Kanada hukumati Rossiya—Ukraina chegarasidagi vaziyatning keskinlashuvi sabab o‘z fuqarolariga Ukrainaga rejalashtirilgan safarlarini qoldirishni maslahat bermoqda. Bu boradagi tavsiya mamlakat hukumatining saytida e’lon qilingan.

Foto: Global Look Press

“Biz Rossiyaning davom etayotgan tajovuzkorligi va mamlakat ichida hamda o‘z atrofida harbiy kuchlarni oshirayotgani bois Ukraina uchun xavf darajasini ‘muhim bo‘lmagan sayohatlardan qochish’ga o‘zgartirdik”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli ushbu hafta Kiyevga tashrif buyurib, Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal bilan uchrashadi. Uchrashuv Rossiyaning “tajovuzkorona harakatlari” fonida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash belgisi hisoblanadi.

Ta’kidlanishicha, ko‘plab ukrainaliklar istiqomat qiladigan Kanada 2014-yilgi voqealardan so‘ng, Rossiyaga nisbatan keskin pozitsiyani egallagan.

Mamlakat bosh vaziri Jastin Tryudo Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan gaplashib, “Ukrainaga nisbatan amalga oshirilgan har qanday harbiy bosqinchilik jiddiy oqibatlarga, jumladan, kelishilgan sanksiyalarga olib kelishini ta’kidlagan”.

14-yanvar kuni AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Amerika razvedkasi Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bosqinlarni amalga oshirish uchun mamlakatga qarshi provokatsiya tayyorlayotgani to‘g‘risida ma’lumotlarga egaligini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 13-yanvar kuni “Interfaks” Pentagon rahbari Lloyd Ostin Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov bilan muzokara o‘tkazgani haqida xabar berdi, ular Rossiya–Ukraina chegarasi yaqinida Rossiya qo‘shinlarining to‘planishi masalasini muhokama qilgan.

Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ukrainalik hamkasbi bilan Rossiyaning Ukraina yaqinida harbiy jihatdan sababsiz va davomli kuchayishini muhokama qilgan. Ostin AQShning Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini, jumladan, mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlagan.

Shuningdek, tomonlar keskinlikni yumshatish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashi va yaqindan hamkorlikni davom ettirishga intilishini bildirgan.