Andijon viloyati perinatal markazi hovlisida o‘ndan ortiq daraxt viloyat hokimi buyrug‘i asosida kesib tashlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mazkur holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

15-yanvar kuni Andijon Obodonlashtirish boshqarmasi viloyat perinatal markazi hududidagi 12 ta daraxtni kesib tashlagan. Viloyat hokimligi daraxtlar Andijon hokimi Shuhrat Abdurahmonovning buyrug‘i bilan kesilganini rad etgan.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Andijon shahar Perinatal markazi hududida 12 tup Eldor qarag‘ayi daraxtlari moratoriy talablariga zid ravishda noqonuniy kesilgan. Eldor qarag‘ayi (Pinus eldarica) “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining ro‘yxati”ga juda chiroyli manzarali daraxt sifatida kiritilgan.

Dastlabki o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, hududdagi daraxtlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda atrof-muhitni muhofaza qilish organi bilan kelishilmagan hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining xulosasi va ruxsati olinmagan.

“Mazkur qurilish obyekti Davlat investitsiya dasturiga kiritilgan bo‘lib, tashkilot rahbariyati tomonidan uning hududidagi daraxtlarni kesishga ruxsatnoma olish uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilingan. Lekin ushbu murojaat natijasini kutmasdan, qonunga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan bugun tunda ushbu mudhish huquqbuzarlik holati sodir etilgan”, — deyiladi xabarda.

O‘rganishlar davomida kesilgan daraxtlarning diametr o‘lchamlari 12 santimetrdan 40 santimetrgacha ekani, daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish natijasida o‘simlik dunyosiga ko‘p miqdorda zarar yetkazilgani qayd etilgan.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

“Mazkur huquqbuzarlik holati bo‘yicha hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etiladi”, — deyiladi qo‘mita bayonotida.

Avvalroq O‘zbekistonda noqonuniy daraxt kesish holatlarini foto va videotasvirga olib jo‘natgan fuqarolarga pul to‘lanishi xabar qilingandi. Fuqarolar har bir tasdiqlangan holat bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining bir baravariga teng mablag‘ bilan rag‘batlantiriladi. Shuningdek, mamlakatda daraxt kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan.