Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati perinatal markazi hovlisida o‘ndan ortiq daraxt kesib tashlangani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlarda daraxtlarni kesish viloyat hokimi buyrug‘i asosida amalga oshirilgani aytilgan. Holat yuzasidan viloyat hokimligi bayonot berdi.

Foto: Telegram / Jurnalist Shokirjonov

Qayd etilishicha, hozirgi kunda viloyat perinatal markazida keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

“Qurilish loyihasiga ko‘ra, hozirgi kunda hududda 180 dan ortiq manzarali daraxt va ko‘chatlar ekish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, hech kim daraxtlarni kesib tashlash to‘g‘risida buyruq bermaganini ma’lum qilamiz.

Yuqorida keltirilgan holat viloyat hokimligi tomonidan alohida nazoratga olindi. Hududda qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda, aybdorlarga qonuniy jazo choralari ko‘rilishi va bu haqda batafsil axborot berilishini ma’lum qilamiz”, – deyiladi bayonotda.

Foto: Telegram / Jurnalist Shokirjonov

Foto: Telegram / Jurnalist Shokirjonov

Foto: Telegram / Jurnalist Shokirjonov

Bundan tashqari, Davlat Ekologiya qo‘mitasi holat yuzasidan ekologiya boshqarmasi va IIB mas’ul xodimlari tomonidan tezkor o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

Dastlabki surishtiruv natijalariga muvofiq, mazkur hududdagi daraxtlarni kesishga qonunchilikda belgilangan tartibda ekologiya organi xulosasi va ruxsatnoma berilmagan.

Mazkur qurilish obyekti Davlat investitsiya dasturiga kiritilgan bo‘lib, tashkilot rahbariyati tomonidan uning hududidagi daraxtlarni kesishga ruxsatnoma olish uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilingan. Lekin ushbu murojaat natijasini kutmasdan, qonunga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan bugun tunda ushbu mudhish huquqbuzarlik holati sodir etilgan.