. Xalqaro musobaqalarga esa oilaviy mablag‘imizga kuchimiz yetganicha boramiz. Bunday  musobaqalarga borishdan maqsad — tajriba oshirish va grossmeysterlik talabini bajarish.

Nodirbek Abdusattorov shaxmat bo‘yicha xalqaro grossmeyster Rustam Qosimjonov bilan. 2012-yil

Foto: Husniddin Ato

Shu o‘rinda alohida aytishim kerakki, Nodirbekka ikki-uch yil bir sug‘urta kompaniyasi homiylik qildi. Ularga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Ularning yordami bilan bir qancha xalqaro musobaqalarda yaxshi natija ko‘rsatdi, grossmeysterlik talabini bajardi.

— Farzandingizning bir yillik xarajati qanchani tashkil etadi?

— Katta sportga katta mablag‘ ketadi. Har bir murabbiyning o‘z talablari bor. Xorijdan murabbiy chaqirsangiz, albatta, ko‘p haq oladi. Masalan, Volagen bilan bir haftalik darsi uchun 4 ming dollar atrofida pul ketgan.

— O‘g‘lingiz adolatsizliklar, moddiy qiyinchiliklarga uchraganda, shaxmatni tark etish fikriga kelganmi hech?

Foto: Husniddin Ato

— Bunday fikr hozir ham bo‘ladi. Sportchi ruhan va jismonan kuchli bo‘lganida, juda yaxshi o‘ynaydi. Shunday paytlarda bizam qancha pul ketsa qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo omadsizlik paytlari, yutqazib qo‘yganida, shaxmatni tashlagisi keladi (kuladi). Bu sport-ku, har doim ham g‘alaba qozonmaydi. Ana shunday damlarda unga dalda bo‘lib, “Sportda bugun yutqazsang, ertaga yutasan. Har bitta mag‘lubiyating senga dars bo‘lsin, ertangi o‘yining uchun saboq bo‘lsin”, deb tushuntiraman, ruhini ko‘tarishga harakat qilaman.

— Nodirbekning fikr-u xayoli, harakatlari faqat shaxmat bilan bog‘liqmi yoki boshqa sport turlari bilan ham shug‘ullanadimi?

— Rus va ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirdi. Hozir arab tilini o‘rganyapti. To‘rtinchi til sifatida fransuzcha yoki ispanchani o‘rganishni rejalashtiryapmiz. Sportning boks turi bilan shug‘ullanadi, suzishga ham olib boraman. Bundan tashqari, har kuni oilaviy ikki soat jismoniy mashqlar bajaramiz.

— Nima uchun ko‘proq siz vaqt ajratasiz farzandlaringizga?

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

— Turmush o‘rtog‘im harbiy bo‘lgani bois ko‘p vaqti ishxonada o‘tardi. Shuning uchun farzandlarning o‘qishi, mashg‘ulotlarga olib borish, xalqaro musobaqalar uchun hujjatlar tayyorlashni qo‘ldan kelganicha o‘zim qilardim. Keyin bu kabi jarayonlardan qiynalganim uchun umr yo‘ldoshim nafaqaga chiqdi. Hozir birgalikda harakat qilyapmiz.

— Bugun ko‘p yoshlarning vaqti ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa, tik-tok platformasida o‘tadi. Ularni shaxmatga qiziqtirish borasida nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

— Bolani kichkinaligidan nimaga ishtiyoqi borligini ota-ona bilsa bo‘ladi. Nodirbekning shaxmatga nisbatan qiziqishi borligini sezganman. Murabbiylari ham bir ko‘rishda bundan jahon chempioni chiqishini sezishgan. Chunki bolaligida ham xotirasi kuchli, harakatchan edi.

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

Internet rivojlangan, kompyuter o‘yinlari ko‘paygan hozirgi davrda bolani tarbiyalash juda qiyin. Ota-ona har doim nazorat qilib turishi kerak. O‘zim ham nazoratni hech qachon tashlab qo‘ymayman. Boradigan joylarimdan, bayram, to‘ylardan voz kechaman. Bolalarimga ko‘proq vaqt ajratishga harakat qilaman.

— Kelajakda Nodirbekka O‘zbekistonda e’tibor berilmay qolsa, u faoliyatini boshqa davlat nomidan davom ettirishi mumkinmi?

— Shaxmatni 2008-yildan boshlagan bo‘lsak, shu vaqtgacha juda ko‘p qiyinchiliklar bo‘ldi, boshqa davlatlardan takliflar tushdi. Hatto xorijdan uylar, katta stipendiyalar, mukofot pullari taklif qilindi. Lekin ularga qiziqmadik. Nodirbekning o‘zi ham rozi bo‘lmagan, “Hech qachon chet davlat foydasiga o‘ynamayman. Boshqa mamlakatda yashasam ham O‘zbekiston uchun o‘ynayman”, deydi.

— O‘g‘lingizni Polshada qo‘lga kiritgan g‘alabasi vatandoshlarimizni behad quvontirdi. Ammo u va boshqa shaxmatchilar aeroportda munosib kutib olinmagani tanqid hamda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu holatga sizning munosabatingiz qanday?

Foto: FIDE

— O‘zimiz ham dabdaba bilan kutib olinishini xohlamagandik. Chunki bayram kunlari, yarim kechasi soat 02:00 edi. Lekin keyin chiroyli tadbir qilib berildi.

— O‘zbekistonda sportchilarni tadbirma-tadbir olib yurish, ularning rejalariga o‘zgartirish kiritish holatlari ko‘p bo‘ladi. Bu boradagi fikrlaringizni ham bilmoqchi edik.

— Xafa qilmaslik uchun iloji boricha asosiy tadbirlarga boramiz. Lekin dars va shaxmat mashg‘ulotlariga to‘g‘ri kelib qolgan tadbirlarga taklif etishsa, rad javobini beramiz. Ba’zilar bundan norozi bo‘lib, nazariga ilmadi, hurmat qilmadi, deydi. Aslida unday emas. Zarur ishlarini tashlab, tadbirlarga borsa, baribir chalg‘iydi.

Nodirbek Abdusattorov O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov bilan. 2012-yil

Foto: Husniddin Ato

— Farzandini shaxmat to‘garaklariga bermoqchi bo‘lgan ota-onalarga yoki shu sport turiga qiziqayotgan yoshlarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?

— Shaxmatni boshlagan paytlarda bir, ikki yil natija bo‘lmasligi mumkin. Ko‘p ota-onalar shu muddat ichida natija ko‘rinmagach, bolasini mashg‘ulotlarga olib borishni to‘xtatadi. Ammo berilgan vazifalarni vaqtida bajarish kerak, qiyinchiliklarni yengish lozim. Shundagina ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin.

Shaxmat bilan faqat g‘olib bo‘lish uchun shug‘ullantirish kerak emas. Bu sport bolaning maktabda yaxshi o‘qishi, zehnining o‘tkir bo‘lishi, eslab qolish qobiliyatining o‘sishi, mustaqil qaror qabul qilishida katta o‘ringa ega, yaxshi tomonlari ko‘p.

Nodirbek Abdusattorov ota-onasi bilan

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Yutuqlar qiyinchiliklarsiz qo‘lga kiritilmaydi. Nodirbekni kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlarga olib borardim. Tushlikdan keyingi mashg‘ulotdan juda kech qaytardik. O‘g‘lim charchaganidan avtobuslarda uxlab qolardi. Uni bekatdan uygacha ko‘tarib kelardim. Shu kabi qiyinchiliklarni boshdan kechirib, yengib o‘tganmizki, Alloh yutuqlarga erishtiryapti. Qiyinchiliklarsiz bir narsaga erishib bo‘lmaydi.

— Davlat rahbarining farmoniga ko‘ra, Nodirbekka ikki xonali uy sovg‘a qilindi va “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Yangi xonadonga ko‘chib o‘tishni reja qilgandirsizlar?

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

— Xudo xohlasa, ko‘chib o‘tamiz. Fursatdan foydalanib, e’tibor va mukofotlar uchun yurtboshimizga rahmat aytaman. Farzandimning murabbiylari hamda iliq tilaklar bildirgan shaxmat muxlislaridan ham minnatdorman. Shaxmat federatsiyasi va vazirlik rahbariyatining ham katta hissasi bor.