“Daryo” muxbiri Nargiza Murodova aktrisa Bahora Arslonova bilan intervyu tashkil qildi. Aktrisa intervyu davomida dadasining uchta ayoli borligini, kundoshlar bir-biri bilan ahil yashashini, ikkinchi xotin mavzusidagi intervyudan keyin unga ko‘plab qiz-ayollar murojaat qilishgani haqida gapirdi.

Uchta onam borligini hech qachon yashirmaganman. Ular alohida-alohida uyda yashashsa-da, bayram kunlari bir uyga yig‘ilishgan. Uchta onam ham bir-birini yaxshi tanigan. Hatto, tuqqan onam bilan uchinchisi bir-biri bilan yaqin dugona bo‘lib ketishdi. Garchi otam olamdan o‘tgan bo‘lsa-da, haligacha onalarim bir-biri bilan bordi-keldi qilishadi. To‘y-tantana bo‘lsa, hamma borini o‘rtaga tashlaydi.

Intervyularimning birida ikkinchi xotinlikka qarshi emasligim haqida aytganimdan so‘ng erimga nomzod xotinlar ko‘payib ketdi. Hatto, Instagram profilim “Bahoraxon, meni eringizga olib bermaysizmi?” degan yozishmalarga to‘lib ketdi.

Avvalo, ikkinchi xotinni olish erkak kishining o‘ziga bog‘liq. Intervyuda qiynalib qolgan ayol bo‘lsa dedim, yosh qizni ikkinchi xotin qilib olsa, bu manfaat yuzasidan uylangan bo‘lib qolmaydimi? Turmushdan ajrashgan yoki yosh bolalari bilan beva qolgan ayollarga uylansa, bo‘ladi, degan ma’noda gapirgan edim. Turmush o‘rtog‘im ham shu gapimga yopishib olib, telefoniga ham yozib olgan. Har kuni “Ikkinchi xotin olsam bo‘ladimi? Mana bu qiz zo‘r ekan”, deyaveradi.

Oxiri jonga tegdingiz, o‘z manfaatingizni o‘ylamang. Qiynalib qolgan ayolga yordam berish ma’nosida uylaning, dedim. Shunday bo‘lganda ham siz men bilan yashaysiz va unga yordam berib turasiz, deganimdan keyin rosa kuldilar.

Bahora Arslonova, aktrisa

Suhbatni to‘liq holda “Daryo”ning YouTube’dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.