Rossiya Ukraina hukumati veb-saytlariga uyushtirilgan kiberhujumlarga aloqador emas, dedi Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Kreml vakilining CNN telekanaliga bergan intervyusidan parcha Twitter’ga joylangan.

Foto: “RIA Novosti”

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Kreml vaziyatdan OAV orqali xabar topmoqda va buni yana bir asossiz ayblov, deb hisoblaydi. “Biz buni Rossiyaga qarshi asossiz ayblovlarning davomi deb bilamiz. Ukrainaliklar hamma narsada, hatto ularda ob-havo aynisa ham bunga Rossiyani ayblashiga deyarli o‘rganib qolganmiz”, — dedi Rossiya prezidentining matbuot kotibi.

Uning ta’kidlashicha, AQSh hukumati dalillar keltirmas ekan, Moskva Ukrainada provokatsiya chiqarishga tayyorgarlik haqidagi ayblovlarni yolg‘on deb biladi. “Bilasizmi, biz soxta ayblovlar va soxta xabarlar dunyosida, yolg‘onlar dunyosida yashaymiz. Bu qandaydir tarzda biror narsa bilan isbotlanmaguncha, ko‘zga ko‘rinadigan yoki aniq narsa bilan tasdiqlanmaguncha, ushbu xabarlarni soxta, ayblovlarni yolg‘on deb hisoblashda davom etamiz”, — dedi Kreml matbuot kotibi.

Peskov AQSh va NATO bilan muzokaralar haqida fikr bildirar ekan, tomonlar “birozgina o‘zaro tushunishga” erishgan bo‘lsa-da, ular “butunlay boshqa-boshqa tomonda” qolayotganini va bu “tashvish uyg‘otayotganini” ta’kidladi.

14-yanvarga o‘tar kechasi Ukraina hukumati veb-saytlariga keng ko‘lamli xakerlar hujumi uyushtirildi. Ukraina xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, jami 70 ga yaqin veb-saytlar, jumladan, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi va Ta’lim vazirligi manbalari ham hujumga uchragan. Shu bilan birga, hech qanday ma’lumot o‘g‘irlanmagan, kontent buzilmagan, saytlarning ishi bir necha soat ichida tiklangan.

Ukraina hukumati va ularning ittifoqchilari kiberhujumni kim amalga oshirganini hozircha to‘g‘ridan to‘g‘ri e’lon qilmagan, biroq bu Rossiya maxsus xizmatlari bilan aloqador xakerlarning ishi bo‘lishi mumkinligiga shama qilgan. Voqea yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.